​“Qarshi” so‘zining ma’nosi nima?
Muallif: Админ
Sana: 16.02.2018
2347

Mashhur sharqshunos olim, “Turkiston mo‘g‘ullar bosqini davrida” deb nomlangan 2 jildli mufassal monografiya muallifi V.V. Bartold shunday yozadi: “Shahardan 2 farsax narida qurilgan saroydan shaharning hozirgi nomi paydo bo‘lgan. Chunki “Qarshi” mo‘g‘ul tilida “saroy” demakdir”.
Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Boburnoma” asarida bu so‘z haqida shunday fikr bildiradi: “Yana Qarshi viloyatidirkum, Nasaf va Naxshab ham derlar. “Qarshi” mo‘g‘ulcha ottur, go‘rxonani mo‘g‘ul tili bila “Qarshi” derlar. G‘olibo bu ot Chingizxon tasallutidin so‘ng bo‘lg‘ondur”.
Yaqin-yaqingacha ilmiy va adabiy jamoatchilik bu fikrlarga asoslanib, “Qarshi” so‘zi mo‘g‘ul tilidan olingan deb hisoblar edi. Ammo ikkala muallif ham bu so‘zning ildizlari, etimologiyasi bilan qiziqmagan ekan. Masalan, qadimgi turkiy yozuvlar asosida tuzilgan «Drevnetyurkskiy slovar” (1969) kitobida “qarshi” so‘zining quyidagi ma’nolari ko‘rsatilgan:
1. Qarshi – xon saroyi, ko‘shk.
2. Qarshi – qarama-qarshi, zid.
Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘atit-turk”(1071-1072 y.) asarida ham xuddi shu ma’nolar qayd etilgan. Kitobda keltirilgan ushbu bayt fikrni yanada oydinlashtiradi:

Bu beklar evi odi qarshi turur,
Bu qarshi ichindaki qarshi turur.

Ma’nosi: Bu beklar uyining oti qarshidur, ammo ichidagilar bir-biri
bilan qarama-qarshidir.

Demak, o‘z-o‘zidan ravshanki, “qarshi” so‘zi aslan turkiy lug‘atdan olingan bo‘lib, keyinchalik mo‘g‘ul tiliga o‘tgan. Chunki mo‘g‘ul qabilalari hamisha turkiy xalqlar bilan yonma-yon yashagan. Chingizxon hukmronligi davrida ham Mo‘g‘uliston hududidagi aholining to‘rtdan uch qismini turkiy xalqlar tashkil etgan.
Tarixiy manbalardan ma’lumki, keyingi asrlarda ham “Qarshi” nomi bilan birga “Nasaf” va “Naxshab” atamalari ham qo‘llanavergan.
Masalan, Ye.K.Mayendorf o‘zining “Orenburgdan Buxoroga sayohat” nomli kitobida (1820-1821) shunday yozadi: “Qarshi yoki Naxshab – anchagina katta shahar. U asosiy savdo yo‘lida joylashgan. Hirot yoki Kobuldan kelayotgan karvonlarning bir qismi Qarshida to‘xtaydi, so‘ngra Buxoroga kirmay, Samarqandga yo‘l oladi. Shuningdek, Buxoriyaning janubidan olib kelinadigan qunduz, tulki va qorako‘l terilari Qarshida omborlarda saqlanib, so‘ngra poytaxtda sotiladi. Qarshidan ko‘plab quruq meva, paxta, yigirilgan ip, tamaki va biroz shoyi olib ketiladi”.
“Nasaf va Kesh allomalari” kitobidan

Админ