Maqolalar
558

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Hayit bayramlari qadimdan yurtimizda o‘zgacha, xalqimizga xos mehr-oqibat, shukronalik, muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan.

Joriy Qurbon hayiti ham ko‘tarinki ruhda, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda keng nishonlandi.

Shukronamizning, shodu hurramligimizning yana bir sababi, shubhasiz, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Qurbon hayiti tabrigi hamda uning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi tarixiy Farmondir.

Ushbu voqelik koronavirus pandemiyasi tufayli xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda ko‘nglimizni nurafshon qildi, ruhimizni ko‘tarib, ertangi bugundan-da baxtli kunlarga ishonchimizni yanada mustahkamladi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Davlatimiz rahbarining ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning ayni Qurbon hayiti kunlarida qabul qilingani bejiz emas. Zero, Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, bu qutlug‘ bayramning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o‘zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog‘likni qadrlashdek ulug‘ fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Darhaqiqat, muqaddas dinimiz g‘oyat go‘zal, barcha zamon va makonlarga mos va xos. Islomning go‘zalligi shundaki, musulmon kishi o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini do‘stiga, birodariga ilinmagunicha haqiqiy mo‘min bo‘la olmaydi. Shu bois dinimizda insonlar faqat yaxshilik qilishga da’vat etiladi. Qilingan yaxshilik tufayli ko‘ngillar ravshan tortadi, o‘zgacha ruhiy tetiklik tuyuladi, huzur-halovat, xotirjamlik barqaror bo‘ladi.

Alloh taolo Ar-Rahmon surasining 60-oyatida: “Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir”, deb marhamat qiladi. Muqaddas dinimizning ezgulik, xayru saxovat, mehr-oqibat, muruvvat kabi olijanob g‘oyalari jamiyatda ijtimoiy adolatning qaror topishiga xizmat qilmoqda.

Dinimiz buyurgan xayrli amallarga uzukka qo‘yilgan ko‘zdek yarashib tushgan saxovat tadbirlari bugungi karantin davrida har qachongidan ham keng quloch yoyayotganining boisi shundaki, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat), deb marhamat qilgan.

Alloh taolo bu misol bilan bitta xayrli ish uchun bitta emas, to 700 va undan ortiq savob ato etishi mumkinligini bildirmoqda.

Haqiqatan ham, insonning ikki dunyo saodatiga erishishi ezgu amallar ustiga bino qilingan. Qadimdan bir mayizni qirq bo‘lishib yeyishga odatlangan xalqmiz. Qo‘shnimiz och ekan, o‘zimiz to‘q holda uxlay olmaymiz. Bunga bizning diniy, ma’rifiy madaniyatimiz aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bugungi sinovli kunlarda xalqimiz muhtojlarga o‘zining nonini bermoqda, kiyimini ulashmoqda.

Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi tufayli bu yilgi muborak haj amalini bajarish cheklandi. Bunday fursatni g‘animat bilgan saxovatpesha yurtdoshlarimiz islomning beshinchi arkonini ado etish uchun yig‘gan mablag‘larini ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga hadya qilmoqda. Bu ezgu an’analarimizni, urf-odatlarimizni butun dunyoga ibrat qilib ko‘rsatish mumkin.

Qayd qilish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yozgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati bu boradagi ezgu ishlarga yangicha ko‘lam, ma’no-mazmun baxsh etdi.

O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu Harakat doirasida amalga oshirilgan ulkan hajmdagi xayriya tadbirlari va mehr-muruvvat amallari ham shundan yaqqol dalolat beradi.

Atrofimizda umri davomida yaxshi niyatlar bilan to‘plagan mablag‘larini ko‘makka muhtojlar oilalarga tarqatayotgan, ularga uy-joy qurib berayotgan, eng muhimi, hayotiy ehtiyojlarini qondirayotgan vatandoshlarimizni haqli ravishda zamonamiz qahramonlari deyish mumkin. Zero, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlari:

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay,

deya iltifot qiladi. O‘z vaqtida qilingan ehsonning savobi ulug‘ bo‘ladi. O‘zi muhtoj bo‘la turib, o‘zgalarga ezgulik ulashgan, ularning ko‘nglini ko‘targan kishining ikki dunyosi obod bo‘lishi hayotda ko‘p kuzatilgan.

Quvonarlisi, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan Farmoniga muvofiq, pandemiya davrida doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, kam ta’minlangan, yordam va ko‘makka muhtoj aholi qatlamlarini va oilalarni hamda iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida avval ajratilgan 10 trillion so‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda respublika byudjetidan yana qariyb 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirildi.

Shu yilning yakuniga qadar 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi soni 2 barobarga oshirilib, 700 mingtagacha, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi soni 330 mingdan 400 mingtaga, moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalarning amaldagi soni esa 89 mingdan 100 mingtaga ko‘paytiriladi.

To‘lash muddati shu yilning iyul-sentyabr oylarida tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga va bola parvarishi bilan shug‘ullanadigan onalarga nafaqa to‘lash navbatdagi 6 oy muddatga uzaytirildi.

Respublika byudjetidan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga 200 milliard so‘m, tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga bir martalik pul mukofoti berish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi ma’rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi biz uchun alohida ahamiyatli voqelik bo‘ldi.

Dunyoda iqtisodiy inqiroz kechayotgan bir paytda xalqimizga bu qadar himmat ko‘rsatilishi hech birimizni befarq qoldirmaydi. Bu ruhimizni ko‘taribgina qolmay, shukronalik tuyg‘ularimizni, g‘ayrat-shijoatimizni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Prezidentimiz Farmoni “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yanada quvvatlantirdi, balki har birimizni yana bir bor ezgulik qonunlari asosida yashashga undadi, o‘zgalarga yaxshilik sog‘inib, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatishda ibrat va namuna bo‘ldi. Zero, muborak hadisda qayd etilganidek, “Saxovat — bir daraxt. Uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi...”



Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Muallif: Админ
Sana: 04.08.2020
185
557

Islomda diniy ilm olimlari yuqori qadrlanadilar. Olim bor joyda kishilarning shayton vasvasasiga uchishi oz bo‘lishi tarixiy tajribadan isbot bo‘lgan haqiqatdir. Qaysi bir jamiyatda kerakligicha diniy olim bo‘lsa, o‘sha jamiyatda shaytonning vasvasasi oz bo‘ladi. Olimlar va’z-nasihat, darsu-irshodlari bilan xalqni shaytonga malay bo‘lishdan qaytarib, Allohning yo‘liga yurishni uqdirib turadilar. Ulamolari yo‘q yoki kam joylarda esa xalq ommasi shaytonga malay bo‘lib qoladilar.
Shuning uchun ham oramizdan ko‘proq yetuk diniy olimlar chiqishi uchun harakat qilmog‘imiz lozim. Bor ulamolarni esa jamiyat uchun, el-yurt uchun, ularning shaytonning vasvasasidan saqlanishlari uchun zarur kishilar sifatida taqdirlashimiz lozim.
Alloh taolo ahli ilmlar haqida shunday marhamat qiladi: «Albatta, Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar», degan.
Albatta, Alloh taoloning qudratini his etib, ulardan ibrat olib, ularning yaratuvchisi borligini anglab yetib, aqli bilan Allohni topgan va undan qo‘rqqan odamgina olim hisoblanadi.
Yana U zot: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladilarmi?» degan.
Albatta, teng bo‘lmaydilar. Biladiganlar iymon keltirib, ibodat qiladilar. Bilmaydiganlar kufr keltirib, isyon etadilar.
U zot yana: «Bu misollarni odamlarga keltiramiz, ularga faqat olimlarnigina aqli yetar», degan.
Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi zikr qilindi: «Biri obid, boshqasi olim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Olimning obiddan afzalligi xuddi mening sizning eng kichigingizdan afzalligimga o‘xshaydi», dedilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hattoki uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadilar», dedilar».
Insoniyatni Islom hidoyatiga tanishtirish, musulmonlarga shariat ahkomlarini bayon qilish, halolni haromdan, gunohni savobdan, yaxshini yomondan ajratish yo‘llarini ko‘rsatish uchun musulmon ulamolar kerakdir. Shuning uchun ham dinimizda ulamolarimiz yuksak taqdirlanadi. Ularni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam merosxo‘rlari, ummatimizning gultojlari, deb qaraladi. Ularni cheksiz hurmat qilinadi. Islomda haqiqiy diniy ilmlar ulamolari qanchalik taqdirlanishlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mazkur hadis davomidagi so‘zlaridan ham bilib olsa bo‘ladi: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hattoki uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadilar».
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda esa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Yer yuzida ulamolar xuddi yeru suvning qorong‘uligida yo‘l topishga yordam beruvchi yo‘lchi yulduzga o‘xshaydi. Yulduzlar g‘oyib bo‘lganda yo‘lovchilar adasha boshlaydilar», dedilar.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Olim bilan obid qayta tiriltiriladi. Obidga: «Jannatga kir», deydilar. Olimga: «Odamlarning odobini go‘zal qilib tarbiyalaganing uchun, ularga shafoat berish uchun sobit tur» deyiladi», dedilar.
Mana yuqorida Alloh taolo ahli ilmlarga go‘zal fazilatni ato etganligini qisqacha bildik.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, hozirgi kundagi “o‘z-o‘zini yakkalash” sharoitida davlatimiz tomonidan barcha qatori diniy soha vakillari – ahli ilmlarga ham beminnat moddiy yordam ko‘rsatilishi, yurtimizda inson omili, uning farovonligi va ijtimoiy himoyasi har qanday sharoitda e’tiborda ekanining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga sohada zahmat chekayotgan ko‘p sonli mutasaddilar mehnati yuqori qadrlandi.
Azaldan mo‘min-musulmonlar o‘z peshvolari – imom-xatiblarini yuksak qadrlashlari, xayru ehson qilib, moddiy ta’minlashlari odat tusiga kirgan. Darhaqiqat, qaysi xayr-ehson odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi-muallim va o‘sha yaxshilikni o‘rganuvchi-talabani moddiy ta’minlashdan ulug‘roq ekan? Kafilligiga olgan kishiga bu kabi yuksak axloqiy usullar borasida Nabiy sollallohu alayhi va sallamga ergashganining o‘zi ulkan sharaf bo‘la oladi. Endi uning Alloh taoloning huzuridagi savobi haqida har qancha gapirsangiz, shuncha ozdir!..
Afsuski, kaltabinlikdanmi, ilmsizlikdanmi yoki boshqa biror maqsaddami ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakillariga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan beminnat moddiy yordam haqida asossiz ig‘vo tarqatayotganlar ham yo‘q emas.
Har bir ishni o‘z odobi bor. Musulmon hamma joyda, shu jumladan virtual makonda ham o‘zini munosib tutishi kerak. Xususan, asossiz ig‘vo tarqatish, boshqa odamlarni haqorat qilishdan, kamsitishdan saqlanishi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Banda bilib-bilmay bir so‘zni aytadi va shu tufayli do‘zaxning mag‘rib bilan mashriq orasidan ham chuqur joyiga tushadi” (Imom Ahmad, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Shu bilan birga, agar kimdir sizni haqorat qilsa, siz o‘zingizning adolat nuqtai nazaringizga asoslanib, xuddi shunday javob berishingiz shart emas. Hadisda aytilishicha, musulmonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish mumkin emas (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Inson so‘z orqali foydaga erishadi yoki aksincha behuda gaplar bilan mashg‘ul bo‘ladi, shuningdek maqtov yoki tanqid eshitishi ham mumkin. Unutmang! So‘zlashuv va odamlar bilan muloqot, o‘zgalarda biz haqimizda qanday fikr shakllanishiga ham xizmat qiladi. Ota bobolarmiz bejizga «tilingni ehtiyot qil, dilingdagini oshkor etadi» deyishmagan. So‘z qalbning tarjimoni va kaliti hisoblanadi. U inson bilimining hosilasi, u orqali banda yo savobga, yo gunohga nozil bo‘ladi.
Gapiruvchi hamisha xolis va mas’uliyatni his qiluvchi bo‘lishi lozim. Aks holda, gapiruvchi inson kulguga qolishi, odamlarning ishonchsizligiga sababchi bo‘lishi mumkin. Har bir gapning salmog‘i, miqyosi, mas’uliyati va javobgarligini his qilish bugun har qachongidan ko‘ra ko‘proq zarur bo‘lib turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan xabarlarni erinmasdan yanada kengroq tarqalishiga hissasini qo‘shayotganlar ham bu ishdan tiyilishsin va quyidagi hadisga yaxshilab e’tibor berishsin: “Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi” deganlar”. (Imom Muslim, Ibn Hibbon, Doraqutniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilishgan).
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda yolg‘ondan ehtiyot bo‘lish kerak. Yolg‘onlar shaxsiy yozishmalarda ham, nashr (post)larga berilgan sharhlarda ham tarqalishi mumkin. Qur’oni karimda shunday deyilgan:» … Yolg‘on so‘zdan yiroq bo‘ling» (Haj, 30). Ko‘pincha, odamlar yaxshilikni niyat qilib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etishga jazm qilishadi. Yaxshilikni niyat qilib yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishning xafvli tomoni virtual olamda turli dunyoqarashdagi insonlar bo‘lganligi uchun bunday holatlarni ko‘rib Islomda yolg‘on ishlatish mumkin ekan degan tushunchaga kelib qoladilar. Ma’lumki, hatto Ibrohim alayhisalom ham o‘z hayotida yaxshilikni niyat qilib uch marotaba yolg‘on ishlatishga majbur bo‘lgan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam faqat uch narsaga: urushda, odamlar orasini isloh qilishda va erning o‘z xotiniga va xotinning o‘z eriga (oilani saqlab qolish maqsadida) gapirishiga ruxsat berganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mo‘minlar boshqa odamlarni hurmat qilishlari kerak. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozishmalar paytida ham, postlarni nashr qilishda ham namoyon bo‘lishi kerak – ularda insonlarni, xoh u ayol bo‘lsin, erkak bo‘lsin, hoh u katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, tahqirlash mumkin emas! Allohning oxirgi Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam: “Kim kattalarimizni izzat, hurmat qilmasa, kichiklarimizga rahm qilmasa, ulamolarimizning haqqini bilmasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Musulmon kishi boshqalarga hurmat ko‘rsatar ekan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlariga amal qilayotgan va shu bilan birga olamlarning Parvardigori buyrug‘ini bajarayotgan bo‘ladi.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va tezkor xabar almashish (VKontakte, Odnoklassniki, Faysbuk, Tvitter, Vatsap, Telegram, Instagram) vositalari, afsuski, turli g‘iybatlarni tarqatishda asosiy kanalga aylandi, ularning ishonchliligi esa shubhali, ya’ni ma’lumot to‘g‘riligini aniqlashning imkoni yo‘q. Xususan, ularning aksariyati taniqli shaxslar to‘g‘risidagi suhbatlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning atrofida ko‘plab mish-mishlar aylanib yuradi. Musulmonlar bu kabi suhbatlarda ishtirok etmasliklari kerak, chunki bu gunohdir. Kalomullohda shunday deyilgan: «Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar» (Hujurot, 12).
Musulmon kishi har qanday jamoat ichida odamlardan o‘zini ustun va ajratib ko‘rsatishga urinmasligi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling, toki biron kimsa birovga nisbatan takabburlik qilmasin, biron kimsa boshqa kimsaga zulm qilmasin” (Muslim rivoyati). Bunga asoslanib shuni aytish kerakki, musulmonlar boshqalarga nisbatan kibr qilmasligi shartdir. Siz boshqalardan yaxshi tomoningiz bilan, faqat yaxshi o‘rnak ko‘rsatib ajralib turishingiz mumkin. Bundan tashqari, siz o‘zingizning ma’lum afzalliklaringiz va boyliklaringiz bilan maqtana olmaysiz. Agar Alloh bandasiga dunyoda biron narsa bergan bo‘lsa, demak uni olib qo‘yishi ham mumkin. Shuning uchun musulmonlar berilgan barcha narsalar uchun olamlarning Parvardigoriga shukr qilib, kamtarlikni izhor qilishlari kerak.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda gunohlarni oshkor qilishdan tiyilish lozim.
Ko‘pgina internet foydalanuvchilari o‘zlarining sahifalari orqali qilgan gunohlarini oshkor qilmoqdalar. Bunga tungi klubdagi fotosuratlar, odobsiz narsalar va boshqalar kiradi. Musulmon odamning yomonliklarini boshqalarga xabar qilishi joiz emas. Har birimizning gunohlarimiz faqat o‘zimizga va Allohga ma’lum bo‘lishi kerak. Hadislarning birida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ummatimning mujohirlaridan boshqa barchasi afv etilgan. Mujohir kishi tunda bir gunoh amal qiladi va Alloh uning gunohini berkitgan bo‘ladi. U esa tong ottirganda: “Ey falonchi, kecha men falon va falon amallarni qildim”, deydi. Vaholanki, Alloh uning gunohini berkitganda, u o‘z gunohini oshkora qildi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Agar bir kishi boshqaning gunohini bilsa, uni ham sir tutishi kerak. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam: «Kim mo‘minning aybini yashirsa Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi». (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar beqiyos ma’rifati bilan umuminsoniy madaniyatning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Ulug‘bek, Navoiy va Bobur ma’rifatni ilm, amal, odob bilan o‘zaro bog‘liq xislatlar deb hisoblagan. Ularning fikriga ko‘ra, kishining odobi, xulqi uning ma’rifati, bilimdonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson qanchalik ma’rifatga erishsa, uning xulqi shunchalik yaxshi va mukammal bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni eshitgan har bir ma’lumotni gapiraverib, yolg‘onchilardan bo‘lib qolishimizdan asrasin! O‘zining amriga itoat etib, birov keltirgan, aytgan xabarlarni tekshirib, o‘rganib ko‘ruvchilardan qilsin!

O‘tkir G‘uzarov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Muallif: Админ
Sana: 03.08.2020
139
556

Islom yaxshilik dinidir. U doimo kishilarni yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytaradi. Kishilarni insoniylikka chaqirib, razolatni rad etadi. Odob-axloq, ruhiy-ma’naviy poklik va ravnaqqa chorlaydi. Shuningdek, halol ishlashga, hayotni go‘zal o‘tkazishga undaydi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Isrofgarlar shaytonning birodaridirlar», deb ogohlantiradi.Xayr-yehsonlar qilish mustahab amal, uni shariat ta’limotlariga muvofiq holda o‘tkazish kerak. Aks xolda, savobdan mahrum bo‘linadi. Ammo oila ahllariga nafaqa farz amallardan hisoblanadi. Binobarin, to‘y qilaman deb oilaning rizqini qiyish ayni xatodir. Bordiyu, men yurt oshini yeganman, mahallaga osh bermaslikka nomus qilaman, deb boshqalardan qarz olib yoki olmasdan ham ehson qiladigan bo‘lsa, bu ishi ayni gunohdir. Qur’oni Karimda ham aytilgan: “Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” va yana: “Alloh taolo hech bir bandaga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni buyurmaydi”. Bu borada Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bir muborak hadislarida shunday marhamat qilganlar: “Ey ummatlarim, yenglar, ichinglar, sadaqa-yehson qilinglar, lekin ularga isrof va takabburlik aralashmasin”.Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadislarida: „Xoh boylikda, xoh faqirlikda, xoh ibodatda bo‘lsin, o‘rtahol bo‘lish qanday ham chiroyli”; “Tadbirkorlik tirikchilikning yarim ilmiga tengdir”, deganlar.Tadbir – aql-idrok, bilim va tajribaga suyangan holda to‘g‘ri, oqilona ish yuritish, demakdir. Inson tadbir ila o‘zi, oilasi va qarindoshlarining, hatto jamiyatining kelgusi hayotiy rejalarini puxta belgilashi mumkin. Iqtisodiy sohada esa, tadbir behuda isrofdan saqlanish , sarf-xarajatlarni kamaytirib, tejamkorlik qoidalariga rioya etishdir.Kezi kelganda shu narsani aytib o‘tish joizki, to‘y bahonasi bilan qudalar o‘rtasida ayirboshlanadigan qo‘sha-qo‘sha tog‘oralar, sarupo-surug‘lar ham millatning moddiy va ma’naviy qashshoqlanishiga sabab bo‘lmoqda. Kimo‘zarga qilinadigan qator-qator mashinalardan yosh kelin-kuyovlarga biron-bir ma’naviy naf bormi? Bo‘lsa ham, ular g‘urur va tug‘yonga olib boradi, xolos. Bularning o‘rniga, muhtaram musulmonlar, o‘sha mablag‘larni farzandlarimizning ilm olishlariga va ro‘zg‘orga zarur buyumlarga sarf etaylik. Biz o‘zimizni Allohning bandalari va Muhammad alayhissalomning ummatlari deb bilsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan holda hayotimizda isrofning barcha turiga chek qo‘yishimiz lozim. Alloh taolo Qur’oni Karimda: “...Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Robbiga) juda noshukurdir” (Ibrohim-34). Insonlarga shuncha ne’matlarni ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Yenglar, ichinglar, isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A’rof, 31- oyat), - deb amr qilmoqda. Shuningdek, yana: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-yehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutloqo yo‘l qo‘ymang!” (Isro-26). Demak, silai rahm, xayr-yehson va turli sadaqalarni berishda ham me’yordan tashqari xarajat qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish Alloh tomonidan ham man etilgan. Xususan, to‘y va boshqa marakalardagi isrofgarchiliklar ortiqcha dabdabaga, riyokorlikka, manmanlikka, kimo‘zarga, o‘zaro hasadga, imkoni yo‘qlarning ko‘ngli o‘ksishiga olib keladi. Payg‘ambarimiz Muxammad alayhissalom o‘z hadislarida marhamat qiladilarki: “Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi.” Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”-deb isrofdan qattiq qaytarganlar. Hamma ishda me’yor va mo‘tadillik bo‘lgani yaxshi. Menga boylik berib qo‘yildi deb, uni har tomonga sochaverish, ayniqsa Alloh harom qilgan ishlarga sarflash gunoh eshiklarini ochib qo‘yadi. Buning o‘rniga yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish, talabalarning o‘qish shartnoma pullarini to‘lashga ko‘maklashish, qarzini to‘la olmayotgan kishilarga yordamlashish ham o‘ziga, ham jamiyatga manfaat keltirgan katta savobli ish bo‘ladi. Isrofgarchilikning barcha ko‘rinishlariga barham berish har bir fuqoroning vazifasidir .
Mardonov Хayrullo
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 02.08.2020
130
555

Bu ishni kim qancha erta bajarsa, birinchi bo‘lib bajarsa, u saxovatlidir

Ma’lumki, har qanday kishi yaxshi-yomon kunida, to‘y va boshqa tadbirlarida yaqinlariga suyanadi, qarindosh-urug‘idan kuch-quvvat oladi.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, bugun oramizdagi ayrim insonlar o‘rtasida andisha, insof, diyonat, oqibat rishtalari yo‘qolib borayotgandek. Eng achinarlisi, aka-uka, opa-singil, hattoki ota va bola o‘rtasida ham bunday holatlar ro‘y bermoqda. Ba’zi kishilar uy-joy, mol-mulk talashib, meros bo‘lisholmay, o‘z tug‘ishganlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketsalar, yana bir holatda aka-uka, opa-singillarning, yaqin qarindoshlarning qudachiligi ularni ayro tushiradi.
Ayrim aka-ukalar o‘rtasida g‘isht devoru to‘siqlar bo‘lmasa-da, ko‘rinmas devor ularni ajratib, oqibatni, mehrni to‘sib turadi.
Aka-uka, opa-singil shu tariqa, umrining oxirigacha bir-biri bilan gaplashmaydi, to‘y qilsa chorlamaydi, ehson qilsa, bir kosa taom ilinmaydi va na azasida ishtirok etadi.
Bunday ko‘rinmas to‘siqlar mavjud ekan, u xonadonlarga tinchlik, fayz-baraka, xotirjamlik kabi ne’matlar aslo dorimaydi. Aslida, shundoq ham tashvishlarimiz oshib-toshib turgan bu dunyoda g‘aflatga berilmay, yaqinlarimiz qalbiga ozor berishdan tiyilib yashashni o‘rganishimiz kerak emasmi?!
Rivoyatlarda keltirilganidek, aka o‘z singlisi holidan xabar olish uchun ketayotganida, qarshisidan bug‘doyzor dala chiqib qolsa, yo‘lni qisqartirish uchun uni payhonlab o‘tishiga ijozat berilganining o‘zi ham akalarning o‘z singillariga qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligini ko‘rsatib turibdi-ku.
Yozuvchi Tohir Malik “Odamiylik mulki” kitobida quyidagi hayotiy voqeani keltiradi: ...aka-ukaning gap talashishi so‘kishga, haqoratlash esa birining ketmon ko‘tarib hamla qilishiga aylandi. G‘azabga mingan aka-ukani ajratishga harakat qilayotgan o‘n olti yoshli o‘g‘il otasining qonga belanganini ko‘rib, o‘zini yo‘qotadi, qo‘liga chalg‘i oladi. Uzoq davom etgan nifoq aka-ukaning fojiali o‘limi va o‘smirning qamoqqa tushishi bilan yakunlanadi. Qonga belanib yotgan aka-ukaning ko‘zlari “Bu qanaqasi bo‘ldi?” deganday ochiq qoldi. Bu dunyoga to‘yolmagan ko‘zlarni yopa olishmadi. Katta hovli-joyga sig‘magan aka va ukaning har biriga ikki qulochli ikki lahad kifoya qildi. Bir hovlida yonma-yon yashashni istashmagan edi, qabristonda yonma-yon qabrlardan joy olishdi. U dunyodagi ahvollari bizga noma’lum. Ota-onalari bilan qiyomatda qay holda ko‘rishishlari ham noma’lum. Farzandlarining bu fojiasi tufayli ota-onaning ruhi to qiyomatga qadar nechog‘lik azob chekmog‘i ham yolg‘iz Allohga ma’lum.
Bizning ajablanishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Gap shundaki, aka-ukaning o‘limi ikki oila o‘rtasidagi nifoqni o‘nglamadi. Ovsinlarning g‘aflat uyqusidagi ko‘zlari ochilmadi, qarindoshlar esa ibrat olishmadi. Aka-uka ekib ketgan nifoq urug‘i unib chiqib, bemehrlik mevalarini beraverdi.
Hasan Basriy (r.a.) Allohning kalomiga asoslangan holda “Qaysiki odamda ilm ko‘rinib, unga amal qilmasa, til bilan aytishni yaxshi ko‘rib, qalbi bilan g‘azablanmasa, qarindoshlari bilan uzilishgan bo‘lsa, Alloh uni la’natlaydi, kar qiladi va ko‘zlarini ko‘rmaydigan qilib qo‘yadi”, deganlarida balkim shu kabi insonlarni nazarda tutgandir?!
Munosabatlarda adolat buzilsa, haqlar poymol qilinsa, axloq chegaralaridan chetga chiqilsa, oilalardagi osoyishtalik barham topadi, ahillikka raxna yetadi, insoniy munosabatlar izdan chiqadi. Bu kabi illatlar jamiyat rivojiga ham salbiy ta’sirini yetkazmay qolmaydi. Yaxshi-yomon kunimizga, og‘ir-yengilimizga avvalo mana shu qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz, jonu jigarlarimiz yaraydi. Ular esa, omonat dunyodagi g‘animatlarimizdir.
Gina va adovatda, bir-birimiz bilan arazlashib, xusumatda uch kundan ortiq yurish musulmon kishiga harom hisoblanadi. Uch kun ichida inson jaholatda yoki g‘azabda bo‘lsa, hovuridan tushishi, o‘zining xatolarini anglab uzr so‘rashi, bir-birining haqiga duo qilishi bu haqiqiy musulmonlarning fazilatli amallaridandir.

Azamat USMONOV
Muallif: Админ
Sana: 02.08.2020
102
554

Аллоҳ таоло бандани бир ишга буюрган бўлса, албатта, бу шу банданинг ўзига манфати етади, уни Аллоҳга ҳеч қандай зарари ҳам фоидаси ҳам йўқдир. Қурбонлик қилиш ибодати ҳам, бошқа ибодатлар каби Аллоҳ учун дейилса-да,фойдани инсон кўради. Қурбонлик қилинган ҳайвоннинг гўштидан (шу қурбонликни) сўйган одамнинг ўзи ва фақир-фуқаролар манфатдор бўлади. Лекин бу ишдан етиб борадигани, банданинг Аллоҳга бўлган итоати, Аллоҳга бўлган қуллиги, Аллоҳга бўлган тақвосидир. Зеро, Аллоҳ таоло шундай марҳамат қилган:

﴿لَن يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَآؤُهَا وَلَكِن يَّنَالُهُ التَّقوَى مِنكُم كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُم لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَىكُم وَبَشِّرِ المُحسِنِينَ﴾

Уларнинг (қурбонликлар) гўштлари ҳам, қонлари ҳам зинҳор Аллоҳга етмас. Лекин Унга сиздан тақво етади. Шундай қилиб, сизни ҳидоят қилгани эвазига Аллоҳга такбир айтишингиз учун уларни (чорполарни) сизга бўйсиндириб қўйди. Яхшилик қилгувчиларга башорат бер”. (Ҳаж сураси-37).

Ҳа, қурбонликка сўйилган ҳайвонларнинг гўштларини ҳам, қонларини ҳам Аллоҳ таоло олмайди. У Зот уларга муҳтож эмас. Қурбонлик қилишдан мақсад юқорида таъкидланганидек банданинг Аллоҳ амрига итоатини, тақвосини намоён этишдир. Банда ихлос билан қурбонлик қилиб, Аллоҳнинг йўлида сўймоқдами, демак, ўша банданинг Аллоҳ таолога тақвоси бор экан. Аллоҳнинг розилиги учун борини қурбон қилишга тайёр экан. Шу билан бирга, қурбонлик қилиш банда учун Аллоҳни улуғлашга бир имкон ва фурсатдитдир.

“Шундай қилиб, сизни ҳидоят қилгани эвазига Аллоҳга такбир айтишинги учун уларни (чорполарни) сизга бўйсиндириб қўйди”.

Банда Аллоҳни қанча улуғласа, шунча оз. Биргина ҳидоятга бошлаб қўйгани учун қанча такбир айтса, оз. Қурбонлик қилиш ҳам, Аллоҳнинг йўлида ҳар қандай қурбонлик беришга тайёр эканини кўрсатиш ҳам ўша ҳидоят учун Аллоҳ таолони улуғлашдир.

Мазҳаббошимиз Имом Абу Ҳанифа роҳимаҳуллоҳ моли закот бериш нисобига етган муқим одамга қурбонлик қилиш вожиб бўлади, деганлар.

“Яхшилик қилгувчиларга башорат бер”.

Яъни тасаввурни, эътиқодни, амални, ибодатни ўнглаган ва бошқа бурчларни яхши адо этадиганларга хушхабар бер[1].

Бу оятларнин тасдиғи ва баёни сифатида Пайғамбар саллоллоҳу алайҳи васалламдан бир неча ҳадислар келган бўлиб, уларни бир иктасини келтириб ўтамиз.

Оиша онамиз розияллоҳу анҳодан ривоят қилинади:

Пайғамбар алайҳиссалом шундай дедилар: “Қурбонлик куни Аллоҳ таолога одам боласининг қилган ишларнинг энг суюклиси қон оқизишдир. Албатта (ушбу қурбонлиги) қиёмат куни шохию, юнлари ва туёқлари ила келади. (ушбу қурбонликнинг) қони ерга тушишдан аввал Аллоҳнинг ҳузурига қабул қилинади. Шундай экан уни кўнгилдан чиқариб қилинглар”.

Қурбон ҳайити куни мўмин банда қиладиган энг гўзал ишлардан ва Аллоҳга энг маҳбуб ишлардан бири бу, жонлиқ сўйишдир. Бу қурбонлик биринчи қатра қони ҳали ерга тушмасдан аввал Аллоҳ уни Ўз ҳузурига қабул этар экан. Унинг қони шунчаки ерга оқиб кетди, деб ўйлаш керак эмас. Чунки бу қурбонлик бир ибодат. Энди шу ибодатни оғринмай, ҳеч малолланмай қилиш керак экан.

Бошқа бир ҳадисда Пайғамбар алайҳиссалом: “Қурбонлик қилишда қурбонлик қилувчига (жонлиқнинг) ҳар бир юнгича ҳасанот бор”[2], деганлар.

Шундай башорат келиб турган бўлса, қайси оқил банда қурбонлик қилишдан ўзини олиб қочади, қайси жаннатни истаган банда бу оятга этибор қаратмайди, қайси тақво истаган банда Аллоҳдан қўрқмайди. Ёки шундай очиқ-ойдин ҳадис келиб қурбонлик қилувчига қанча ажр бор экани айтилиб турган бўлса, бундан бўйин товлаб бўладими, албатта, йўқ.

Ҳозирги бир оғир дамда ҳам Аллоҳнинг ушбу буйруғини чин кўнгилдан, тақво ва ихлос ила амалга оширган ҳамда оширмоқчи бўлганларга жаннат бўлсин. Ҳамда шундай оғир лаҳзада ҳайит байрамларини сабр билан уйдан чиқмай оила бағрида нишонлаётганларга Аллоҳдан буюк ажрлар бўлсин. Албатта ҳар бир ишнинг бир ҳикмати бордир. Аллоҳ сабр қилувчилар билан биргадир. Аллоҳ таоло қурбон ҳайити байрамини гўзал тарзда Ўзининг амридан чиқмаган ҳолда нишонлаб олишизни муяссар қилсин. Молларимизга барака берсин.

Хожа Бухорий ислом билим юрти мударриси

Саидмуҳаммад Довудхон ўғли



[1] Тафсири ҳилол. Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф. “Ҳилол – Нашп” нашриёти, Тошкент – 2018. 4 – жуз. 28, 29 – Б.

[2] Ал-кавкабу ад-дуррий ала жамъ ал-Термизий. Рошид Аҳмад Гангуҳий. 4 – жуз. 345 – Б.

Muallif: Админ
Sana: 01.08.2020
138