Maqolalar
601

Ona tili – millatning ruhidir. Til - davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berilgan. Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muomala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til ya’ni nuqt qilish, har bir shaxsning madaniyatini, xulqi-atvorini ko‘rsatib beradigan omil hamdir. Shuning uchun har bir kishi nutq qilayotgan vaqtida chiroyli qilib o‘z ona tilisida ravon holda faqat yaxshi so‘zlarni gapirishi lozim. Zero har bir gapiriladigan so‘zning hisobi borligi va bu borada inson oxiratda mas’ul ekanligini unutmasligi kerak. Quyida til ofatlari va uning zararlari haqida so‘z yuritamiz.
Tildan keladigan ofatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lib, ular qalbni sarxush qiladi. Vaqtning qadriga yetgan odam uni foydasiz narsaga sarflamaydi. Chunki Alloh taoloning zikrini qo‘yib, keraksiz gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lgan odam gavharni qo‘yib, tezakni olgan bilan barobardir.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘ziga keraksiz narsani tark qilish kishi Islomining go‘zalligidandir», – dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin», – dedilar».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi», degan.
Til ofatlaridan yana biri botil so‘z ichkilikbozlik majlislari va fosiqlarning qilmishlariga o‘xshash narsalar haqidagi gaplardir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Banda bilib-bilmay bir so‘zni aytadi va u tufayli do‘zaxning mag‘rib bilan mashriq orasidan ham chuqur joyiga tushadi», – dedilar». Ahmad, Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Til oftlaridan yana biri gapda chuqur ketish. Bu narsa og‘iz to‘ldirib, qofiyasini keltirgan holda gapirish ila bo‘ladi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, menga eng yomon ko‘rinadiganingiz va qiyomat kuni mendan eng uzoq bo‘ladiganingiz ko‘p gapiradiganingiz, og‘zini to‘ldirib gapiradiganingiz va mutakabbirlik uchun gapiradiganingiz», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.
Til oftlaridan yana biri «Fahsh» so‘zi «qabih», «uyat», «sharmsizlik» ma’nolarini anglatadi. Fahsh sog‘lom tabiat nafrat qiladigan va mustaqiym aql nuqson sanaydigan narsadir.
Alloh taolo «Sen: «Robbim faqatgina oshkora va yashirin fahsh ishlarni, gunohlarni, nohaq tajovuzkorlikni va Allohga hech qanday hujjat tushirmagan narsalarni sherik qilib olishingizni hamda Allohga nisbatan bilmagan narsani aytishni harom qilgan, xolos», deb ayt», degan.
Avval aytilganidek, fahsh ish ulkan qabihlikdir. Bunday ishlar xoh oshkora, xoh yashirin bo‘lsin, barcha-barchasini Alloh harom qilgan.
Alloh taolo mo‘min bandalarni vasf qilganida ularning fahshdan chetda bo‘lishlarini ta’kidlagan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh uyatsiz bo‘lmoqni va uyatsiz gaplarning gapirilishini xush ko‘rmaydi», dedilar.
Fahsh va uyatsizlik ko‘p hollarda uyat gaplarni ochiq-oydin aytish bilan bo‘ladi. Odatda, bu narsalar jinsiy aloqaga oid gaplarni besharmlik ila gapirish orqali yuzaga chiqadi. Yaxshi insonlar unday iboralarni ishlatmaydilar. Jamiyatimizda sodir bo‘layotgan noxush hoatlar til sababidan bo‘layotgani ham hech kimga sir. Bir og‘iz shirin so‘z siniq ko‘ngilni xushnid qilsa, aksi esa vayron qilishini unitmaslik kerak.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, gapiradigan so‘zimiz avvalo o‘zimizga foydali, qolaversa jamiyat uchun manfaat keltiradigan bo‘lishiga e’tibor berishimiz kerak.



O‘. MAHMUDOV
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 21.10.2020
21
600

Masjid – mo‘min-musulmonlar uchun qadrli joy. Faqat ibodat maskani sifatida emas, balki ruhiy ozuqa oladigan va o‘zaro birodarlik rishtalarini bog‘laydigan makon sifatida tabarruk maskandir. Shunga ko‘ra, yangi masjid ochish, jomelarni bunyod etish va mavjudlarini go‘zal holatga keltirish savobi ulug‘ amal hisoblanadi. Oxirgi vaqtlarda diyorimizdagi masjidlarda yetarli shart-sharoitlar hozirlash, ibodat qilish uchun qulayliklar qilib berish va va’z-nasihatlar tinglash uchun keng imkoniyatlar muhayyo etilmoqda.


Afsuski, shunday ne’matlarni qalbdan his etmagan ayrim mualliflar tomonidan shu kunlarda ba’zi saytlarda go‘yoki masjidlar soni kam ekani va yangi masjid ochishga to‘siqlar borligi haqidagi “Mamlakat namozxonlari uchun masjidlar yetarlimi?” nomli maqola e’lon qilindi. Undagi fikrlar to‘la asosga ega emasligini oxirgi yillarda va xususan joriy yilda mo‘min-musulmonlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi jomelarni ochish borasida qilingan ishlarni muxtasar bayon etamiz.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda 40 taga yaqin jome masjid ochildi, shu bilan masjidlar soni 2077 taga yetdi. Jumladan, Toshkent shahrida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzulla xo‘ja o‘g‘li Murod hoji”, “Abu Talha”, “Labi zah”, Surxondaryo viloyatida “Imom Termiziy”, “Hakim Termiziy”, “Shayx Shamsiddin”, “Qadimiy Darband”, “Tolli ota”, “Sayyid Muhiddinxon”, “Abdurahmon ibn Avf”, “Mulla Abdukarim Oxund”, “Islom ota”, “Xidirsho ota”, “Ahatxon”, “Ahmad Yassaviy”, “Imom Nizomiddin Sangardakiy”, Namangan viloyatida “Muhammad al-Amin”, Farg‘ona viloyatida “Chiligijiyda”, Navoiy viloyatida “Abu Bakr Siddiq”, “Tomdi”, “Xashman”, Toshkent viloyatida “Abu Hurayra”, “Firdavs”, “Do‘stlik”, Sirdaryo viloyatida “Ahmad ibn Malik” va Buxoro viloyatida “Umar ibn Hattob” kabi yangi jome masjidlar ish boshlagani mo‘min-musulmonlarni bag‘oyat xursand etmoqda.

Joriy yilning 10 oyida Buxoro viloyatida “Abdulloh ibn Muborak”, Surxondaryo viloyatida “Do‘stmuhammad bobo”, “Domla Shohqosim”, “Imom Rabboniy”, “Varroq Termiziy”, Namangan viloyatida “Usmon Zunnurayn”, Buxoro viloyatida “Usmon ibn Affon”, Toshkent viloyatida “Hilol”, “Muoz ibn Jabal” va Samarqand viloyatida “Yangiobod” kabi 12 ta jome masjid ochilgani bu boradagi ishlar juda jadallik ila ketayotganini anglatadi.

O‘tgan hafta juma kuni ham juda katta xursandchilik bo‘ldi – Curxondaryo viloyatining olis Muzrabot tumanida “Sayyid Habibulloxon” jome masjidi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, mo‘min-musulmonlarga tuhfa etildi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, mana shunday ketma-ket jome masjidlar ochilayotganini ko‘rmaslik yoki anglamaslik yoxud e’tirof etib, shukrona keltirmaslik chin mo‘minlik sifati emas. Albatta, Haq taoloning bunday ne’matlariga shukr qilish orqali yanada ziyodasiga erishiladi.

Bayon etilganlardan tushunish mumkinki, muallif o‘z maqolasida 2018 yil 31 maydagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 409-son qarori va 2018 yil 27 sentyabr kuni Adliya vazirligida 3071-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi to‘g‘risida” Nizom kabi hujjatlar ishlamayapti, degan da’voni qilishi ham asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Aslida masjidlar borasidagi yaxshi xabarlar bisyor, o‘lkamizning qaysi go‘shasiga tashrif buyurmang, jome masjidlarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotganiga guvoh bo‘lasiz. Jumladan, oxirgi yillarda respublikamiz bo‘ylab 300 dan ziyod jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 300 ta masjid kapital ta’mirdan chiqarildi. Joriy yilda esa 281 ta jome masjid qayta qurilmoqda. O‘tgan haftada ham poytaxtdagi 4 ta jome masjid qayta qurilayotgani to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. Mamlakatimizda yangi masjidlar ochilishi, qayta bunyod etilishi va ta’mirlanishiga oid yangiliklar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi tomonidan Internet saytlari, “Feysbuk” sahifalari va “Telegram” kanallari orqali uzviy ravishda e’lon qilib borilmoqda.

O‘z navbatida aytish mumkinki, muallif o‘z maqolasida ayrim mamlakatlarda masjidlar soni nisbatan ko‘p ekanini izohlagan. Lekin, ayrim davlatlarda ko‘p qavatli uyning bir xonadoni, katta inshootning bir qismi yoki ayrim foydalanilmayotgan imoratlardan ham vaqtincha masjid sifatida foydalanish holatlari ko‘p kuzatiladi. Bunday joylar avval boshqa maqsadda foydalanilgan bo‘lsa, kelgusida esa yana turli yo‘nalishlarda ishlatilishi mumkin. Ushbu o‘lkalarda mana shunday joylar ham masjidlar soniga kiritiladi. Bizda esa, diyorimizda yangi masjidlar ochish va qurish masalasida Islom shariatida jome masjidlarga qo‘yilgan talablar, namozxonlar huzur-halovat ila ibodat qilishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar, mo‘min-musulmonlar xavfsizligi va ikki masjid orasidagi masofa, xullas jahon andozasi va dinimizdagi barcha talablar inobatga olinadi. Hatto yurtimizdagi masjidlarda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish xonalari, tahoratxonalar, xavfsizlik va sanitar talablarga yuksak did bilan e’tibor qilinadi.

Qayd etganimizdek, so‘nggi yillarda 40 taga yaqin jome masjid ayni fuqarolarimiz talab va istaklari asosida ochildi. Nafaqat poytaxtimizda, balki olis Qoraqalpog‘iston Respublikasi, uzoq Surxondaryo viloyati yoki Buxoro va Navoiy viloyatlarining chekka tumanlarida yo vodiy viloyatlarining chegara oldi hududlarida ham yangi jome masjidlar ochilmoqda.

Ayni kunlarda ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi sa’y-harakati bilan mamlakatimizning turli hududlarida ehtiyojdan kelib chiqib, yangi jome masjidlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu jomelar ochilishini ham matbuotda e’lon qilamiz.

Xulosa qilib aytish mumkinki, ma’rifat va ruhiy tarbiya maskani bo‘lmish Allohning uylarini obod etish va yangisini ochish kabi xayrli ishlar yurtimizda bardavom bo‘lmoqda va bunday xushxabarlar ortib bormoqda.

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muallif: Админ
Sana: 19.10.2020
26
598

Islom dinimizda qo’shnichilik haqlariga rioya qilinishi lozim bo’lgan muhim amallardan sanaladi. Zero, insonlar o’rtasida o’zaro mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanishida qo’shnilar haqqini ado etish ham muhim o’rin tutadi. Alloh taolo Qur’oni karimda O’zigagina ibodat qilishga buyurish asnosida jamiyatdagi barcha toifa insonlar qatorida qo’shnilarga ham yaxshilik qilishga buyurgandir.

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo’shni-yu begona qo’shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo’lovchi (musofir)ga va qo’l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi, 36-oyat).

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko’plab hadislarida biz ummatlarini bunga targ’ib etganlar. Ibn Umar va Oisha dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Jabroil doimo menga qo’shniga yaxshilik qilishga buyuraverganidan oxir oqibat uni merosxo’r qilib qo’yadi, deb o’ylab qoldim” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Demak, qo’shnining haqqi buyuk va jiddiy ahamiyat berilishi lozim bo’lgan haqlardan ekan. Boshqa bir hadisda esa: Abu Zar dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey, Abu Zar! Qachon sho’rva pishirsang, suvini ko’proq solgin va qo’shnilarningga ham ilingin” (Imom Muslim rivoyati). Ushbu hadisda qo’shnilarga e’tiborli bo’lish, inson o’zidagi arzimas narsani ham qo’shnisiga ilinishga targ’ib etish ma’nosi bor. Aynan shu ma’nodagi boshqa bir hadisda shunday deyilgan: Abu Hurayra dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey, muslima ayollar! Hech bir qo’shni qo’shnisiga qo’yning tuyog’ini berishga ham orlanmasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Bu hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xususan, ayollarga murojaat qilayotganlarining boisi ayollar orasida bir-birlarini kamsitish odati mavjud. Shuning uchun ayollar arzimas narsani bir-birlariga ehson qilib berayotgan yoki olayotgan bo’lsalar buni kamsitish, deb bilmasliklariga chaqirilmoqda.

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim Alloh taologa va Qiyomat kuniga iymon keltirgan bo’lsa, qo’shnisini hurmatlasin”, dedilar. Boshqa bir hadisi sharifda: “Kishining yomonliklaridan qo’shnisi omon bo’lmasa, u jannatga kirmaydi”, deganlar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan doimo Alloh taoloning ibodati bilan mashhur, lekin qo’shnilari bilan yaxshi muomalada bo’lmasdan, ularga xunuk, qo’pol gapiradigan ayol haqida so’ralganda u zot: “U xotinda hech yaxshilik yo’q. U jahannamga kirguvchidir”, dedilar. Yuqoridagi hadislardan kishining yaxshi amallari maqbul bo’lishida, jannatiy bo’lishidek orzusi amalga oshishida yaxshi qo’shnichilikning ahamiyati beqiyos ekanligi, qo’shnilarini norozi qilgan holda Alloh taoloning roziligini topish mumkin emasligi tushuniladi.

Islom dini ta’limotiga ko’ra qo’shnichilikda millatning, dinining va nasabning ahamiyati yo’q. Qo’shni kim bo’lishidan qat’iy nazar, uni hurmatlash, haqqini ado qilish vojib, unga ozor etkazish haromdir.

Hazrati Umar r.a ning o’g’li Abdullohning bir yahudiy qo’shnisi bor edi. Abdulloh roziyallohu anhu bir kuni tuya so’ydilar. U kishi xizmatkorlariga “Qo’shnimizni unutma dedi va bir oz vaqt o’tib yana, “Yahudiy qo’shnimizni ututmadingmi?” deb so’radilar. Xizmatkor, taqsir hozir aytib edingiz. Qo’shniga go’sht ajratib qo’ydik, hozir olib chiqib beramiz, dedi. Uch-to’rt daqiqa o’tib Abdulloh xizmatkorni chaqirib, yana so’radi. Shunda xizmatkor: Uzr so’rayman, shu paytgacha sizga itoatsizlik qilgan emasman, bilasiz. Keyin ham qilmayman. Nega qo’shni haqida buncha qayg’urasiz? deb so’radi. Shunda Abdulloh r.a: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Jabroil alayhis salom menga hamisha qo’shni haqida vasiyat qilar ediki, men yaqinda qo’shniga ham meros berilsa kerak, deb o’ylardim” deganlarini eshinganman dedilar.

Kishiga qo’shnilari bergan baho eng to’g’ri bahodir. Bir kishi: “Yo Rasululloh, yaxshilik yo yomonlik qilganimni qanday bilaman?” deb so’radi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar qo’shnilaringiz “yaxshi qildingiz” desa, yaxshilik qilgan, “yomon qildingiz” desa, yomonlik qilgan bo’lasiz”, dedilar.

Olimlarimiz o’z fiqhiy kitoblarida quyidagi qo’shnichilik haqlarini sanab o’tganlar:

Ø Qo’shnining o’zi tomonidan tinchligini ta’minlash;

Ø Qo’shnining o’ziga ma’lum sir-asrori va aybu-nuqsonini fosh qilmaslik;

Ø Hursandchiligiga sherik, g’am-tashvish va musibatiga hamdard bo’lish;

Ø Chaqirganida labbay deb borish;

Ø Bemor bo’lsa chiqib ko’rish;

Ø Qo’shnisi muhtoj bo’lganda qodir bo’lsa yordam berish;

Ø Qo’shnisiga har qanday suratda ozor etkazishdan saqlanish;

Ø Qo’shnining iznisiz uning hovlisidan shamol va quyoshni to’sadigan darajada devorini baland ko’tarmaslik;

Ø Uyni sotishda avval yon qo’shniga taklif qilish;

Ø Qo’shnisi qarz so’raganida bor bo’lsa berish;

Ø O’zaro arazlashgan qo’shnilarni yarashtirishga oshiqish;

Ø Qo’shnidan etadigan ozorga sabr qilish;

Ø Qo’shnini g’iybat qilmaslik, g’iybat qilinganida esa uni himoya qilish;

Ø Qo’shniga birinchi bo’lib salom berishga harakat qilish;

Ø Qo’shni vafot etganda janozasida qatnashish.

Ha azizlar, qo’shnilar bilan munosabatimizni yaxshilaylik, yaxshi kunimizda ham yomon kunimizda ham qo’shni asqotadi. Ular bilan shunday ahil-inoq bo’laylikki, boshqalar havas qilsin, o’rnak olsin. Jannatda ham yaxshilar bilan qo’shni bo’lish nasib etsin.

Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o’rtasidagi do’stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Qo’ni-qo’shnilar bilan samimiy aloqalarimiz yanada yaxshilanib borishini barchalarimizga nasib aylasin. Omin!

Sayfiddin MO’MINOV,

Kitob tumanidagi “Shayx Sobir”

jome’ masjidi masjidi imom - xatibi

Muallif: Админ
Sana: 15.10.2020
31
597

Bugungi kunda dolzarb mavzu bo‘lib kelayotgan masala jihod masalasi bo‘lib, ko‘p yoshlar jihodni nima ekani, qanday shartlari borligi, bunga kim loiq ekani va jihod faqat urushdan iborat emasligini yaxshi anglamay turib “jihod qilmoqdaman” deb jonlariga qasd qilmoqdalar go‘yo. Chunki, o‘zlari nima qilayotganiyu kimga qarshi urush qilayotganini bilmay tinch yurtni tashlab arzimas pulga aldanib fitna o‘chog‘iga o‘zlarini otmoqdalar. Natijada qancha oilalar ayniqsa o‘z oila a’zolari va ota-onalari hamda ona vatani yuziga oyoq qo‘yib xiyonat yo‘liga kirib qolmoqdalar.
Shuning uchun bu mavzu haqida yozishga qaror qildikki, jihod o‘zi nima, u faqat urushdan iboratmi, uni qanday shartlari va turlari bor, shular haqida ozgina tushuncha berib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi degan umiddamiz.
Jihod vahiy nozil bo‘lishidan boshlab ta’kidlangan urush tarzi bo‘lib, Madinaga hijrat qilish bilan birgalikda boshlangan. Fuqoholar nazdida jihodning hukmi holatga qarab o‘zgaradi:
Farzi kifoya: bu umumiy safarbarlik holatidan tashqari musulmon, oqil, balog‘atga yetgan, erkin, erkak va sog‘lom kishilarga, oilalarining ta’minotini va o‘zlarining urush xarajatlarini to‘lay olishlik kuchiga ega bo‘lish sharti bilan amalga oshishiga butun ulamolar ittifoq qilishgan. Umumiy safarbarlik holatidan tashqari bir shaxsning jihodga qo‘shila olishi uchun musulmon bo‘lishi sharti bilan ota-onasining roziligi va zimmasida qarzlari bo‘lmaslik majburiyati bordir.
Farzi ayn: bunda hech qanday majburiyat bo‘lmay, balki yurt himoyasi uchun barcha birdek safarbar qilinadigan jihoddir. Bu faqat o‘z vataniga dushman xavf solib turgan vaqtdagina bo‘ladi.
Bundan tashqari Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): “Musulmonlarning: qahramon deb maqtanish, o‘ljalardan (mol-dunyo) ulush olish kabi maqsadlar bilan urushga qatnashmasligi, kishining ota-onasini ruxsati bo‘lmasdan turib urushga qatnashmasligi” haqidagi so‘zlari ham bor. (al-Muvatto, “Jihod”, 13,14-bob).
Demak, yuqoridagi ma’lumotlar jihod uchun kerak bo‘lgan shartlar bor ekani ayniqsa, maqsad pul uchun yoki o‘zini ko‘rsatish bo‘lmasligi eng muhimi ota-ona roziligi bo‘lishi kerak ekani kelib chiqadi.
Hanafiy ulamolari jon muhofazasi xavfi, yurtga hujum va zulm bor bo‘lsagina urush majburiy bo‘ladi, urush doimiy ravishda bo‘lmaydi deganlar. Umuman olganda butun mazhab ulamolari nazdida urush urushga muhim sabablar bo‘lmaguncha yuz bermaslikdir. Ittifoq davlatlarga qarshi urush qilish hech bir qonun va shari’atda mavjud emasdir.
Urush yoki jihod eloni faqatgina davlat rahbarining ruxsatiga bog‘liq bo‘lgan masaladir. Dorul harb (urush diyori deb musulmonlar notinch va umuman diniy ishlarini bajara olmaydigan joyga nisbatan aytiladi) bilan urushni rahbar boshlaydi yoki ular bilan shartnoma tuzgan holda yana raxbar urushni to‘xtatadi.
Hanafiy olimlar amir va qumondon davlat raxbarining ruxsati bo‘lmasa ham Musulmonlarning foidasiga bo‘ladigan bo‘lsa, sulh yoki bitim tuzishi mumkin, deydilar. Qolgan ulamolar ham sulh va bitim ishini ma’qullaydilar va faqat bularda bu bitimlar vaqti-vaqti bilan yangilanib turadi.
Hanafiylar kelishuv shartnomasini buzish mumkinligi, bu ish foidaga va yangi bir zararning paydo bo‘lishiga bog‘liq ekanini, qolgan mazhab ulamolari esa sulhni (qanday bo‘lsa ham) vaqtidan oldin buzish mumkin emasligini aytishadi. Kelishuvning buzilganligini qarshi tarafga bildirish kerak va vaqtidan oldin sulh buzilgani evaziga badal to‘lash kerak bo‘lsa, to‘lanadi. Bu ishlar davlat raxbari boshchiligida amalga oshiriladi.
Hanafiy va mutaqaddim ulamolar kufrni urushga (asosiy) sabab deb hisoblashmagan, balki buning sharti dushmanlik va qarshi urush ochishdir. Hanafiylar nazdida dindan qaytgan murtadning o‘ldirishlik hukmi, uni kufrga qaytgani uchun emas, balki Islom va musulmonlarga urush e’lon qilgani yoki dushmanlik yo‘liga o‘tgani uchundir.
Imom Moturidiy jihodni to‘rtga bo‘lganlar;
Alloh yo‘lida (yuqorida shartlar asosida) din dushmanlariga qarshi urush va ularni bo‘yin sindirsh;
Banda o‘zi bilan nafsi orasida jihod qilish. Bunda nafsini turli hoyu havaslarga berilib, halokat yo‘liga kirib qolishidan qaytarib to‘g‘ri yo‘lga yo‘llay olishga harakat qilishidir;
O‘zi va odamlar orasida jihod. Bu jihodda odamlardan tama ya’ni ularni qo‘liga qarab turishdan o‘zini tiyshi va ularga rahm-shafqat qilib, ulardan umid ham xovf ham qilmaslik faqat Allohdan xovf va umid qilishga harakat qilishi;
O‘zi va dunyo orasidagi jihod bo‘lib, bunda dunyodan oxiratiga yarasha ulushi va bu dunyoda yashashiga kerak bo‘lgan rizqini olishi hamda dunyodan oxiratda o‘ziga ziyon yetadigan ulshni olmaslikka harakat qilishi ya’ni o‘zgalar haqqiga ko‘z olaytirmay halol yashashidir. Ushbu sanab o‘tilgan turlarni Alloh yo‘lida jihod deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Ota-onaga xizmat qilish va ilm talabida yurish ham Alloh yo‘lida jihodning eng oliy va afzal ko‘rinishidir. Bunga hadislarda yorqin dalillar bor. Sahobalar Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)dan Alloh yo‘lida qaysi amal eng afzal, deb so‘raganlarida u zot ota-onaga xizmat qilish, deganlari hadislarda keladi. Bundan, jihod faqat urush emas, balki urush qilishdan oldingi jihodlar bor ekani kelib chiqadi. Urush qilish uchun undan oldingi bosqichlarni bosib o‘tishi kerak ekani raxbar tomonidan ruxsat bo‘lsagina urushga ruxsat ekani, shunda ham zimmasidagi qarzlar va ona roziligi kerak ekani namayon bo‘ladi.
Al-qoida, IShID va hizbut-tahrir kabi tashkilotlarning jihod iborasini noto‘g‘ri talqin qilayotganini ko‘rib turibmiz. Ular o‘z maqsadlarini Qur’on oyatlari bilan poklashga urinishmoqda. Ular qanday sababga tayansalar ham o‘z-o‘zini o‘ldirish harakatlariga diniy bir asos topa olmaydilar.
Yuqoridagalardan quyidagi xulosani chiqarish mumkin:
Islom urush dini emasligi;
Islomlashuv bor, qilich bilan Islomlashtiruv yo‘qligi;
Jihod, urush muqaddas jang emas, balki oxirgi chora ekani;
Urushning ikki sabai bor, yo hujum qarshisida himoyalanish yoki zulmni o‘rtadan daf qilish harakati ekani;
Urush va jihod, davlat yoki unga bog‘liq kuchlarning bajaradigan ishi ekani;
Zaif va urushga aloqasi yo‘q xalqni nishonga olish jihod sanalmasligi;
Jihod faqat urush bilan cheklanib qolmasligi, balki jihodning turi ko‘pligi;
Doimiy qurolli jihod fikri soxta salafiylarning qarashi ekani;
Kufr va shirk keltirish o‘ldirish sababi emasligi;
Ishonch va vijdon erkinligi bor va bu davlatning fuqarolik huquqi bo‘yicha belgilanishi;
Jihodga o‘z boshimcha holda chiqmasligi va boshqalar.
Alloh taolo barchamizni turli fitnalarga aldanib, o‘z yurtining xoiniga aylanib qolishdan barchamizni O‘zi asrasin.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
Muhibullayev Saidmuhammad

Muallif: Админ
Sana: 15.10.2020
26
596

Dunyo tarixida hech kim, hech qanday tuzum va din tozalikka rioya qilishga Islom dinichalik ahamiyat bermagani ma’lum va mashhurdir.
Alloh taolo Moida surasida: «Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsalaringiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mash tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar. Agar junub bo‘lsalaringiz, poklaninglar», (6-oyat) degan.
Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni tahorati ketganda tahorat qilishga, junub bo‘lganda g‘usl qilishga amr qilmoqda. Bir kunda besh vaqt namoz farzligini e’tiborga olsak, musulmon odam doimo o‘zini, kiyimini va ibodat joyini pok tutishi kerakligi kelib chiqadi. Bu sog‘liqni saqlash uchun eng muhim omil ekani hech kimga sir emas.
Shu bilan birga, Alloh taolo O‘z kitobida pokiza kishilarni madh etgan. U zot bu haqda Qur’oni Karimning Baqara surasida quyidagi oyatni nozil qilgan: «Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi».
Shuningdek, Tavba surasida: «Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir», degan.
Bularning barchasi tozalikka rioya qilishga undovning muhim omillaridir.
Sir emaski, ayni paytda koronavirus infeksiyasi butun dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Mutaxassislar ushbu kasallikni yuqtirmaslik, uni oldini olish uchun kerakli tavsilarni berib kelmoqdalar. Ana shu tavsiyalarning negizi bir ildizga – poklikka, tibbiyot tili bilan aytganda gigiyenaga borib taqalmoqda.
Tozalikka rioya qilish masalasiga sog‘liqni saqlashning muhim omili sifatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham katta e’tibor berilgan.
Imom Muslim Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir», deydilar.
Musulmonlar ommasi ichida esa «Poklik iymondandir» degan hikmat keng tarqalgan.
Ko‘plab fiqh va hadis kitoblarini ochishingiz bilan birinchi bo‘lib “Poklik kitobi”ga ko‘zingiz tushadi. Har bir musulmon erkak va ayol o‘zining birinchi darsini poklikni o‘rganish ila boshlaydi. Islomdagi ibodatlarning barchasiga bandaning badani, kiyim-boshi va makoni pokiza bo‘lishi asosiy shartlardan biri qilib olingan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh xushholdir, xushhollikni suyadi, ozodadir, ozodalikni suyadi, karamlidir, karamni suyadi, saxiydir, saxiylikni suyadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o‘xshamang!» dedilar.
Musulmon kishi o‘zi yashab turgan go‘shasini ham ozoda saqlashi lozim. Darhaqiqat, ozodalik va poklikka rioya qilish musulmonchilikning belgisidir. “Poklik iymondandir” deb bayon qilingan hadisning mazmuni shu qadar keng ma’noni o‘z ichiga olganki, bu mo‘min kishining nafaqat ibodati, balki, yurish-turishi, kiyinishi, yeyish-ichishi odobida ham dasturulamal bo‘lmog‘i lozim.

Sayfiddin MO‘MINOV,
Kitob tumanidagi “Shayx Sobir”
jome’ masjidi masjidi imom - xatibi

Muallif: Админ
Sana: 14.10.2020
17