Maqolalar
582

Alloh taolo insoniyat naslining nikoh yo‘li bilan davom etishini iroda qilib, O‘zining so‘nggi va mukammal dinida bunga oid barcha hukmlarni bayon etgan. Shuning uchun dinimizda ushbu muqaddas robita – nikoh tufayli vujudga keladigan oilaga katta e’tibor beriladi. Islom dini nikohni, oilaning sha’nini qanchalik himoya qilishini, maxluqotning gultoji bo‘lmish inson naslining davomiyligini ta’minlovchi ilohiy ko‘rsatmalar Qur’oni karimda ham bosh mavzulardan biri ekanini anglash uchun Niso surasidan ikki oyat va ularning tafsiri bilan tanishish kifoyadir. «Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlarini (erkaklarni) ayrimlaridan (ayollardan ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulkidan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida)solihalari – (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatlilardir (ya’ni erining sirini, molini va obro‘sini saqlovchidir). Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qiling, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa)ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark eting, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uring. Ammo sizga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmang. Albatta, Alloh oliy, ulug‘ Zotdir» (34-oyat). Oyatning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, erkak kishi rahbarlikka sabab bo‘lgan shartlarga javob bera olmasa, rahbarlik ularning qo‘lidan ketadi. Masalan, oilaning nafaqasi, ta’minoti erkakning zimmasida edi, lekin erkak hech bir sababsiz uyda o‘tirib, o‘rniga ayolini ishlashga majbur qilsa, bechora xotin oilamni boqaman deb, bola-chaqamni yedirib-ichiraman, erimga qarayman deb bozorma-bozor, yurtma-yurt sarson-sargardon kezsa, tabiiyki, bunday oiladagi rahbarlik o‘z-o‘zidan o‘sha ayolning qo‘liga o‘tib qoladi. Chunki moliyaviy boshqaruv kimning qo‘lida bo‘lsa, hal qiluvchi qaror egasi ham o‘sha bo‘ladi. Bunday holat avvalo erkakni oila rahbarligiga mos qilib yaratgan Alloh taoloning irodasiga qarshi chiqish bo‘lib, jamiyat nizomining buzilishiga ham olib keladi. Insof bilan o‘ylab ko‘raylik, bugun to‘ygacha, to‘y va undan keyingi ko‘pgina sarf-xarajatlar asosan qiz tomondan qilinmayaptimi? Xuddi mana shu narsa turmushning ilk kunlaridanoq erning tilini qisiq qilib, oiladagi rahbarlik va mas’uliyatning kelin qo‘liga o‘tib ketishiga sabab bo‘lmayaptimikan?! Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz istiqlolga erishgach, dinimizni o‘rganish va unga amal qilish, milliy qadriyatlarimizni tiklash borasida keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatimizning buguni va ertasi bo‘lmish oila, er-xotin munosabatlari, farzand tarbiyasi masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash bolajon xalqimizning asriy orzulari, ming yillik diniy va milliy an’analarimizga ko‘ra eng muhim dolzarb vazifaga aylandi. Uzoq muddat davom etgan mustabid tuzumning zararli ta’sirini yo‘qotish, millatimizga yot tushunchalar, urf-odatlarning yoshlarimiz ongiga singdirilishiga, sog‘lom insoniy fitratga zid bo‘lgan turmush tarzini sun’iy ravishda ommalashtirishga qarshi kurashishning eng muhim omili – oilada, mahallada ta’lim-tarbiyani kuchaytirishdir. Bugungi kunda ayniqsa yosh oilalarda juda ko‘p uchrayotgan kelishmovchiliklar, ziddiyatlarning bosh sababi – yoshlarni oilaviy turmushga tayyorlashda yo‘l qo‘yilayotgan xatolardir. O‘g‘il bolalarga «Sen kelgusida oila boshlig‘i bo‘lasan, rahbar bo‘lasan, shuning uchun ilm olgin, hunar o‘rgangin, halol rizq topib, turmush o‘rtog‘ingni, bola-chaqangni boqishga tayyorlangin» deb tarbiya bera olyapmizmi? «Sening bir og‘iz so‘zing bilan nomahram qiz senga halol bo‘ladi. Lekin yana bir og‘iz so‘zing bilan u senga begona bo‘lib qoladi. Tilingga ehtiyot bo‘l, hayot sinovlariga sabrli bo‘l, yetti o‘lchab bir kes, turmush o‘rtog‘ingni boyligi, nasabi, husniga emas, diyonatiga qarab tanla» deb pand-nasihat qilyapmizmi? Unday bo‘lsa nima uchun uylanadigan yigitlar kelin tomondan keladigan mebel, idish-tovoq, bosh-oyoq sarpolar uchun xonalarini bo‘shatib, qo‘l qovushtirib o‘tirishibdi? Nima uchun sal narsaga janjal ko‘tarib, o‘dag‘aylab, birovning bolasini urib, shartta javobini berib yuborishyapti? Qizlarimizga «Sen kelgusida uy bekasi bo‘lasan, ona bo‘lasan, farzand tarbiyalaysan, shuning uchun iffatli bo‘lgin, yaxshi o‘qigin, ro‘zg‘or ilmini o‘rgangin, xushmuomala bo‘lgin, itoatli bo‘lgin, bir umr yangi oilada yashashga tayyorlangin» deb tarbiya bera olyapmizmi? «Bir og‘iz shirin so‘zing bilan buzilay deb turgan oila saqlanib qoladi, bir og‘iz o‘ylamay aytgan gaping bilan qarindosh-urug‘ning orasiga sovuqchilik tushib qoladi» deb ogohlantiryapmizmi? Unday bo‘lsa nima uchun qizlarimiz ochiq-sochiq kiyinyapti, bo‘lajak kuyovning boyligi, nasl-nasabi yoki lavozimini surishtirib, axloqi, dunyoqarashi, dinu diyonatiga loqayd bo‘lishyapti, ota-onasi ne zahmatda qilgan sarpo-suruqni minnat qilib, arzimagan sabablar bilan janjal chiqarib, gap tashib, yosh umrini xazon qilishyapti? Demak, farzand tarbiyasida, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida hali kamchiliklarimiz anchagina ekan. Bu kamchiliklarni bartaraf etishning eng samarali usuli yuqorida aytib o‘tilgan ilohiy hikmatlarni yoshligidan qulog‘iga quyib, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini o‘rgatish, ularga milliy g‘urur, hayo, ibo, g‘ayrat-shijoat tuyg‘ularini singdirishdir. Insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan, buyuk allomalarni dunyoga keltirgan o‘zbek xalqi bugungi kunda yana o‘zligini anglab, jahonga yuz tutmoqda. Ota-bobolarimizning asriy orzu-armoni bo‘lmish hurriyat bayrog‘i ostida tug‘ilgan yosh avlodni Buxoriy, Termiziy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug‘bek mirzo kabi buyuk bobokalonlarimizga munosib avlod qilib tarbiyalash sizu bizning zimmamizdagi ulkan mas’uliyatdir. Bu og‘ir vazifani sharaf bilan ado etish uchun oilalarimiz mustahkam, farzandlarimiz sog‘lom va barkamol bo‘lishi lozim. Oilani mustahkamlash uchun esa muqaddas dinimizning yuqorida aytib o‘tilgan ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilishimiz zarur. Oilada iymon-e’tiqodli, salohiyatli farzandlar yetishib chiqishi uchun oilaning nizomi, poydevori mustahkam bo‘lishi kerak, ota-onaning o‘zi tarbiyali, sabr-matonatli bo‘lishi, turmushning baland-pastini, hayotning achchiq-chuchugini birgalikda totishi kerak. Ana shundagina jamiyatimizdagi har bir oila chinakam baxt saroyiga, rohat-farog‘at, huzur-halovat maskaniga aylanadi. Alloh taolo oilalarimizni chinakam baxtiyor oilalardan qilsin, kelin-kuyovlarimizning qalbiga o‘zaro mehr-muhabbat ato aylasin, har bir oilani mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, ikki dunyo saodatiga erishtirsin.
Xoja Buxoriy islom bilim yurti o‘qituvchisi Suyunov Sanjar

Muallif: Админ
Sana: 11.09.2020
190
581

أن أهل القرآن هم أهل الله.

“Албатта Қуръон аҳли – Аллоҳ таолонинг аҳлидир”.

أن ثواب تلاوة القرآن أعظم من أنفس أموال الدنيا.

“Қуръони карим тиловатининг савоби, дунё молларининг энг нафисидан ҳам улуғдир”.

أن كل حرف فيه بعشر حسنات.

“Қуръони карим ҳарфларининг ҳар бирига ўн савоб бордир”.

أنه يورث الإنسان الراحة والذكر الحسن في السماء والأرض.

“Қуръони карим инсонга роҳат, ер ва осмон борасида чиройли эслатма беради”.

أن كل آية يحفظها المسلم يرفعه الله بها درجة في الجنة.

“Мусулмон киши ёдлаган ҳар бир оят сабабли, Аллоҳ таоло унинг жаннатдаги даражасини кўтаради”.

أن الماهر بالقرآن يقرنه الله تعالى بأفضل الملائكة.

“Аллоҳ таоло Қуръони каримга моҳир бўлган кишини, энг афзал фаришталар қаторига қўшади”.

أن أفضل الناس هو من يتعلم القرآن ويعلمه.

“Инсонларнинг энг афзали Қуръонни таълим олиб сўнгра уни ўргатган кишидир”.

أنه يأتي شفيعًا لأصحابه الذين كانوا يعملون به في الدنيا.

“Дунёда Қуръони каримга амал қилганлар учун қиёмат кунида шафоатчи бўлади”.

أن صاحب القرآن يكرمه الله عز وجل عليه وعلى والديه يوم القيامة بأنواع عظيمة من التكريم.

“Аллоҳ азза ва жалла қиёмат кунида Қуръон соҳиби ва унинг ота-онасига улуғ шараф билан эҳтиром кўрсатади”.

أن البيت الذي يقرأ فيه القرآن تحصل فيه الخيرات والبركات ويحفظ الله تعالى أهل هذا البيت من كل سوء.

“Қуръони карим ўқилган уйга хайр-барака ёғилади ва Аллоҳ таоло мазкур хонадон эгаларини барча ёмонликлардан сақлайди”.

Интернет манбалари асосида тайёрланди.

Ў. Маҳмудов

“Хожа Бухорий” ўрта махсус ислом

билим юрти ўқитувчиси

Muallif: Админ
Sana: 11.09.2020
104
580

عن أبي هريرة رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال:من كان يؤمن بالله واليوم الآخر، فليقل خيرًا أو ليصمت، رواه البخاري ومسلم.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Kim Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin”, dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati

Hadisning sharhi: Inson uni yaratgan Allohga ymon keltirsa va uning amaliga yarasha qiyomat kunida jazo yoki mukofot berilishiga iymon keltirgan bo‘lsa hadisda keltirilgan xulqlar bilan xulqlanishi lozim.
Hadisni jamiyatda tutgan o‘rni shundan iboratki, bu buyuk hadis bo‘lib, ijtimoiy hayotimizda yaxshilik va ezgulikka yetaklovchi odob va axloqlar borasida muhim o‘rin tutadi.
Ushbu hadis borasida Hofiz ibn Hajar rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Mazkur hadis purma’noli so‘zlarni o‘zida ifoda etuvchi hadislar turkumiga kiradi. Chunki, so‘z borki u yaxshi yoki yomon so‘z bo‘lishi mumkin. So‘ning yaxshisini tarkibiga inson gapirishi vojib bo‘lgani bo‘lsin yoki gapirishi mubohi bo‘lsin barcha talab qilinganlari kiradi. Shunday ekan, Rasululloh alayhissalom gapning qaysi turi bo‘lsin faqat yaxshi so‘zlarni gapirishga ruxsat berdilar. Undan tashqari yomon yoki yomonlikka taalluqli so‘zlar bo‘lsin, uni gapirmoqchi bo‘lgan kishini jim turishga buyurdilar”.
Ibn Hajar Haytamiy rahmatullohi alayh: “Mazkur hadis juda buyuk qoidalarni o‘z ichiga olgan. Chunki unda, inson a’zolari ichida eng ko‘p ishtirok etadigan tilimizga taalluqli bo‘lgan hukmlar bayon qilingan. Manashu e’tibordan kelib chiqib, ushbu hadis islom dinini uchdan biriga teng keladi desak to‘g‘ri bo‘ladi” deydilar”.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadilar: “Agar banda bir so‘zni gapirmoqchi bo‘lsada, uning gapiradigan gapi haqiqatda yaxshi so‘z bo‘lsa, uning uchun savob oladi va bunday gapni gapirish mumkin bo‘ladi. Agar kishining gapiradigan gapida savobga yetaklaydigan gap bo‘lmasa o‘sha gapni gapirmasin balki jim tursin”.
Dinimiz vaqtni qadrlaydigan dindin. Shuning uchun musulmon inson uni foydasiz narsalarga sarflamasligi lozim. Chunki, Alloh taoloning zikrini qo‘yib keraksiz gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lgan odam gavharni qo‘yib, tezakni olgan bilan barobardir.
Hakimlardan biridan: “Seni bunchalik hikmatga nima yetkazdi? deb, so‘raganida: “Bilganimni so‘ramayman, keraksiz narsani gapirmayman” degan ekan. Xulosa shulki, har bir gapirgan so‘zi uchun qiyomatda hisob-kitob qilinishini o‘ylagan inson faqat foydali so‘z so‘zlaydi yoki jim turadi.

O‘. Mahmudov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 10.09.2020
116
578

Bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar barchani birdek xursand qilmoqda. Odamlarimiz yuzida bu kabi islohotlarga xayrixohlik, qo‘llab-quvvatlash singari ezgu niyatlarning mujassamligi shundoq bilinib turibdi. Davlatimiz rahbarining so‘ngi bir necha yil ichida Respublikamiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, ichki va tashqi siyosatimiz yo‘lida boshlagan sa’y-harakatlari ayniqsa, qo‘shnilar bilan iqtisodiy, savdo-sotiq, ilmiy-ma’rifiy kabi barcha sohalarga qaratilgan teng va ochiq hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi ayni muddao bo‘ldi. Mazkur o‘zgarishlar orasida diniy sohasida olib borilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlash kerak.
Lekin hamma narsa ham biz o‘ylagandek silliq bo‘lmas ekan. Demoqchimizki O‘zbekistondagi bu o‘zgarishlarni ko‘rolmaydigan, qalblari hasad va nifoq bilan zaharlangan kishilar hali hamon uchrab turgani ham haqiqat.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohasidagi ishlarning bosh tashabbuskori muhtaram Prezidentimiz ekani bunday kimsalarni qattiq sarosimaga solmoqda. Ayniqsa, dolzarb muammolarni Davlatimiz rahbari tomonidan hal etilishi, kutilmagan tashabbuslar qilinishi, islohotlar amalda o‘z ifodasini topayotgani bunday kimsalarni esankiratib qo‘ymoqda. Natijada tirnoq ichidan kir qidirishga o‘rganib qolgan noxolis nashrlar nima qilarini bilmay qolmoqda. Shunday bo‘lsada, “bukrini go‘r to‘g‘rilaydi deganlaridek” ular qabih ishida davom etmoqda.
Yodingizda bo‘lsa bir qancha vaqt oldin xorijiy nashrlardan biri, “Ellik foizdan ko‘p o‘zbekistonliklar o‘zini dindor, deb hisoblar ekan”, degan mutlaqo asossiz xabarlar tarqatgan edi. Tabiyki e’lon qilgan bunday mantiqsiz maqolani o‘qib ko‘pchilik taajjubga tushdi. Qanday qilib, aholining 94 foizi Islom diniga amal qiladigan musulmonlarga bunday nisbat berish mumkin. Asl vaziyatdan xabardor bo‘lmay turib, bunday asossiz ma’lumot tarqatishga ularning nima haqlari bor.
Vaziyatni aniq bila turib noxolis axborot tarqatish o‘ta adolatsizlik, xorijdagi fitnachi OAVlarning ishi fitna-fasod, lekin o‘zimizdagi saytlarning bu ishga bosh qo‘shayotgani xatarlidir, hozir bunaqalar kimning tegirmoniga suv quyayotganini bilmaydi, bularga vaqtida javob berib chorasini ko‘rish har bir kishining muqaddas burchi hisoblanishi kerak. Eng yomoni internetda tarqatilayotgan, dinimiz yo‘lida yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan kamchilik izlab noto‘g‘ri talqin qilish fitna keltirib chiqaradi.
Qolaversa internet maydonidagi ma’lumotlar bugun chegara bilmas, taqiqsiz manbaga aylandi. Aslida ezgulik maqsadida yaratilgan tarmoq, afsuski, yolg‘on va zalolatga ham birdek xizmat qilayapti. Internetdan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etayotgani kishini bir oz xavotirga soladi. Sir emaski, internetdagi buzg‘unchi manbalar hali e’tiqodi shakllanmagan g‘o‘r yoshlarimizning ongini zaharlab, ularni jang maydonlarida qurol ko‘tarib, noma’lum maqsadlar yo‘lida qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bugun targ‘ibotning eng so‘nggi usullaridan foydalanayotgan diniy-ekstremistik saytlardagi kimsalar o‘zlarini an’anaviy din vakili sifatida ko‘rsatib, hamon olg‘irlik payidalar.
Diniy savodi bo‘lmagan kishining to‘g‘ri bilan yolg‘onni farqlashi mushkul. Shuning uchun bo‘lsa kerak ayrim hollarda odamlarimiz diniy ehtiyojini qondirish maqsadida buzg‘unchi manbalarning o‘ljasiga aylanib qolmoqda. Eng maqbuli internetdagi uz domenidan boshqa diniy-islomiy mazmundagi saytlardan foydalanmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, ayrim diniy istilohlarni noto‘g‘ri talqin etuvchi, yurtimizdagi jarayonlarni keskin va noxolis baholovchi, ko‘rinishdan beozor, ekstremistik mazmundagi audio, video hamda elektron kitoblarni saqlovchi, saytlarga kirmaslikni tavsiya etamiz.
Ular hayotda o‘z o‘rnini topishga intilmagan, oqibat o‘zidan emas jamiyatdan norozi bo‘lgan yoshlarga tezda boyib ketishni va’da qilib mazhabsizlik, jihodga targ‘ib, boshqalarni kufrda ayblash, rasmiy diniy rahnamolarni obro‘sizlantirishni maqsad etadilar.
Xulosa qilib aytganda bugungi jamiyatda asosiy ziddiyatlar bilim va bilimsizlik o‘rtasida yuz berishini hisobga olsak, yosh avlodni diniy-milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular qalbida o‘z xalqi, Vataniga mehr-sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularni har xil buzg‘unchi kuchlarning axborot xurujlaridan ogoh etish eng asosiy ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Alloh taolo hamisha yurtimizni tinch va osmonimizni musaffo qilsin.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Qodirov Omon

Muallif: Админ
Sana: 08.09.2020
116
577

Din insonlar hayotida doimo muhim o‘rin tutib kelgan. Uning yaratuvchilik va bunyodkorlik, uyushtiruvchilik va yo‘naltiruvchilik salohiyati hamisha jamiyat rivoji, inson kamolotiga xizmat qilgan. Ayni paytda, insoniyatning ko‘p asrlik tarixi dindan niqob sifatida foydalanish, undagi g‘oyalarni vayronkorlik ruhida talqin etish odamlar boshiga ko‘plab kulfatlar keltirganini ko‘rsatadi. Afsuski, bugungi kunda ham biz mana shunday jarayonlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Jahonning turli nuqtalarida ro‘y berayotgan terrorchilik xatti-harakatlari, qonli to‘qnashuvlar, xalqimiz, avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodda mutaassiblik, o‘zaro nizo, urushlarning mudhish va vayronkor oqibatlari haqida tizimli tasavvur hosil qilish, yurtimiz aholisi, xususan, yoshlar va ayollar ongini zaharlashga urinayotgan kuchlarga aldanib qolmaslik maqsadida g‘oyaviy immunitetni oshirish va joylarda kuchaytirilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, xalqimizning to‘q va farovon yashayotganliklari, yaratib berilgan imtiyoz va erkinliklar, eng asosiysi, tinch xayotimiz ana shu xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilotlar va ularning ma’naviy rahnamolariga tinchini buzmoqda. Shu boisdan ular zo‘r berib, o‘z g‘arazli maqsadlari – g‘oyalarini yoyishga, millat birligi, yurt tinchligiga rahna solishga urinishmoqda.
Ekstremistik guruhlarning bosh maqsadi – «xalifalik» yoki «islom amirligi» tuzish shiori ostida xokimiyatni egallashdir. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida hech qanday qabihlikdan qaytishmaydi. Avvalo, aholiga hanafiylik mazhabiga zid mutaassib g‘oyalarni singdirish, ijtimoiy – siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, hukumatga tazyiq o‘tkazish, aholi orasida qo‘rquv, porakandalik, davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini shakillantirish hamda Respublika rahbariyati tomonidan din sohasida olib borilayotgan siyosatni obro‘sizlantirish kabi oraliq maqsadlariga bo‘ysindirilgan faoliyat olib borishga harakat qilishadi. Ularning asosiy faoliyat uslublari ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, video va audio tasmalarni tarqatish, yashirin guruhlar tuzish, o‘z a’zolarini davlat tizilmalariga kiritishga intilish, mavjud ijtimoiy – siyosiy voqealikni keskin qoralash, davlat va diniy idora vakilliklarini obro‘sizlantirish hamda shu bilan birga terroristik harakatlarni o‘tkazishdan iborat.
Din niqobi ostida g‘oyaviy xuruj qilayotgan kuchlar bor ekan, kishi xavotirga tushmay qolmaydi, albatta. Bunda birinchi navbatda yurtimizda qaror topgan tinchlik va xotirjamlikni har qanday g‘oyalardan muhofaza qilishni tushunamiz. Zero, Bosh Qomusimizda “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir”, deb belgilab qo‘yilgan (52-modda). Birinchi Prezidentimiz aytganidek: “Tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi, deganlar qattiq yanglishadi. Bu yo‘lda barchamiz, butun xalqimiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak”.
Haqiqatan, tinchlik uchun harakat qilish – sarhad ostonasida sergak turishdangina iborat emas. Qolaversa, bugungi globallashuv jarayonida axborot xuruji asosiy qurolga aylanib qoldi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ogohlik va hushyorlik har qanday xurujlarga qarshi tura oladigan vositadir. Shu sababli, avvalo, yoshlarni bunday tahdidlarga nisbatan murosasiz bo‘lishga tayyorlash zarur. Buning uchun ularga aqidaparastlik, mahdudlikning ayanchli oqibatlari haqida muntazam tushunchalar berib borish kerak.
Azaldan ma’lumki, beparvo, loqayd odam dushmandan xavfliroqdir. Dushmanning kimligi, asl qiyofasi avvaldan ma’lum bo‘ladi. Biroq loqayd va beparvo odamning maqsadini birdaniga bilib bo‘lmaydi.
“Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”, degan buyuk Amir Temur. Abdurahmon Jomiy lafziga ko‘ra: “Beparvolik ming turli sitamlarning sababchisidir”.
Tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etish ham barqarorlikka qo‘shilgan hissa aslida. Chunki noshukrlik jamiyatda ildiz otib ketish xavfi katta bo‘lgan tahdiddir. Bunday insonlarni dinimiz ham qoralaydi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) buyuradi: “Allohning insonlarga atalgan bir talay ne’matlari bor. Insonlar bir-birlarining ehtiyojlarini ta’min etgan va bir-birlarining dardlarini aritgan va aritayotgan vaqtlarda bu ne’matlarni ularga berishda davom etadi. Bir-birlarini sevmay, bir-birini chalib yiqitishga o‘ta boshlagan vaqtlarda ularga berayotgan ne’matlarini to‘xtatib, boshqa ahil qavmlarga beradi”.
O‘zini shu muqaddas Vatanning farovonligi uchun daxldor deb biladigan har bir kishi tinchlikning mohiyatini nafaqat anglashi, balki munosib hissasini qo‘shishi zarur. Albatta, farovon kunlarimizning qadriga yetish, asrab-avaylash zimmamizdagi ulkan mas’uliyatdir.

Mirjalil Xudoynazarov,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 08.09.2020
145