Maqolalar
576

O‘tgan 29 yillik davrda O‘zbekiston Respublikasi suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan o‘zining munosib o‘rnini egalladi. Ana shu tarixan qisqa bir davrda juda katta va murakkab, shu bilan birga, sharafli yo‘l bosib o‘tildi. Mustaqillik Vatanimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdi.

Davrlar o‘tgani sari mustaqilligimiz tarixini o‘rganish, bu ulug‘ ne’matga qanday erishganimiz mohiyatiga yetish, istiqlolimiz qadrini chuqur anglashning ahamiyati tobora ortib boraveradi.
Taraqqiyotga erishish uchun esa ko‘pdan ko‘p qat’iyat va qadriyatlarga qat’iy amal qilish zarur. Bag‘rikenglik, insonparvarlik xislatlarini shakllantirish, millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga, millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklar berish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash avvalboshdan O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelyapti.Tinchlik deb zo‘ravonlik,ziddiyat yoki shu ziddiyatdan qo‘rquv yoki osoyishta xolatga aytiladi. Tinchlik va inson so‘zi havo bilan suvdek egizak tushunchalardir.Chunki inson hamisha tinchlikka tashna bo‘lib , xar kuni tinchlikni sog‘inib yashaydi, mudom tinchlik osmonidan nafas olishga intiladi.
Tog‘ning o‘lkan cho‘qqisida turgan burgutga ham, polaponlariga tumsho‘g‘ida suv olib uchayotgan qaldirg‘ochga ham tinchlik kerak. Yam- yashil maysalar, nihollar, daraxtlar ham tinchlik bag‘rida o‘sadi. Shunday ekan tinchlikni asrash eng oliy burch hisoblanadi.Tinchlikning bunyodkori ham, buzg‘unchisi ham odamdir!
Qur’oni Karimdagi “ Ezgulik va taqvo (yo‘li) da hamkorlik qiligiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!”(Moida,2), degan oyat ham yuqoridagi mulohazaning o‘rinli ekanligini kursatadi.
Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida iymon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.
Tinchlik - farovonlikning muhim omili. Osoyishta yurtda yuksalish bo‘ladi, farovon eldan xotirjamlik ketmaydi.Istiqlol sharofati, davlatimiz raxbarining oqilona siyosati samarasida saodatli, fayzli kunlarga musharraf bo‘lmoqdamiz. Xalqimiz buyuk davlat barpo etish yo‘lida ulug‘ bunyodkorlik ishlari bilan band. Millatimiz tabiatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o‘zaro hurmat singan xislatlarning jamiyatimizdagi o‘rnini yanada charog‘on bo‘lishining, ezgu maqsadlarimiz ijobatining muhim mezonidir. Shu bois el-u yurtimizning eng buyuk boyligi bo‘lgan tinchlikni mustahkamlash, uni doimo asrash har birimizning fuqarolik, farzandlik burchimizdir.

Abdug‘ani Bozorov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 07.09.2020
162
575

Har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham yoshlarimizni ona-Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur.

Mafkuraviy immunitet aslida davlat va millatning ma’naviy birligi bo‘lib, ularning ma’naviy sog‘lomligini himoya qiluvchi g‘oyaviy qalqon vazifasini bajaradi. Mafkuraviy immunitetni shakllantiradigan va mustahkamlaydigan omillar quyidagilardan iboratdir:
• har qaysi inson o‘zligini anglashi;
• qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqurroq o‘zlashtirish;
• bugungi kunda tez o‘zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlash;
• diyorimizdagi barcha o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash;
Shaxsning o‘zligini anglashi uning qaysi yurtning farzandi ekanligi, ya’ni nasl-nasabi kimligi, yashashdan maqsadi, o‘z sha’ni, qadr-qimmatini tushunib yetishidan boshlanadi. Shu ma’noda o‘zbek xalqining har bir farzandi o‘z Vatanining shonli tarixi, boy tarixiy va madaniy merosi, jahon fani va madaniyatiga, umuman insoniyat sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlana oladi.
Biz islom madaniyatining ravnaqiga bebaho hissa qo‘shgan muhaddislar sultoni Imom Buxoriy, Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abduholiq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy, buyuk Sohibqiron Amir Temurning, Alisher Navoiy va Mirzo Bobur kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarning avlodiga mansub ekanligimizni his etishdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tariladi.
O‘zligini anglay boshlagan kishigina shaxs darajasiga ko‘tariladi. Demak, o‘zlikni anglash, avvalo har bir insonning shaxsi, alohida «meni» bilan bog‘liq. O‘zligini anglagan inson ma’naviy yuksalishga erishadi, har qanday sharoitda ezgulikka intiladi. Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy:
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo‘q, xalq g‘amidin g‘ami, – deganlarida, birinchi navbatda, inson o‘zligini anglashini ijtimoiy munosabatlar asosida ko‘rishi zarurligiga alohida urg‘u bergandi.
Shu bilan birga qadimiy tarixi va boy madaniyatini, ulug‘ ajdodlarining merosini chuqur o‘zlashtirgan, ya’ni o‘zligini to‘liq anglagan shaxsning ma’naviy immuniteti mustahkam bo‘lishi shubhasizdir.
Shunisi e’tiborga molikki, mamlakatimizda mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega, hayotga yangicha qaraydigan, sobiq mustabid tuzumga xos tushunchalardan ozod bo‘lib voyaga yetayotgan, o‘z fikri va qarashlariga ega bo‘lgan navqiron avlod hayotga ishonch bilan kirib kelmoqda. Shunisi ahamiyatliki, ular vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.
Vatanga muhabbat hissi insonning qalbida tabiiy ravishda tug‘iladi. Ya’ni, tom ma’nodagi shaxs o‘zligini anglagani, nasl-nasabini bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib, yuksala boradi.
Mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda har bir vatandoshimiz: «Shu davlat, shu jamiyat menga nima berdi?» – deb emas, balki: «Men o‘zim Vatanimga, halqimga nima berdim?» – deb fikrlashiga, fuqarolarimizning Vatan manfaati va ravnaqi uchun fidoyi bo‘lishiga erishish asosiy maqsadimizdir.
Yuksak insoniy fazilatlarni mafkuraviy immunitetning qon tomirlari deb atash mumkin. Milliy tabiatimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, muruvvat, andisha, or-nomus, sharmu hayo, ibo va iffat kabi betakror fazilatlar bilan birga xalqimizni ko‘p jihatdan ajratib turadigan bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, oqko‘ngillilik singari xislatlar oilada qaror topadi.
Shu boisdan har bir inson uchun Vatan, insoniylik tushunchasi, avvalo, oiladan boshlanadi. Shuning uchun oilada va mafkuraviy immunitet tushunchalari chambarchas bog‘liqdir. Xalqimizning «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan maqoli zamirida ulkan ma’no yashiringanligini ko‘rishimiz mumkin. Bu borada oilaning tarbiyaviy-axloqiy ahamiyati, qadr-qimmatini anglab yetmasdan, oilaga millat manfaati nuqtai nazaridan yondashmasdan turib, mafkuraviy immunitetni shakllantirish oson kechmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, odamzotning moddiy olami qanchalik murakkab yoki serqirra bo‘lmasin, uning ma’naviy olami ham shunchalik murakkab va rang-barangdir. Yoshlarimiz ongida oq bilan qorani, zarar bilan foydani, do‘st bilan dushmanning farqiga bora oladigan tafakkurni shakllantirishda mahalla, el-yurt va ustoz-murabbiylar oldida o‘ta muhim vazifa ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Bu tarbiya zaminida Vatanparvarlik, insonparvarlik umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi yuqori darajada turishi lozim. Alloh taolo jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin!

Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Muallif: Админ
Sana: 05.09.2020
164
574

Shu yil 2 sentyabr kuni Parij shahrida 2015 yilning 7 yanvarida “Sharli Ebdo” jurnali tahririyatiga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda ayblanayotgan 14 kishi ustidan sud ishi boshlandi. Shu munosabat bilan mazkur jurnal tahririyati Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga oid karikaturani qaytadan bosib chiqardi.

Ushbu karikatura chop etilishi musulmon olamida turli e’tiroz va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Misrdagi Al-Azhar universiteti ushbu karikaturani chop etgani uchun “Sharli Ebdo” tahririyatini qoralab bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bunday karikaturalarni atayin qaytadan chop etish mo‘min-musulmonlarning hissiyotlarini qo‘zg‘ash, fitna chiqarish va musulmonlarning diniy qadriyatlari, timsollariga nisbatan tajovuz ekani aytiladi hamda bu holat musulmonlar tomonidan qattiq qoralanishi bildiriladi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu xatti-harakatni qoralab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni obro‘sizlantirishga qaratilgan holatni xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna, o‘z navbatida, odamlarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg‘otish, deb baholaydi.

Shuni ta’kidlash zarurki, kim bo‘lishidan qat’iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin, bu ishi bilan muborak dinimizga yoki U zotning siyratlariga zarracha ham ziyon yetkaza olmaydi. Islom tarixidan ko‘rish mumkinki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘zlariga hatto sui­qasd qilishga intilgan Hakim ibn Hizomni bag‘rikenglik ila kechirib yuborganlar. Suyukli amakilari bo‘lgan Hamza ibn Abu Tolibni o‘ldirgan Vahshiyni bir umr qalblarida qayg‘uli xotira sifatida muhrlangan bo‘lishiga qaramay, uni afv qilganlar. Bular shubhasiz, Qur’oni karimdagi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyu­ring! Johillardan yuz o‘giring!” (A’rof, 199) ko‘rsatmasining amaldagi isbotidir.

Shunday ekan, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Nabiy alayhissalomga xos halimlik, bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirish kerak. Shunda yomon niyatli kimsalar tomonidan xalqlar, millatlar, dinlar o‘rtasiga nizo urug‘ini sochish maqsadida uyushtirilayotgan har xil ko‘rinishdagi fitnalar, turli nayranglarga Payg‘ambarimiz alayhissalomga xos va mos yo‘l tutgan bo‘lamiz.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muallif: Админ
Sana: 04.09.2020
276
571

Dinimiz ta’limotlarida ham ziyrak, hushyor mo‘min beparvo mo‘mindan afzalligi uqtiriladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga agar birovning yomon ish qilayotganini ko‘rsalar, qo‘l bilan, bo‘lmasa til bilan, unga ham kuchi yetmay, ojiz qoladigan bo‘lsa, hech bo‘lmasa qalbida u ishga norozilik bildirish lozimligi, aslo beparvo o‘tib ketmaslikni o‘rgatar edilar.

Bugun dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, tahdidlar birgina o‘sha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor degan odam adashadi. Chegara bilmas bu xavf-xatarlar butun insoniyatning, taraqqiyotning dushmanidir. Atrofimizda bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlar, diniy ekstremizm, terrorizm, narkobiznes, millatlararo nizolar butun insoniyatga katta ofatlar keltirishini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning tinchligi va barqarorligini himoya qilish, salohiyatini yanada yuksaltirish mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchidir. Yurtimiz yildan yilga obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi yil sayin ortib bormoqda. Ozodlikni sog‘inib, ozodlik yo‘lida kurashib o‘tgan ota-bobolarimizning mashaqqatli mehnati, orzu umidlari va intilishlari ro‘yobga chiqdi. Istiqlol Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi, xalqimizning tinch va farovon hayot kechirishi uchun zamin yaratdi.
Azaldan yurtimizda tinchlik va totuvlik, hamkorlik va hamjihatlik ruhi yuksak qadrlangan. Chunki insonlar ongini ezgu fikr egallasa, har qanday kelishmovchilik, buzg‘unchilik va yovuzlik rad etiladi. Ezgu fikrning ifodasi bo‘lgan so‘z yaxshilik va xushmuomalalikning keng yoyilishiga, bu o‘z navbatida, ezgu amallarning chuqur ildiz otishiga, har bir insonning o‘z vazifasini samimiy va sidqidildan ado etishiga va shu yo‘l bilan mamlakat rivoji hamda bunyodkorlikka yo‘l ochadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).
Darhaqiqat, tinchlikni saqlash, uni mustahkamlash kundalik ishimiz, muqaddas burchimiz ekan, har qaysi fuqaro, avvalo, o‘z vazifasini vijdonan ado etishi, shu bilan birga, g‘arazli maqsadda qilinayotgan axborot xurujlarga, uydirma va mish-mishlarga berilmasdan, sodir bo‘layotgan voqealarga ochiq ko‘z bilan qarashi, o‘z uyi, o‘z mahallasi, shahar-qishlog‘ida osoyishtalik barqaror bo‘lishi uchun jon kuydirishi, mana shu haqiqatni chuqur anglab, ogohlik va hushyorlikni o‘z hayotining mezoniga aylantirishi zarur.

Sirojiddin Jahonov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvichi

Muallif: Админ
Sana: 03.09.2020
193
570

Yaratgan bandalariga bergan ne’matlarini sanasangiz sanog‘iga yetolmaymiz. Toza havodan nafas olishimiz, zilol suvlardan bahramand bo‘lishimiz, ko‘zimizdagi nur va hur vatanda tinch osuda hayot kechirmoqligimiz ayni saodatdir.
Bu ne’matlarning ichida eng ulug‘ ne’mati tinchlik xotirjamlik ne’matidir. Islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va muhim shioriga aylantirgani ham bejiz emas, albatta.
Taraqqiyotning hozirgi bosqichida jahonda g‘oyat murakkab va tahlikali jarayon kechmoqda. Bular dunyoning siyosiy, mafkuraviy manzarasidagi o‘zgarishlar, taraqqiyotning yangi bosqichga ko‘tarlishi, bu taraqqiyotga g‘ov bo‘ladigan, demokratik rivojlanishni izdan chiqaradigan, jamiyat barqarorligiga rahna soladigan g‘oyaviy-mafkuraviy to‘siqlarning paydo bo‘lishi bilan izohlanadi.
Mafkuraviy tahdid o‘z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongiga, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor hamda buzg‘unchi g‘oyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish mafkuraviy tahdidning eng asosiy mazmun-mohiyatini belgilaydi. Mafkuraviy tahdid muayyan jamiyat a’zolarini yagona maqsad va muddaolardan chalg‘itib, milliy mentalitetga mos kelmaydigan begona g‘oyalar, fikrlar, maqsadlar va qarashlarni chetdan turib eksport qilish jarayonida o‘zini yanada aniqroq namoyon qiladi.
Insoniyatning ongli hayoti boshlangan kundan yer yuzida kurashlar davri boshlandi. Shunday asrlar keldiki, butun boshli millatlar yer yuzidan supurib ham tashlandi. Ayrimlari millat sifatidagi qiyofasini yo‘qotib qo‘ydi. Ba’zilari talandi, o‘ldirildi, qul qilindi. Ammo kurash shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. U shaklan bo‘lmasa-da, mohiyatan davom etmoqda. Endilikda bu kurashning usullari o‘zgardi. G‘animlar bilvosita insonlar qalbiga, ongiga hujumga o‘tdilar. Hozirda turli mafkura va madaniyatlar o‘rtasida kurash avjiga chiqdi.
Rasululloh ( s.a.v.) muborak so‘zlarida « Musulmon, uning qo‘li va tilidan boshqa birovlarga aziyat va ozor yetmaydigan kishidir» deganlar. Qur’oni karimda urush chiqarish yo‘lidagi fitnani qotillikdan ham yomon jinoyat hisoblangan. Dinlarning birortasida zulm, qotillik, odam o‘ldirish yoqlanmagan, aksincha mehr-oqibatli, sulhparvar, insonparvar, rahm-shafqatli bo‘lishga chorlangan.
Xalqlarning, elat va qabilalarning har xilligi urushish, janjallashish uchun emas, balki bir-birlari bilan topishib-tanishishlari, bir zaminda ahil-inoq yashashlari uchundir. Binobarin, bir ota va bir onadan tarqalgan insoniyatning bir-biri bilan Alloh ta’qiqlagan ishlar tufayli urushib-talashib yurishi Islom diniga ziddir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ko‘plab hadislarida bu g‘oyani ilgari surganlar. Jumladan, “Bir-biringizning qoningiz va obro‘yingizni to‘kishingiz, mol-mulkingizga tajovuz qilishingiz barchalaringizga haromdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun, XXI asr globallashuv jarayonida yoshlarimiz radio-televideniye, matbuot, internet kabi vositalar orqali har xil axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Ba’zi bir aqidaparastlar o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida mafkuraviy ta’sir o‘tkazishga urinib, qabih ishlarini amalga oshirmoqda. Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi.
Birinchi Prezidentimiz «Fikrga karshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda» deganlar. Demak, biz yoshlar bunday vaziyatda mustaqil fikrlaydigan, ma’naviyatli, milliy qadriyatlarga sodiq, dunyoqarashi keng, irodasi mustahkam, sabr – bardoshli, oshkora va pinhona ko‘rinishdagi ma’naviy tahdidlarga doim tayyor turadigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan inson bo‘lishimiz lozim.

Rasulov Parmon
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 03.09.2020
165