Maqolalar
590

Kuni kecha dunyo afkor ommasining butun e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqiga qaratildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chunonchi, davlatimiz rahbari oliy minbardan turib: “Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, deya ta’kidladilar.

Darhaqiqat, so‘nggi bir yilda mamlakatimizda 15 dan ziyod yangi jome masjid ochilib, shu bilan masjidlar soni 2070 dan oshib ketdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiya markazi, Tasavvuf, Fiqh, Aqida maktablari ish boshlagani haqida to‘xtalib o‘tirmoqchi emasmiz.

Aslida, 130 dan ziyod turli millat va elat vakillari bir diyorda tinch-totuv yashayotganining o‘zi diniy bag‘rikenglikning amaldagi in’ikosidir. “Diniy bag‘rikenglik” tushunchasi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan so‘z emas. Islomning ilk davrlaridayoq ushbu tushunchaga asos solindi. Ahmad Lutfiy Qozonchining Islom tarixini go‘zal tarzda yoritib bergan “Saodat asri qissalari” kitobida bunday ma’lumotlar keltiriladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madina xalqini, ya’ni musulmoniyu musulmon bo‘lmagan barchasini bir tan, bir jon etmoqqa niyat qildilar. Bu bilan tashqaridan kutilayotgan hujumlarga qarshi Madinaga kuchli ichki osoyishtalik o‘rnatilishi mumkin edi. Yahudiylarning kattalari bilan uchrashdilar. Ikki tomonga foyda beradigan bir shartnoma ularga ham lozim edi. Bu shartnomada: “Musulmonlar va yahudiylarning o‘z dinlarida erkin bo‘lishlari; shaharni har qanday hujumlardan birgalashib mudofaa etishlari; bir-birining dushmani bo‘lgan biron qabila bilan shartnoma tuzmasligi; qurayshliklarga yordam berilmasligi; zulm va haqsizlik qilganlarni himoya etmasligi; biron kelishmovchilik chiqsa, Rasulullohga murojaat etishlari lozim, degan muhim moddalar bor edi. Madina kechagi kunga nisbatan yanada quvvatli, yanada osoyishta holatga keldi. Makkaliklar bilan madinaliklar o‘rtasida do‘stlik vujudga kelishi bilan musulmon bo‘lmagan madinaliklar yahudiylar orasiga solishi mumkin bo‘lgan fitna-fasodning oldi olingan bo‘lsa, butun Madina xalqi qattiq e’tibor bergan bu shartnoma tufayli tashqi munosabatlarda ham mavqelari xiyla ko‘tarildi” .

Ushbu voqeadan bilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlari yashab turgan yurtni himoyasi, taraqqiyoti va osoyishtaligi uchun go‘zal bir jamiyatni shakllantira boshladilar. O‘sha joyda yashaydigan barcha insonlarni dini, irqi, jinsi va millatidan qat’i nazar, o‘zaro mehr-muhabbatli, bag‘rikeng bo‘lishga chaqirib, ularning kattalari bilan shartnoma tuzdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu tadbirlari tufayli vujudga kelgan holatni keltirilgan iqtibosdan bildik.

Ha azizlar! Islom – bag‘rikeng din. Bag‘rikenglikka targ‘ib qilgan din. Islomda har bir maxluqotning o‘z haqqi bor. Bu huquqlar din va millat tanlamaydi. Islom musulmon kishi uchun har bir insonni haqqini ado qilishga buyuradi. Unga nisbatan go‘zal muomalada bo‘lishga chaqiradi. Bu behikmat emas, albatta. Bunday muomalaning hikmati va foydalarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalarning hayotini o‘qigan kishi yaxshi biladi. O‘sha paytda judayam ko‘p ahli kitoblarning Islomga kirishiga aynan bag‘rikenglik, ularga nisbatan qilingan go‘zal muomala, adolatli qarorlar sabab bo‘lgan.

Bugun biz yashayotgan diyor ham turli din, turli tuman millat vakillaridan tashkil topgan. Bu jamiyatda yashayotgan har bir musulmon ularga nisbatan xuddi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar tutgan yo‘lni tutmog‘i lozim. Ulamolar aytadilar: “Kitobiya ayol bilan bir tom ostida yashashni man qilmagan Islom, o‘zga din vakili bilan bir osmon ostida yashashga monelik qilishi mumkin emas”.

Afsuski, ba’zida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan yaxshiroq bo‘lmagan kishilar, madinalik yahudiylardan ko‘ra yomonroq bo‘lmagan boshqa din vakillariga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari bilan Payg‘ambarimiz asos solgan “Diniy bag‘rikenglik” qonunini buzmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurib ketgan tinchlik, birdamlik, mehr-oqibat binosining g‘ishtlarini bitta-bitta ko‘chirmoqdalar.

U zot yopib tashlagan, uni ochmaslikni qattiq tayinlaganlari fitnalar, fasodlar, nizolar hamda adovat eshiklarini birma-bir ochmoqdalar. Ularning bu qilmishlari oqibatida musaffo Islom diniga har xil tana va tuhmat toshlari otilmoqda. Bunday harakatdan judayam ehtiyot bo‘lmoq kerak. Bu yo‘lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashmoqlik manfaatlidir.

Chunki Rabbimiz bizlar uchun: «(Ey mo‘minlar!) sizlar uchun Alloh va oxirat kunida umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning Payg‘ambari (iymon e’tiqodi va hulq atvori) da go‘zal namuna bordir,” (Ahzob surasi, 21-oyat) deb marhamat qilgan.

Muxtasar aytganda, muhtaram Yurtboshimizning BMTning 75-sessiyasidagi nutqi avvalgisi, ya’ni 2017 yildagi 72-sessiyasidagi nutqining mantiqiy davomi sifatida ko‘plab tashabbuslarga, takliflarga boyligi bilan butun dunyoda alohida e’tirof etilmoqda. Nutqda O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglikning e’tirof etilishi dinimiz ravnaqiga xizmat qiladi, inshoalloh.



Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Muallif: Админ
Sana: 25.09.2020
68
589

Savol: Bizda bir “Hizbut-tahrir” nomli jamoa bor. Islom xalifaligini o‘rnatish haqida bong urishadi. Ulamolar haqida har xil gaplar gapirishadi. Ularga qanday raddiya qilish kerak? O‘zi Islom xalifaligiga qanday yo‘l tutilish kerak?


Javob: Alhamdu lillah, vassolatu vassalamu ala rosulillah.

Insonlar jamoalanish bo‘yicha ikki jamoaga ajraydilar. Rohmanning jamoasi va Shayton jamoalari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo‘lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo aytadi:

إِنَّ الَّذِينَ فَرَّقُوا دِينَهُمْ وَكَانُوا شِيَعًا لَسْتَ مِنْهُمْ فِي شَيْءٍ إِنَّمَا أَمْرُهُمْ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ يُنَبِّئُهُمْ بِمَا كَانُوا يَفْعَلُونَ

“Dinlarini (firqalarga) bo‘lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas’ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So‘ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An’om surasi 159-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalom esa: “Yahudiylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi. Nasorolar ham yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi. Mening ummatim esa yetmish uch firqaga bo‘linib ketadi”, deganlar (Imom Abu Dovud Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Yana Imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya raziyallohu anhudan ham shunga o‘xshash hadis rivoyat qilgan. Unda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ularning hammasi do‘zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O‘sha bir toifa kimlar, ey, Allohning Rasuli!” deyishdi. U Zot: “Jamoatdir”, dedilar. So‘ng yana qo‘shimcha qilib aytdilarki: “Albatta yaqin orada shunday qavmlar keladiki, qutirish kasali bemorni qanday egallasa, ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi” – dedilar.

Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz alayhissalom xabar bergan narsalari voqe’likda sodir bo‘ldi. Havoi nafsga ergashish ko‘paydi. Firqalar, jamoalar ko‘paydi. Holbuki, Alloh taolo o‘z kitobida aytadi:

وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ

“Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi 103-sura).

Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O‘zlaringizdan oldingilar yo‘liga xuddi (kamon o‘qining) patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb (echkiemar)ning iniga kirgan bo‘lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytdilar: “Ey, Rasulalloh! Yahudlar va Nasorolarmi?” Payg‘ambar alayhissalom: “Unda kim?” - dedilar.

Yana Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Mo‘’min mo‘’min uchun xuddi bir birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.

Ammo bu paydo bo‘lgan hizblar-jamoalar o‘zaro bir-birlaridan tanofurda, nafratdadirlar. Bir birlarini ta’na-ayb qo‘yadilar. Hatto bir kishi: “Bu hizblar din dushmanlarining iroda-istaklarini ya’ni ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, alaloqibat ummatni za’iflashtirish kabi ishlarni amalga oshiryaptilar”, desa to‘g‘ri aytgan bo‘ladi.

Xullas, “Hizbut tahrir” jamoasi qattiq adashgan toifalardan. Men so‘zimning avalidanoq shu so‘zni aytsam balki sizlarga g‘arib tuyular. Aslida bu so‘zni aytishdan oldin muqaddima keltirishim kerakdir. Masalan quyidagicha: “Ushbu hizbut tahrir jamoasi paskash jamoa bo‘lib, Urdunda paydo bo‘lgan. “Ixvonul muslimin”dan ajrab chiqqan. Ixvonchilar ularga bu yo‘ldan qaytsinlar uchun o‘zaro elchilar yuborishgan. Lekin ular qaytishdan bosh tortishgan. Ularning yetakchisi Taqiyuddin Nabahoniy edi. Ular aqida masalalarida quyidagilarni aytadilar: aqidaviy hukm faqat aqldan olinadi. Agar sam’iy ya’ni, naqliy dalildan olinsa, u faqat qat’iy dalil bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ham ular azobi qabrni rad qiladilar, Masihud-Dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Fazilatli ahloqlar va ilm o‘rgatishga beparvo bo‘ladilar. Hizbchilar quruq siyosatdonlikka o‘rgatiladigan dinga muxolif jamoadir.

Hizbchilarning yetakchisiga: “Nima uchun sizlarda Qur’on yodlatadigan madrasalar ko‘rinmaydi?”, deb so‘ralganda shunday javob bergan: “Men darveshlar chiqarmoqchimasman”. Ko‘rib turganingizdek, ular faqat siyosatga tayanadilar. Ilm, ahloq va qalb tarbiyasi, zuhd, taqvoga sabab bo‘luvchi ilmlar ular uchun qiziq emas. Fiqhiy masalalarda ham o‘zlariga xos jihatlar bo‘lib, ularga ko‘ra erkak kishi nomahram ayol bilan qo‘l berib ko‘rishsa, joiz bo‘ladi. Shuningdek, sho‘roda kofir inson ham bo‘lishi, hamda u umumiy ma’noda voliy, hokim bo‘lishi ham mumkin. Shunday qilib, Hizbut tahrir jamoasi eng adashgan toifalardan biridir.

Men Hizbut–tahrirlik bilan faxrlangan, gerdayganlardan taajjubdaman. Barcha mo‘min musulmonlarni hizbut-tahrir jamoasidan ogohlikka, ulardan uzoq bo‘lishga chaqiraman. Agar biz hizbut-tahrir jamoasini ta’vilchilar, deb hisoblamasak edi, aslida ularni kofir deyishimiz haqli bo‘lardi. Chunki ular azobi qabrni inkor qiladilar. Masihud-dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Yetakchilari esa: “Talabalariga Qur’onni o‘rgatish lozim emas. Ulardan darveshlar yetishtirmaslik kerak” – deydi.

Yaman ulamolar kengashi a’zosi

Shayx Muqbil Hodiy Vodiiy

Muallif: Админ
Sana: 25.09.2020
79
587

Бугунги кунда ижтимоий тармоқлар яъни: ВКонтакте, Одноклассники, Файсбук, Твиттер, Ватсап, Телеграм, Инстаграм, каби тармоқлар инсониятга бир қанча имкониятлар бериш билан бир қаторда афсуски, турли ғийбату ҳақоратларни, риёкорликни тарқатишда ҳам асосий каналга айланди. Уларнинг ишончлилиги эса шубҳалидир. Хусусан, аксарияти таниқли шахслар тўғрисидаги суҳбатлар билан боғлиқ бўлиб, уларнинг атрофида кўплаб миш-мишлар айланиб юради. Мусулмонлар бу каби суҳбатларда иштирок этмасликлари керак, чунки бу гуноҳдир. Аллоҳ субҳану ва таоло Ҳужурот сурасининг 12-оятида: «Баъзиларингиз баъзиларингизни ғийбат қилманглар» дея марҳамат қилади.

Шунингдек, мусулмон киши ҳар қандай жамоат ичида одамлардан ўзини устун ва ажратиб кўрсатишга уринмаслиги лозим. Пайғамбаримиз Муҳаммад соллаллоҳу алайҳи васаллам айтганлар: “Бир-бирингизга нисбатан камтар бўлинг, токи бирон кимса бировга нисбатан такаббурлик қилмасин, бирон кимса бошқа кимсага зулм қилмасин”.

Демак, мусулмонлар бошқаларга нисбатан кибр қилмаслиги шартдир. Сиз бошқалардан яхши томонингиз билан, фақат яхши ўрнак кўрсатиб ажралиб туришингиз мумкин. Бундан ташқари, сиз ўзингизнинг маълум афзалликларингиз ва бойликларингиз билан мақтана олмайсиз. Агар Аллоҳ бандасига дунёда бирон нарса берган бўлса, демак уни олиб қўйиши ҳам мумкин. Шунинг учун мусулмонлар берилган барча нарсалар учун оламларнинг Парвардигорига шукр қилиб, камтарликни изҳор қилишлари, манманлик ва кибрдан узоқ бўлишлари керак.

Суфён ибн Уяйна (р.ҳ): “Кимнинг гуноҳ-маъсияти нафсининг хоҳиши туфайли бўлса, унинг тавбаси қабул бўлишидан умид қил. Ахир Одам алайҳиссалом ҳам нафсининг хоҳиши билан гуноҳ қилган. Кейин мағфират сўраган ва Аллоҳ кечирган. Лекин, кимнинг гуноҳи кибр туфайли бўлса, унга лаънат тушишидан қўрққин. Зеро, иблиснинг гуноҳи кибр туфайли эди, лаънатга дучор бўлди” - деган эканлар.

Мусулмон киши ижтимоий тармоқлардан фойдаланганда гуноҳларни ошкор қилишдан ҳам тийилиш лозим.

Кўпгина интернет фойдаланувчилари ўзларининг саҳифаларида видео ва фотосуратлари орқали қилган гуноҳларини ошкор қилмоқдалар. Мусулмон одамнинг ёмонликларини бошқаларга хабар қилиши жоиз эмас. Ҳар биримизнинг гуноҳларимиз фақат ўзимизга ва Аллоҳга маълум бўлиши керак. Имом Бухорий ва Имом Муслим ривоят қилган ҳадисларнинг бирида Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи васаллам шундай деганлар: “Умматимнинг мужоҳирларидан бошқа барчаси афв этилган. Мужоҳир киши тунда бир гуноҳ амал қилади ва Аллоҳ унинг гуноҳини беркитган бўлади. У эса тонг оттирганда: “Эй фалончи, кеча мен фалон ва фалон амалларни қилдим”, дейди. Ваҳоланки, Аллоҳ унинг гуноҳини беркитганда, у ўз гуноҳини ошкор қилди”.

Агар бир киши бошқанинг гуноҳини билса, уни ҳам сир тутиши керак. Аллоҳнинг Расули соллаллоҳу алайҳи васаллам: «Ким мўминнинг айбини яширса Аллоҳ қиёмат куни унинг айбини яширади» деганлар.

Аллоҳ таоло бандаларини гуноҳ ва маъсиятдан қайтариб, беҳуда гапирмаслик ва тилни эҳтиёт қилиш лозимлигини таъкидлаб, ҳадиси қудсийда: Эй Одам фарзанди! Агар қалбингда ғашлик, баданингда беморлик, ризқингда маҳрумлик, молингда камчилик топсанг, демак, билгинки, сен бефойда нарсани (кўп)гапирибсан.

Эй Одам фарзанди! Тилингни тўғри қилмагунингча, дининг тўғри бўлмайди. Роббингдан ҳаё қилмагунингча, тилинг тўғри бўлмайди. Агар ўз айбингни унутиб, одамларнинг айбига назар солсанг, унда сен шайтонни рози қилиб, Раҳмоннинг ғазабини келтирибсан дея марҳамат қилади.

Шундай экан, ижтимоий тармоқлардами ёки жамиятда юзма – юз учрашганимиздами фақат ва фақат манфаатли гапларни гапириб, бир биримизга меҳр оқибатли бўлайлик.

Албатта кишининг одоби, хулқи унинг маърифати, билимдонлиги билан чамбарчас боғлиқ бўлади. Инсон қанчалик маърифатга эришса, унинг хулқи шунчалик яхши ва мукаммал бўлади.

Аллоҳ таоло барчамизни эшитган ҳар бир маълумотни гапираверадиган, ёлғончи, туҳматчи ва мужоҳирлардан бўлиб қолишимиздан асрасин! Ўзининг амрига итоат этиб, биров келтирган, айтган хабарларни текшириб, ўрганиб кўрувчилардан қилсин!
Манбалар асосида А. Усмонов тайёрлади

Muallif: Админ
Sana: 18.09.2020
72
586

Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta’sir va tazyiqlarning bosh ob’ektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali yetarli tajribaga ega bo‘lmagan, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda.
Yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va h.k.) ega bo‘lishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi ma’naviy-ruhiy omillarni alohida ajratib ko‘rsatish lozim.
Buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy aytganidek, «Inson tabiatning eng oliy zoti, kamolotidir, inson zoti barcha hayvonlardan yuqori turadi. Insonga katta sharaf ko‘rsatilgan – unga aql-zakovat va kuch berilgan. Shu sababdan, insonning ma’naviy olami uning oldiga qo‘yilgan vazifalarga mos bo‘lishi uchun u yuksak axloqli, bilimli, ma’rifatli bo‘lmog‘i darkor». Demak, farzand tarbiyasi avvalo, uning ma’naviy poydevori qanchalik mustahkamligi bilan belgilanadi. Darhaqiqat, go‘zal xulq ila tarbiyalangan bola hayotda aql-idrok bilan ish tutadi, imon-e’tiqodida sobit turadi, erkin va mustaqil fikrlaydi, har xil aldovlarga uchmaydi hamda g‘arazli tashviqotlarga berilmaydi.
Ayni paytda, bir haqiqatni alohida qayd etish lozim. Ota-bobolarimiz dini bo‘lmish islom har doim odamlarni o‘z-o‘zini idora etishga, yaxshi xislatlarni ko‘paytirib, yomonlaridan xalos bo‘lishiga chorlagan, og‘ir sinovlarga bardosh berishga, yorug‘ kunlarga intilib yashashga da’vat qilgan, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz uchun ham imon, ham axloq, ham ma’rifat bo‘lib kelgan. Hozirda ham bu ma’rifat odamlarga ma’naviy-ruhiy kuch-quvvat bag‘ishlab, o‘zaro mehr-oqibatlilik tuyg‘ularining kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash nafaqat bir davlat yoki mintaqa, balki jahon hamjamiyati uchun eng dolzarb masalaga aylandi. Shu jumladan, bizning yurtimizda ham begunoh kishilarning qoni to‘kilishi, obod joylar vayron bo‘lishi, aholi o‘rtasida vahima, parokandalik kelib chiqishining oldini olish maqsadida bu kabi ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lganlarga qarshi qat’iy kurash olib borilmoqda.
Hozirgi kunga kelib mintaqada, xususan, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaning rivojlanishi diniy mutaassiblik xavfining oldini olishda muhim omil bo‘lib qolmoqda. Ammo g‘arazli kuchlar ham o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida yangi-yangi uslublarni, hiyla-nayranglarni o‘ylab topishlari ham tabiiy. Bu kabi salbiy holatlarning paydo bo‘lishi va rivoj topishiga yo‘l qo‘ymaslik esa doimiy hushyorlikni talab etadi.
Ming afsuski, diniy savodi past bo‘lgan ayrim kishilar o‘zlarini islom dinining jonkuyarlari qilib ko‘rsatuvchi, aslida esa, hokimiyatni egallashni maqsad qilib qo‘ygan turli oqim vakillarining quruq va’dalariga aldanib qolmoqdalar, hatto, o‘zlarini qurbon qilishgacha yetib bormoqdalar. Johillik ham mutaassib oqimlarning g‘arazli niyatlarini amalga oshirishiga zamin yaratadigan omillardan biriga aylandi. Mamlakatimiz hududiga yashirin tarzda olib kirilayotgan ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan materiallardan ta’sirlanayotgan va to‘g‘ri yo‘ldan adashayotganlarning borligi ham buni tasdiqlaydi. O‘zini portlatish orqali begunoh kishilarning halok bo‘lishiga, qanchadan-qancha bolalarning yetimga aylanishiga sabab bo‘ladigan jafokorlik ham jaholatning o‘ziga xos ko‘rinishidir. Darhaqiqat hozirgi kunga kelib ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Bunday kuchlar yoshlarimiz ongi va qalbini zabt etish maqsadida har qanday qabih yo‘llardan foydalanishga urinmoqda.
Yuqoridagi mulohaza va dalillar, ekstremizm va mutaassiblikning asl qiyofasini ochib berib, mazkur harakatlarning nafaqat dunyoviy qonun-qoidalar, balki islom dini asoslariga ham zid ekanini ko‘rsatadi. Shunday ekan, bunday oqimlarga qarshi murosasiz kurash, terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan mutaassib kuchlarning islom diniga mutlaqo yot, begona ekanini har tomonlama asoslash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda farzandlarimiz dunyoning eng o‘tkir, faol, uddaburon, Vatanparvar yoshlariga aylanishi, ularni fidoiylik, vatanparvarlik, tadbirkorlik, millatparvarlik, sadoqatga o‘rgatish ko‘p jihatdan ota-onalarga ham bog‘liq. Bu borada, albatta, ota-onaga yordam berishda butun jamoatchilik – mahalla faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika noziri, kabi tashkilotlarning joylardagi mas’ullari birgalikda faol ishlashlari kerak.
Respublikamizda qaror topgan tolerantlik muhitini afkor ommaga ob’ektiv ko‘rsatib berish, e’tiqod erkinligi sohasida O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatni keng targ‘ib qilish, ekstremistik oqimlar tomonidan targ‘ib qilinayotgan vayronkor g‘oyalarga qarshi islom manbalariga asoslangan ilmiy raddiyalar berish, diniy mutaassiblik tamoyillarining jamiyatga tahdidi, uning zamiridagi g‘arazli geosiyosiy maqsadlar, ularni amalga oshirayotgan buzg‘unchi kuchlarning kirdikorlarini fosh etishga qaratilgan ishlanmalar yaratish yoki ularni aholi orasida targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, har bir insonning o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, yon-atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga hushyorlik bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida sergak va ogoh bo‘lib yashashi, yoshlarimizning ongu qalbini jaholatdan, yot va zararli g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, biz erishgan mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashning muhim omili hisoblanadi. Buni hech qachon unutmasligimiz, tinchlik uchun doimo o‘zimizning bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etib yashashimiz lozim.
Hozirgi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qilish juda mushkul. Ayniqsa, yoshlar hayotida global tarmoqning o‘rni tobora oshib bormoqda. Internet dunyoning turli nuqtalarida yashovchi odamlarning o‘zaro muloqotini hamda axborot almashinuvini mukammal darajada osonlashtirdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internetdan eng ko‘p foydalanuvchilar aynan 21 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanar ekan.
Yurtimizda ham Internet tizimi rivojlanib, undan foydalanuvchilar safi jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda. So‘nggi o‘n yilda global tarmoqdan foydalanuvchilar o‘n barobarga oshgan. Tarmoq orqali axborot izlash, qabul qilish, uzatishning juda qulay va ommabopligi undan foydalanuvchilar sonining tobora ortib borishini ta’minlamoqda.
Internet yoshlar ongi va hissiyotlariga, tafakkur tarziga, xulq-atvorlariga ta’sir ko‘rsatishda katta imkoniyatlarga ega. Internetning bugungi kundagi rivoji yoshlarga g‘oyaviy ta’sir o‘tkazishning miqyosi va ko‘lamining keskin darajada o‘sishiga olib keldi.
Globallashuvning ijobiy va salbiy tomonlari bo‘lgani kabi, internet tarmog‘i ham shunday xususiyatlarga ega ekanini unutmaslik zarur. Albatta, global tarmoq – ulkan resurs. Biroq, bu resursdan kim va qanday maqsadlarda foydalanishi ham juda jiddiy masalalar sirasiga kiradi. Xususan, ma’lumotlarda keltirilishicha, bugungi kunga kelib, internet tarmog‘ida ma’naviy-axloqiy tubanlikni targ‘ib etuvchi sahifalarning soni bir necha yuz millionni tashkil etgan.
Boshqacha aytganda, kishilarimizda, ayniqsa, yoshlarimizda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Aynan shu taraqqiyot vositasidan ustamona foydalanib, qalblarni zabt etishda diniy omilning roli yuqori. Shuning uchun ham turli ekstremistik va terrorchi uyushmalar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishda internetni eng samarali vosita sifatida qo‘llamoqda. Bunda ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Masalan, bugungi kunda bir necha yirik terrorchi tashkilotlar o‘z saflariga faol tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan 17-35 yosh oralig‘ida bo‘lgan kishilarni yollamoqda. Bunda psixologik ta’sir samaradorligini yanada oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoq a’zolarining sahifalari, qo‘yilayotgan rasmlar, sharh va izohlar hamda olib borilayotgan suhbat mavzularini puxta o‘rganadi va shu asosda «nishon»ga olingan shaxsga mavzuga oid materiallar internetning Facebook, Odnoklassniki, VKontakte, Telegram, Twitter, WhatsApp kabi keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali (yozma xabar, matn, fotosurat, stiker rasmlar, audio-video rolik) jo‘natiladi va o‘zaro aloqa yo‘lga qo‘yiladi.
Yoshlar orasida mutaassiblikka yo‘g‘irilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi hamda ularda turli ko‘rinishdagi buzg‘unchi «fatvo»larning berib borilishi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Chunki dunyo aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlar katta kuch hisoblanadi. Ularning endi shakllanib kelayotgan ongiga nimani singdirilsa, o‘sha toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanadi. Shuning uchun ham radikal oqimlar aynan yoshlarni tuzog‘iga ilintirishga harakat qiladi. Ulardagi ishonuvchanlik, kuch-g‘ayrat, qiziqqonlik ularning maqsadini amalga oshirishda qo‘l keladi.
Darhaqiqat, islom dini ko‘rsatmalarida ham naql qilingan biror xabarga ishonishdan avval uni tekshirib, aniqlab olish talab etiladi. Jumladan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz! (Hujurot, 6).
Payg‘ambarmiz Muhammad (alayhis-salom)dan rivoyat qilingan hadisda ham shunday deyiladi: «Xabarni tekshirish Allohdan, (unda) shoshqaloqlik qilish shaytondandir», deganlar. Shuningdek, Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa, Rasululloh (alayhis-salom): «Kishining yolg‘onchi ekanligiga uning eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kifoya qiladi» deganlar.
Demak, har bir olingan ma’lumotni tekshirib, asosli yoki asossiz ekanini aniqlamay turib, o‘sha ma’lumotga qarab ish tutish islom mohiyatiga ko‘ra, shayton yo‘liga kirish hamda yolg‘onchi bo‘lib qolish bilan barobar bo‘ladi. Chunki bunda xabar tarqatayotgan kishining g‘arazli maqsadini amalga oshirishiga zamin yaratib qo‘yiladi.
Shunday ekan, dunyoning turli mintaqa va hududlarida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ziddiyatli to‘qnashuvlarga teran qarash hissini oshirish, har qanday ko‘rinishdagi tahdidlarga qarshi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, ayniqsa bu borada kelajagimiz hisoblangan yosh avlodni, bir so‘z bilan aytganda har birimiz uchun muqaddas bo‘lgan oilamizni din niqobi ostidagi yot g‘oyalar ta’siridan asrash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz lozim.


Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Muallif: Админ
Sana: 17.09.2020
146
584

Bu tabarruk zaminni dovrug’ini dunyoga tarqalishida ulkan hissa qo’shgan, shu yurtda tug’ilib usgan, shu erda o’qigan va ahli sunna val jamo’aning “Hidoyat imomi” unvoniga sazovor bo’lgan aqida ilmi imomi imom Moturudiy rahmatullohi alayh bo’ladilar.

Bu kishining to’liq ismlari Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturudiydir. Ba’zi tarixchilar: “Imom Abu Mansur Moturudiyning nasablari mashhur sahoba Abu Ayyu Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqaladi” deyishadi. Shuning uchun ba’zi muhaqqiq ulamolar imom Abu Mansur Moturudiyni zikr qilganlarida “Ansoriy” nisbatini ham qo’shib qo’yadilar. Imom Abu Mansur Moturudiyning hayotlarini o’rgangan tarixchilar u kishining tug’ilgan yillarini aniqlash imkonini topmagan bo’lsalarda, ba’zi ma’lumotlarni solishtirib, “U kishi uchinchi hijriy asrning oxirgi choragida dunyoga kelganlar” deyishadi. Ya’ni, hijriy hisobda 260 yillarga to’g’ri keladi. Tarixchilar Imom Abu Mansur Moturudiy rahmatullohi alayhning hijriy 333 sanada vafot etganliklariga ittifoq qilishgan. U zoto’zlarining ona shaharlari Samarqandga dafn qilinganlar.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek Samarqand dunyoning ilmga kon mashhur shaharlari bo’lgani uchun undan juda ko’plab allomalar etishib chiqqani hammaga ma’lum va mashhur. Mazkur imtiyozlar Imom Abu Mansur Moturudiy rahmatullohi alayhning ulug’ alloma bo’lib etishishlariga katta omilbo’lganida hech shubha yo’q. Alloh taoloning inoyati ila u kishi o’z zamonasining ahli sunna val jamoa e’tiqodidagi zabardast hanafiy ulamolaridan ilm oldilar. Jumladan, u kishining ustozlaridan Abu Nasr Iyoziy – bu kishi ilmda, parhezkorlikda va boshqa axloqiy sifatlarda tengi bo’lmagan kishi bo’lgan. Bu kishining Abu Mansur Moturudiyga tengdosh yana qirqtaolim shigirdi bo’lgan.Abu Bakr Ahmad Juzjoniy – bu kishi usul va furu’ ilmlarida o’z zamonasining tengi yo’q olimlaridan bo’lgan. Muhammad ibn Muqotil Roziy va Nusayr ibn Yaxyo Balxiy – bu zotlar tafsir, hadis va kalom ilmilarida tengi yo’q ustozlardan bo’lgan. Imom Abu Mansur Moturudiyning ustozlari tarixi o’rgangan muarrixlar, imom Abu Hanifaning shogirdlari imom Abu Yusuf va imom Muhammadga etib boradi deydilar.

Imom Abu Mansur Moturudiy islom olamida turli o’zgarishlar avj olib turgan xususan, har xil aqidaviy firqalar, tofalar ko’payib, bir birlari bilan tortishib yurgan paytda yashab ijod qilgan. O’sha vaqtdagi buzg’unchi firqalar aqiyda bobida sochayotgan zaharlardan paydo bo’lgan aqidaviy darslarni davolashga harakat qilganlar. Dushmanlarning kirdikorlarini fosh qilib, Ahli sunna val jamoa mazhabining haqiqatlarini ochiq-oydin ko’rsatib berdilar.

Imom Abu Mansur Moturudiy Mavorounnahrda ahli sunnaning shayxi bo’lish darajasida erishganlar. U kishi kezi kelganda aqlga kezi kelganda naqlga o’z haqini berib, mu’tadil yo’ldan og’ishmay borganlar. Mavorounnahda odamlar barcha turdagi ilmiy masalalarda u kishiga murojaat qilishgan, aqoid, usul fiqh, fiqh va boshqa diniy ilmlar bo’yichau kishidan ta’lim olganlar. U kishi usul bo’yicha “Kitabul jadal” va fiqhda “Ma’oxizush shar’iyya”ni ta’lif qilganlaridan keyin imom Moturudiyning shuhratlari yana ham ortib ketadi va Xuroson ahlining mazhab sohibiga aylanadilar. Bundan tashqari imom Moturudiy tafsir borasida ham ulkan kitob yozganlar va uni “Ta’viylotu ahlis- sunna” deb ataganlar. Ilmi kalomga oid “Kitabut tavhid”ni yozadilar va bu kitobda ma’rifat va uni hosil qilish vositalari haqida bahs yuritiladi. Bundan tashqari ushbu kitobda Alloh taoloning sifatlari, Allohni ko’rish masalasi, Alloh insonga amal va ixtiyor haqini bergani va boshqa dolzarb mavzularda fikr yuritadilar o’z fikrlarini oyat va hadislar bilan quvvatlab boradilar.

Bundan tashqari imom Moturudiy o’zlari yashagan davrda aqida borasida turli buzg’unchiliklari bilan tanilgan mu’tazilalar, qarmatiylar kabi oqimlarning kirdikorlaini fosh qiluvchi ularga kuchlik raddiya bo’luvchi kitoblar ta’lif qilganlar va islom olamini katta fitnalardan saqlab qolishda ulkan jasorat ko’rsatganlar.

Manbaalar asosida tayyorlandi.

O’. Mahmudov

Xoja Buxoriy islom bilim yurti o’qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 14.09.2020
155