"Q A Y N O N A"
Muallif: Админ
Sana: 17.02.2018
918

Ota-ona ulug‘ zot, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Jannat – onalarning oyog‘i ostidadur», deganlar. Musoviya ibn Hayyida (r.a.) Rasulullohdan «Yaxshiligimni kimga qilsam bo‘ladi?» deb so‘raganlarida, uch martagacha «Onangga», deganlar va to‘rtinchi marotaba so‘raganlarida, «Otangga va yaqin bo‘lgan qarindoshlaringga», deganlar. Onasini opichlab Xonai Ka’bani tavof qildirib yurgan bir yamanlik kishi Abdulloh ibn Umardan «Onamning haqqini shu xizmatim bilan ado qila oldimmi?» deb so‘raganida, u kishi: «Yo‘q, bu xizmating seni tug‘ish paytida onangni qiynab tutgan to‘lg‘oqlarning bittasiga ham teng kelolmaydi», degan ekanlar.

Xo‘sh, ona shunchalik tabarruk, ulug‘ zot ekan, ota-onaga oq bo‘lish Alloh taologa shirk keltirish bilan baravar og‘ir gunoh ekan, unda nega «ona» so‘zi oldiga «qayn» qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan u endi yovuz bir kimsaga aylanib qolishi kerak? Nega kelinlar bu so‘zni eshitib ranglari o‘chishi, g‘azabga minishlari kerak? «Kelin bilan qaynona bir qozonda qaynamas», deb birinchi kunlardanoq dushmanlik urug‘lari sepilishi kerak? Bu tarbiya ko‘rmaganlik, nodonlik, johillikdan boshqa bir narsa emas. Yaxshi niyatlar bilan kelin olib, ko‘zingizning oqu qorasi bo‘lmish suyukli o‘g‘lingizni unga topshirib qo‘yib, endi o‘sha aziz kelin bilan yovlashib, olishib yurish sizning onalik fitratingizga mos tusharmikan?

“Qaynona va kelin” kitobidan

Админ