​“Xatmul kutub”
Muallif: Админ
Sana: 25.01.2020
86

“Albatta, biz uni arabcha Qur’on qildik. Shoyadki, aql yuritsangiz”. (Zuxruf 3-oyat)

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining jonkuyar yosh pedagoglaridan Alibek domla To‘xtayevning sa’y – harakati bilan 1-kurs A guruhida qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, 2019-2020 o‘quv yilining birinchi yarim yilligida talabalar sarf, shifohiya va mabda’ ul-qiroat kitoblarini to‘liq xatm qildilar.
Shu munosabat bilan joriy yilning 23 yanvar kuni bilim yurtida «Xatmul kutub» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari O‘. Mahmudovlar ishtirok etishdi.
Bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov guruh talabalarini «Xatmul kutub» munosabati bilan muborakbod etib, Respublikamizda so‘ng sharq tillarini, xususan, arab tilini o‘rganishga katta ahamiyat berila boshlangani, hozirgi kunda arab tili mamlakatimizdagi bir qancha oliy ta’lim dargohlarida ham o‘qitilib kelinayotgani shuningdek, arab tiliga ixtisoslashgan maktablar ham mavjudligini aytib, talabalarga arab tilini mukammal o‘rganish lozimligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng guruh talabalariga ustozlari boshchiligida ezgu an’anani davom ettirgan holda arab tilining otasi hisoblanmish Durusun nahv kitobidan dars boshladilar. Bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov tabarrukan mazkur kitobni o‘qib boshlab berdilar.
Tadbir so‘ngida xatmi Qur’on o‘qilib, bilim yurtida xizmat qilgan marhum ustozlar va kitoblar muallifining haqlariga bag‘ishlandi. Shuningdek, bilim yurti mudiri tomonidan mazkur guruh talabalariga kitoblar hadya qilinib, keyingi o‘qishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lishini tilab duolar qilindi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunga kelib arab va unga yaqin tilda muloqot qiluvchilar soni 300 millionni tashkil etadi. Ulardan 240 millioni uchun arab tili ona tilidir, 50 million kishi esa ikkinchi til sifatida ishlatadi. Butun dunyo musulmonlari uchun arab tili Qur’on tili bo‘lib hisoblanadi.
Xozirgi kunda arab tili Respublikamizning Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida va o‘rta maxsus Islom bilim yurtlarida asosiy fan sifatida o‘qitilsa, O‘zbekiston Milliy universiteti va Jahon tillari universitetining barcha fakultetlari, Toshkent Davlat pedagogika universitetining filalogiya va tarix fakultetlarida ham o‘qitilib kelinmoqda. Shuningdek, arab tiliga ixtisoslashgan maktablar ham mavjud.

Bilim yurti matbuot xizmati

Админ