​OILANI – MUQADDAS BILING!
Muallif: Админ
Sana: 20.04.2018
1834

Allohga beadad shukrlar bo‘lsinki yurtimiz tinch, osmoni musaffo. Har bir sohada kuzatilayotgan ulkan o‘zgarishlar, xalqimizning ilmu-ma’rifatini yanada rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar kishini quvontiradi. Ammo, eshitgan yoki ko‘rgan ba’zi xunuk voqe’alar dilni xafa qiladi va kishini o‘yga tortadi. Nahotki shuncha imkoniyatdan, yaratilayotgan sharoitlardan, tinchlikning qadridan unumli foydalanilmasa. Alloh taolo insonga juda kam umr bergan, nima uchun inson ana shu umrini o‘zi, oilasi va vatani uchun foydali bo‘lgan ishlarga sarf etmasa. Internet tarmoqlaridan ba’zi bir xabarlarni o‘qib qolasiz, “er o‘z ayolini o‘ldirdi yoki ayol o‘z erini bug‘ib o‘ldirdi”. Bu - musulmon farzandiga, oilani muqaddas deb bilgan, o‘z oilasini himoyasi, or-nomusi uchun jon bergan o‘zbek millati uchun munosibmi?
Kelasi satrlarda tilga ham olib bo‘lmaydigan ushbu illatning yechimi borasida biroz fikr yuritiladi. Oila jamiyat negizi hisoblanadi. Uning sog‘lom va mustahkam bo‘lishi jamiyat taraqqiyotiga asos bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan o‘sib kelayotgan yosh avlod ongu shuurida oila tushunchasini shakllantirish alohida ahamiyatga ega. Oilaviy munosabatlar doimo ikki tarafdan – erdan ham, xotindan ham ma’lum qurbonliklarni talab qiladi. Lekin taraflar xudbinlik qilsa-chi? Hech kim qurbonlik berishni istamasa - chi? Unda oila jang maydoniga aylanadi. Er-xotin “Kim kuchli?” musobaqasiga kirishadi.
Er ulfatlariga oilada erishgan “g‘alabalari” haqida og‘iz ko‘pirtirsa, xotin esa bu bellashuvda qanday makrlar bilan yutib chiqqanidan gapiradi. Ahvol shu tarzda davom etsa, o‘ttiz yildan so‘ng nima bo‘ladi? Agar oila aravasi bazo‘r yurishda davom etsa ham turmush darslarini olgan er va xotin ortga boqib pushaymon bo‘ladi. Qo‘llarida turgan baxtli bo‘lish imkonini boy berib, hayotlarini kim uchun yashaganlarini tushunmay afsus chekadilar. Hayot – sizning hayotingiz, uni o‘z qo‘lingiz bilan qurmog‘ingiz darkor. Hech narsa o‘z - o‘zidan kelmaydi, shu qatori baxt ham. Bir zamonlar yoningizdagi insonni baxtli qilishni orzulaganingizni eslang. O‘zingiz ham baxtga loyiq ekaningizni his qiling.
Turmush o‘rtog‘ingizning qaysidir jihatini xush ko‘rmasangiz, uni o‘zgartirishga bel bog‘lang. Inson o‘zini o‘zgartirishni istamasa, siz hech nima qilolmaysiz. Achchiq so‘zlar o‘rnini shirinlari ham bosa oladi va hatto ko‘proq samara beradi. G‘azabingizni bosishni o‘rganing. Hamma narsa takrorlangani sari odatga aylanadi. Eringiz yoki xotiningizdan jahlingiz chiqqanida uning yaxshiliklarini, shirin so‘zlarini yodga oling. Ko‘nglingizdagi g‘ashlik oz bo‘lsada ketganini his qilasiz.
Janjalga olib boradigan tortishuvlarda haq ekaningizga to‘liq amin bo‘lsangiz ham, buni isbotlashga urinavermang. O‘zingizni “raqib”ingiz o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Bir-biringizdan minnatdor bo‘lishni o‘rganing. O‘zbek halqi azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida e’zozlagan, bu qurg‘onga zavol yetmasligi uchun bor mahoratini ishga solgan. Zero, oilani boshqarish farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish katta san’atdir. Afsuski ba’zan bu borada bilim, tajriba va tarbiyaning yetarli bo‘lmagani tufayli ko‘prok yoshlar o‘rtasida ajrashish holatlari uchrab turadi. Arzimagan bahonani sabab qilib oilalar buzilib, begunoh beg‘ubor farzandlar tirik yetim bo‘lib qolmokda.
Ayol oqila, fozila, jonkuyar, har narsada er qadrini yuksak qo‘yadigan bo‘lsa, er bosiq, jiddiy, mehribon, farzandlari, ahli ayoliga jonkuyar bo‘lishi kerak. Er-xotin o‘rtasida mehr oqibat bo‘lishi kerak. Hadislardan birida: «Dunyoning xammasi matodir va dunyoning eng yaxshi matosi bu soliha ayoldir», deyilgan. Oila shunday birlashmaki o‘zaro murosai madorasiz hech bir masala, muammo risoladagidek hal bo‘lmaydi. Mehr bersa-mehr quradi. Uyim ro‘zg‘orim deb topib-tutib kelgan erni mehr-muhabbat bilan qarshi olish, ko‘nglini hushlash, avvalo xonadonga fayz bag‘ishlaydi. Ro‘zg‘or to‘kinligi to‘kisligi ortadi. Ayol mehri, jozibasi, fahm-farosati bilan er ko‘ngliga yo‘l topsa bu oila mustahkam oila bo‘ladi. Erning kuchiga-kuch g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shiladi.
Ayol sabrli bo‘lsa Alloh taolo rozi bo‘ladi. Halqimizda “javragan xotindan - avragan xotin yaxshi” degan maqol bor. Yaxshi so‘zlar bilan erni ko‘nglini ovlash xorg‘in ruhiga quvvat berish, turli kayfiyatda ko‘chadan kelgan erni oqila xotin javrab turli muammolarga ko‘mib tashlamaydi. Aksincha uni avaylab yaxshi gap so‘zlar bilan ko‘nglini ko‘tarib charchog‘ini tarqatib issiq ovqatini olib kelib, notinchlikdan qutqaradi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Musulmonning uyi jannat bog‘idan bir bog‘chadir»- deganlar. Xonadonni jannat bog‘chasidek aylantirib o‘tirish o‘zini bilgan har bir muslim va muslimaning burchidir.
Chinakam rohat va halovatni, qadr qimmatni topgan erni ko‘ngli hech qachon ikkilanmaydi. Ayolni qanoatsizligi, besabrlik halolidan topib kelgan rizqga qoniqmaslik, bu xonadondan, oiladan fayz qut barakani ko‘tarilishiga olib keladi. Erkak o‘z hamiyati mehnatu shijoati, ayol esa oqilaligi, sabru-qanoati fozilalik sifatlari bilan bir-birlarini siylasalar aybu-no‘qsonlarini libos bo‘lib yopsalar, albatta Yaratganni rozi qilgan bo‘ladilar. Hakimlar, «Soliha ayolga yetishgan er omadlidir» deydilar. Solixa ayol sabrli murosali, tinch-totuvlikga intiluvchi uyim-joyim deydigan ayoldir. Soliha bo‘lishga intilgan ayollar, soliha ayolga munosib bo‘lishga harakat qilgan erkaklar inshoolloh ikki dunyo saodatga erishadilar.
Ulug‘ ma’rifaparvar alloma Abdurauf Fitratning oila haqidagi fikrlari alohida ahamiyatga ega: "Dunyoda izzat va saodat tolibi bo‘lmagan birorta qavm yo‘q. Xar bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik esa shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizom va tartibga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli bo‘ladi". Ko‘rinib turibdiki, oila sog‘lom ekan, jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan, mamlakat barqarordir.
Oila Parvardigorning roziligini topish, pok yo‘l bilan naslni davom ettirish maqsadida quriladi. Shuning uchun diynimiz nikohga insoniy aloqalarning eng muhimi sifatida alohida e’tibor beradi. Inson xulqi, xususan farzandlarimizning ongu shuuri ko‘proq oilada shakllanadi. Xalqimiz "Qush inida ko‘rganini qiladi" deb bekorga aytmagan. Xadisi sharifda ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Farzandlaringizga go‘zal axloqdan yaxshiroq meros qoldira olmaysiz", deganlar. Buni yaxshi anglagan ota-bobolarimiz oila qo‘rg‘onining ma’nan mustahkam bo‘lishiga alohida axamiyat berishgan. Oila bu millatni millat sifatida ushlab turuvchi, go‘zal milliy qadriyatlar asraladigan muqaddas maskan sifatida e’zozlangan.


O‘tkirxon MAHMUDOV
Xoja Buxoriy islom bilim yurtining
o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Админ