«Xatmul kutub»
Muallif: Админ
Sana: 13.01.2020
79
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining malakali o‘qituvchisi Abbosxon Qosimovning sa’yi harakati bilan 3-kurs b guruhida Aqoid fanidan qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, aqida borasidagi ishonchli matnlardan bo‘lmish Sirojiddin O‘shiyning Bad’ul amoliy kitobiga yozilgan Mulla Ali Qorining Zav’ul ma’oliy asari an’anaga muvofiq qisqa muddatda o‘qib tugatildi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 13 yanvar kuni bilim yurtida «Xatmul kutub» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov guruh talabalarini «Xatmul kutub» munosabati bilan muborakbod etdi. Shuningdek, aqida ilmining asosiy maqsadi to‘g‘ri aqida bilan ikki dunyo saodatini hosil qilish ekanligini aytib, talabalarga bu ilmni yanada mukammal o‘rganish lozimligini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng guruh talabalariga ustozlari boshchiligida ezgu an’anani davom ettirgan holda Imom A’zam rohmatullohi alayhning kalom ilmiga tamal toshini qo‘ygan «Fiqhul akbar» kitobining sharhlaridan biri bo‘lmish Mulla Ali Qori rohmatullohi alayhning Minahu rovzil azhar sharhu fiqhil akbar” (“Fiqhul akbar”ning sharhi haqida chamanzor hadyalari) deb nomlagan kitobidan dars boshladilar. Bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov boshchiligida barcha ustozlar ushbu kitobni talabalarga tushunishlik oson bo‘lishini Allohdan so‘rab duo qildilar.
Tadbir so‘ngida xatmi Qur’on o‘qilib, bilim yurtida xizmat qilgan marhum ustozlar va kitob muallifining haqlariga bag‘ishlandi. Shuningdek, bilim yurti mudiri tomonidan mazkur guruh talabalariga muborak zam-zam suvi hamda kitoblar hadya qilinib, keyingi o‘qishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lishini tilab duolar qilindi.

Bilim yurti matbuot xizmati

Админ