Yoshlarga e’tibor –kelajakka e’tibor
Muallif: Админ
Sana: 05.02.2020
390

O‘zbekistonning mehnatga layoqatli aholisining
katta qismini yoshlar tashkil qilar ekan, yoshlar
masalasiga hech qachon befarq qarab bo‘lmaydi.
“Agar mendan sizni nima qiynaydi?”deb
so‘rasangiz, farzandlarimizning ta’lim
va tarbiyasi deb javob beraman.
Shavkat Mirziyoyev

Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim-yoshlar. Mayli yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin, lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan.
Ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi, global dunyoda raqobatning ortishi sharoitida har bir davlat va jamiyatning bu jarayonda raqobatbardoshligi yoshlarning intellektual rivoji hamda ularning iste’dodi va qobiliyatlarini to‘liq amalga oshirishga e’tibor berishga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun bu masala har doim davlatlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan barcha strategiyalarda aks ettirilgan. O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham bu borada istisno bo‘lmadi. Unda alohida bo‘lim davlatning yoshlar siyosatini takomillashtirishga bag‘ishlangan. U O‘zbekistonning 10 million fuqarosi yoki mamlakat aholisining 31 foizini tashkil etuvchi yoshlarga nisbatan davlat siyosatining samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalarni qamrab oladi.O‘tgan yaqin yilda yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 20 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.
Mamlakatimizda markaziy va mahalliy hokimlik idoralari, deputatlar korpusi, sud-huquq sohasi rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib borishi ijobiy an’anaga aylanib bormoqda. Bunday muloqot va uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan ko‘pgina muammolar joyida hal etilmoqda, ularga amaliy yordam, malakali maslahat va yo‘llanmalar berilmoqda. Bu borada yosh, istiqbolli kadrlar uchun tajriba va mahorat maktabini o‘tayotgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi saflarida toblangan, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga, yetakchilik salohiyatiga ega bo‘lgan ko‘plab yoshlar vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va banklar, xo‘jalik birlashmalariga mas’ul lavozimlarga tayinlanayotgani hayotimizga yangicha ruh va mazmun bag‘ishlamoqda. Bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Aqlli shahar” kabi keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishda aynan ana shunday tashabbuskor, har bir masalaga yangicha yondashadigan o‘g‘il-qizlarimiz faol ishtirok etayotgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi.
Jonajon Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda o‘z mehnati, tashabbuskorligi va ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘layotgan azmu shijoatli yoshlarimiz uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etilganligi borligi barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. O‘tgan bir yil mobaynida o‘g‘il-qizlarimizdan 266 nafari respublika, 80 nafari xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘lgani, sportchilarimizdan 12 nafari jahon, 93 nafari Osiyo chempionatlarida, 150 nafardan ziyodi xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilganini ana shunday ezgu ishlarimizning dastlabki natijalari sifatida qabul qilamiz. Yoshlarimizning milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun ta’lim-tarbiya sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari, Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek maktablari, atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablari tashkil etilgani unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Biz bu boradagi ishlarni kelgusida ham albatta izchil davom ettiramiz. Xususan, iqtidorli yoshlarimizni dunyoning eng yetakchi universitetlari, ilmiy markazlarida davlat homiyligida o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha samarali tizim yaratish – oldimizda turgan muhim vazifadir. Yoshlarni, yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi ham biz uchun eng muhim va ustuvor yo‘nalishga aylanib bormoqda. Bu borada mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Yoshlar uylarini barpo etish dasturi hayotga izchil joriy etilayotganini ta’kidlash lozim. Xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik va oliyjanoblik fazilatlaridan kelib chiqib, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, o‘z qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan yoshlarni kechirish va tinch hayotga qaytarishga yurtimizda katta e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday amaliy ishlar tufayli yuzlab yoshlar – O‘zbekiston fuqarolari ota-onasi, oilasi bag‘riga qaytgani jamiyatimizda sog‘lom ijtimoiy muhitni, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Shuning uchun biz chet ellarda turli sohalarda yutuqlarga erishgan vatandoshlarimiz tashabbusi bilan “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tuzilganini qo‘llab-quvvatlaymiz. Xorijiy davlatlarda o‘qib, mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimiz, birinchi navbatda yoshlarimizning bilimi va imkoniyatlarini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida birlashtirish biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga to‘la javob beradi.Ta’kidlash joizki, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy hayotda yoshlarning faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biz – barchamiz, qayerda bo‘lmaylik, yagona O‘zbekiston farzandlari ekanimizni anglab, shu buyuk tuyg‘uni e’zozlab yashasak, albatta kam bo‘lmaymiz.
Sh.Mirziyoyev nutqlari asosida tayyorlandi .
O‘tkir Xoshimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti yoshlar yetakchisi

Админ