​TINCHLIK NEMATIGA SHUKR
Muallif: Админ
Sana: 08.06.2018
1179

Har bir insonning kindik qoni to‘kilgan yeri bu uning jonajon Vatani bo‘ladi va u joy juda qadrli va qimmatli dargoh bo‘ladi. Payg‘ambarimiz s.a.v. Madinai munavvaraga hijrat qilib borganlaridan so‘ng tug‘ilib o‘sgan vatanlari Makkai mukarramani eslab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim”, deganlar. Demak, vatanni sevish, tug‘ilib o‘sgan yerdagi bor narsalarni ardoqlash, uzoqqa borilganda sog‘inib yashash har bir kishida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘ulardir.
Tinchlik bu - Alloh taoloni bizlar uchun bergan buyuk ne’matidir. Bu ne’mat tufayli bizlarga ikki dunyo saodatiga yetaklovchi iymonimiz qaytdi. Bemalol besh vaqt namozni, jum’a namozlarni xohlagan masjidimizda o‘qiymiz, axir mo‘min – musulmon uchun birinchi o‘rinda namoz turadi-ku. Ramazon ro‘zasi, iftorliklar, tarovehlar bular bir katta bayramdek o‘tadi. O‘lkamiz musulmonlar o‘lkasi bo‘lgani uchun Yurtboshimiz ikki hayitni dam olish kuni deb e’lon qilganliklari, bu sovet tuzumida ota-bobolarimiz orzu qilgan kunlari emas-mi? Haj va umra ziyoratlariga yil sayin musulmonlarimiz ko‘payib borayotganliklari, masjidlar ochilib borayotgani, xalqimizning diniy ilmini oshirish uchun madrasalar ochilganligi, qur’on kurslari ochilib hamda qur’on musobaqalari tantanali ravishda o‘tkazilishi, axir bular jannatga, Parvardigorning roziligiga sabab bo‘ladigan omillar-ku! Bu ne’matlar vatanimiz mustaqil bo‘lgandan keyin bo‘ldi-ku.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ الصِّحَّةُ وَالْفَرَاغُ .
“Alloh taoloning ne’matlaridan ikki ne’mati borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmaydilar. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”
Darhaqiqat, xotirjamlik ulug‘ ne’mat. Buni qo‘shni mamlakatlardagi kishilar kelganda bir so‘rab ko‘ringda. Ular bu tinchlik ne’mati haqida ko‘zlarida yosh olib gapirishadi. Tinchligimizni saqlab turganlar haqida Rasululloh s.a.v.ning ushbu muborak hadislari bor:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ :« أَلاَ أُنَبِّئُكُمْ بِلَيْلَةٍ أَفْضَلَ مِنْ لَيْلَةِ الْقَدْرِ حَارِسٌ حَرَسَ فِى أَرْضِ خَوْفٍ لَعَلَّهُ أَنْ لاَ يَرْجِعَ إِلَى أَهْلِهِ ».
“Laylatul Qadrdan ham afzal bir kecha borligining xabar berayinmi?! U shunday bir kechaki xavf-xatarli yerda o‘zining ahlini, vatanini himoyalash uchun qo‘riqlaydigan (ibodatli) qo‘riqbonning kechasi”
Mana hozir xatm-tarovehlar kechasi soat 12 larda tugasa ham odamlar uylariga tinch va xotirjamlikda borishayapti. Ko‘chalar tinch, shahar tinch. Bu ne’matlarni inson har doim e’tirof qilib turishi kerak. Bu nimadan osoyishtaligimiz posbonlari, chegarada turgan askarlarimizning hushyorliklari, qolaversa Yurtboshimizning olib borayotgan siyosatlari bularning barchasi mana shu xotirjamlik ne’matiga olib kelmoqda.
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « مَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ ».
“Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh taologa ham shukr qilmaydi”
Noshukr insonlar oramizda uchrab turadi. Ularga parvo qilmang, chunki ularni Xudoni O‘zini urib qo‘ygan. Ularda shukr qilishlik ne’mati yo‘q. Ular doimo Allohning g‘azabida. Payg‘ambarimiz s.a.v. aytganlaridek:
عن ابن مسعود ، قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : « من أصبح محزونا على الدنيا أصبح ساخطا على ربه ، ومن أصبح يشكو مصيبته فإنما يشكو ربه»
“Kimiki ertalab dunyodan xafa bo‘lib uyg‘onsa, Allohning g‘azabida uyg‘onibdi. Kimiki ertalab ozgina qiyinchiliklarga noshukrlik qilib tursa, noshukrchiligi Allohga yetadi”
Muborak Ramazon oyida turibmiz, duolar ijobat bo‘ladigan oyda turibmiz ko‘proq duo qilaylik. Alloh taolo bizlarga bergan ne’matlarini yanada ziyoda qilsin, iymonu qadriyatlarimizni qaytishiga sabab bo‘lgan mustaqilligimiz qiyomatga qadar davom etsin. Yurtimizni yomon ko‘zlardan, fitnayu fasodlardan, balo-yu ofatlardan, dushmanlarning yomonligidan Parvardigorning o‘zi asrasin!
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « إِنَّ اللَّهَ لَيَرْضَى عَنِ الْعَبْدِ أَنْ يَأْكُلَ الأَكْلَةَ فَيَحْمَدَهُ عَلَيْهَا أَوْ يَشْرَبَ الشَّرْبَةَ فَيَحْمَدَهُ عَلَيْهَا ».
“Agar bir banda har luqma tanovul qilayotganida va har ho‘plam ichimlik ichayotganida Allohga hamd aytsa, Alloh taolo o‘sha bandasidan albatta rozi bo‘ladi”
Hikoya qilinishicha oldingi zamonlarning birida Alloh taolo bir payg‘ambarga vahiy yuborib debdi: “Falonchi ikki ummatingga borib ayt (ular ikkalasa eru xotin ekan) bundan keyin ular 60 yil yashaydilar. Shu qolgan yarim umrini farog‘atda, yarmini mashaqqatda o‘tkazishadi. Ular tanlashsin avval mashaqqatni tanlashadimi yoki farog‘atnimi?” Shunda payg‘ambar borib o‘sha eru xotinga ilohiy hukmni aytib beribdi va tanlashlik ixtiyorlarini ham tushuntiribdi. Eri xotiniga maslahat solibdi: “Xotin, avval mashaqqatni tanlaylik, chunki hozir bizlar yosh har qanday mashaqqatni ko‘tara olamiz, erta qariganimizda mazza qilib keyin farog‘atda yashaymiz” debdi. Xotini: “Yo‘q, avval yengillikda yashaylik, chunki xayrli ishlar qilib qolamiz, keyin qolgan umrimizda qarindoshlar, qo‘ni qo‘shnilar yordam berib qolar” debdi. Xullas er xotinining gapiga rozi bo‘libdi. Ular avval oson hayotni tanlashibdi. Shunday qilib ularga Alloh taolo avval yengil hayotni nasib qilibdi. Har kuni xotini eriga: “Dadasi turing endi qolgan umrimizning 30 yili farog‘at ekanligini bilamiz shuning shukronasini ado etaylik keyin mashaqqatda ado etolmaymiz”, deb ular ikkalasi har kuni Alloh taolo bergan ne’matlarning shukronasi ado qilib keldilar. 30nchi yilning oxirgi kuni yaqinlashganida er xotiniga: “Xotin, endi bundan buyog‘i faqat mashaqqat bo‘ladi, bunga tayyor bo‘laylik va qolgan umrimiz bir birimizga suyanchiq bo‘laylik”, deb nasihat qildi. Ertasi kuni, ya’ni mashaqqatli umrning avvalgi kuni ham avvalgiday o‘tdi. Shunday qilib, oylar o‘tdi yillar o‘tdi-ki xuddi oldingi umrdek farog‘atda, eru xotin borib payg‘ambardan so‘rashibdi: “Axir bizlar qolgan yarim umrimizni Alloh taolo mashaqqatli qilgan bo‘lishi kerak edi-ku, nima uchun qolgan umrimiz ham avvalgidek o‘tayapti yoki bizlar sanada adashdikmi?” Payg‘ambar ikki rakaat namoz o‘qib Parvardigordan iltijo qilib so‘rabdi, shunda Alloh taolo payg‘ambariga vahiy yuborib: “Ular farog‘atdagi umrida menga har kuni shukr qilishdi, shuning uchun Men ularning qolgan umrini ham farog‘atli qilib qo‘ydim. Kimiki Menga shukr qilsa ne’matimni ziyoda qilaman”, deb marhamat qilibdi.
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِن شَكَرْتُمْ لأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ
“Robbingizning (bu so‘zlar)ni eslang: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”
Payg‘ambarimiz s.a.v. dedilar:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ ، أَنّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ، قَالَ : أَرْبَعٌ مَنْ أُعْطِيَهُنَّ فَقَدْ أُعْطِيَ خَيْرَ الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ : زَوْجَةٌ لا تَبْغِيهِ خَوْنًا فِي نَفْسِهَا وَلا مَالِهِ ، وَلِسَانٌ ذَاكِرٌ ، وَبَدَنٌ عَلَى الْبَلاءِ صَابِرٌ ، وَ قَلْبٌ شَاكِرٌ
“Kimga 4 narsa berilgan bo‘lsa, batahqiq unga dunyo va oxirat yaxshiliklari berilibdi. Ular: soliha ayol, zikr aytuvchi til, sabrli badan va shukr qiluvchi qalb”.
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- "لِلصَّائِمِ فَرْحَتَانِ فَرْحَةٌ عِنْدَ فِطْرِهِ وَفَرْحَةٌ عِنْدَ لِقَاءِ رَبِّهِ ".
“Ro‘zadorga ikki xursandchilik bor. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va Robbisining diydorini ko‘rganda xursand bo‘lgay”.
عن أبي هريرة رضي اللّه عنه قال : قال رسولُ اللّه صلى اللّه عليه وسلم : " ثَلاَثَةٌ لاَ تُرَدُّ دَعْوَتُهُم : الصَّائِمُ حَتَّى يُفْطِرَ وَالإِمامُ العادِلُ وَدَعْوَةُ المَظْلُومِ "
“Uch toifa kishining duosi rad etilmaydi. Ular: Ro‘zadorning og‘zini ochguncha qilgan duosi, odil imomning duosi va mazlumning duosi”
Ro‘zadorning og‘zini ochgunga qadar har bir duosi ijobat ekan. Keling duo qilaylik, Iloho, istiqlolimiz barqaror bo‘lsin, yurtimiz tinch va osudaligi yanada ziyodalashsin. Xotirjamlik va sihhatimiz kundan kunga ortib boraversin. Har bir xonadonni Ramazon oyining fayzu barakalari ila to‘ldirsin. Nimaiki ezgu niyatlarimiz bor bo‘lsa, Alloh taolo barchasiga erishtirsin. Ramazon oyi tugaguncha gunohlarimiz mag‘firat qilingan holda va ro‘zalarimiz Parvardigor rozi bo‘ladigan darajada bo‘lishini hammamizga nasibador aylasin!
Saidmuhammad MUHIBULLAYEV,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi

Админ