Maqolalar
553

Avvalo, barchamizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

Qurbon hayiti biz musulmonlar uchun ulug‘ bayram bo‘lib, Alloh taolo bu kunda bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon qilingan: “Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-oyat).
Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Darhaqiqat, bugungi kunda avval boshlaydigan ishimiz iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib qurbonlik qilishdir. Kim shunday qilsa, demak u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, qutlug‘ ayyom kunlarida qarindosh-urug‘larni, yor-birodarlarni, ustozlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ota-onalarni xursand qilish, muhtojlar, faqir-miskinlar holidan xabardor bo‘lish, haqdorlar haqini ato etish, infoq-ehson qilish go‘zal fazilatlardan edi.
Ming afsuski, bu yilgi hayit bayramlarida yuqoridagi ba’zi fazilatli amallarni bajarish imkonidan mahrum bo‘ldik. Sababi hozirda dunyoning barcha joyida bo‘lgani kabi yurtimizda ham COVID-19 kasalligi hukm surmoqda. Кasallikning tarqalishini oldini olish va bartaraf etish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatimizda karantin joriy etildi. Mazkur sinovli kunlarda insoniyat boshiga kelgan kasallikka qarshi sabr-matonat, hamjihatlik bilan kurashish maqsadida Qurbon hayiti bayramini oila davrasida, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi ulamolar kengashining “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi bayonoti e’lon qilindi.
Shunday ekan, o‘zimizni va yaqinlarimizning sog‘ligiga befarq bo‘lmay, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, karantin talablariga qat’iy rioya qilishimiz har birimizning insoniy burchimizdir.
Ushbu ayyom kunlarida bugungi sinovli davrni e’tiborga olgan holda uyali aloqa vositalari orqali ota-ona, qarindosh-urug‘, yoru-birodarlardan, ustozlardan, bemorlardan hol-ahvol so‘rash, ularni xursand qilish, muhtojlar, faqir-miskinlar holidan xabardor bo‘lish, hayit bilan muborakbod etish ayni savob ishdir. Albatta bu kabi xayrli ishlarimiz jamiyatda insonlarning bir-birlariga bo‘lgan mehru muhabbatlarini ziyoda qiladi, o‘zaro aloqalarini mustahkamlaydi.
Azizlar! Ushbu ulug‘ kunlarda tavba tazarru qilib, ibodatlarda qoim bo‘lib, tasbehu tahlil aytib Alloh taologa iltijo qilaylikki, insoniyat boshidan balolarni aritsin. Yurtimizda tinchlik osoyishtalik hukmron bo‘lsin. Bayramu tadbirlarimizni birgalikda, hamjihatlikda, xursandchilikda o‘tkazish nasib qilsin. Yanagi yilda muborak haj ibodatlarini amalga oshirish baxtiga muyassar qilsin.
Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barcha pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini, Yaratganning o‘zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ularimiz yanada ziyoda bo‘lishini so‘rab qolaman.
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!


Hurmat va ehtirom ila,
O‘. G‘uzarov “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri

Muallif: Админ
Sana: 31.07.2020
127
552

Uzoq yillik tajribalardan ma’lumki, yuqumli kasalliklar keng tarqalgan davrda eng maqbul chora karantin tartiblarini joriy qilish bo‘lgan. Bundan asosiy maqsad esa, odamlar hayotini saqlash va vabo keng tarqalishini jilovlashdir. Shunday voqealar Islom tarixida ham, yurtimiz o‘tmishida ko‘p kuzatilgan. Bugungi karantin sababli o‘rnatilgan tartib-qoidalar kishilarga biroz mushkul kelsada, aslida bu bilan ommaviy falokatning oldi olinadi, insha Alloh.
Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi davrida butun dunyo davlatlari kabi yurtimizda ham kasallik keng avj olishi munosabati bilan karantin cheklovlari kuchaytirildi. Shuningdek, kasallik zanjirini uzish maqsadida, shanba va yakshanba kabi dam olish kunlari fuqarolarga “o‘zini o‘zi yakkalash” kabi qat’iy cheklovlar joriy etildi. Jumladan, Maxsus komissiya qarori bilan bu yilgi Qurbon hayitining birinchi kuni 31 iyul juma, shanba va yakshanba, ya’ni ketma-ket uch kun mana shunday karantin mezonlari o‘rnatilib, bir qator harakatlar, xususan, transport vositalari harakati cheklandi.

Aholimiz hayotini saqlash va salomatligini asrash yo‘lida o‘rnatilgan shunday tartiblarni ongli ravishda tushungan holda qurbonlik qilishni niyat qilgan kishilar jonliq xarid qilish, so‘ydirish, saqlash va uni tarqatish chora-tadbirlarini avvaldan ko‘rib qo‘yishlari zarur bo‘ladi.

Shuni unutmaslik kerakki, qurbonlik qilishdan maqsad Alloh yo‘lida qon oqizib, taqvoimizni namoyon qilishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar... Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (“Haj” surasi, 37-oyat).

Demak, qurbonlik qiluvchi kishi jonliq so‘yishi bilan o‘zining Allohga bo‘lgan taqvosini namoyon qilar ekan, bu ishni chiroyli odob, ixlos va e’tiqod bilan qilishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklarga bardosh berishi kerak bo‘ladi.

Hozirgi kunda ba’zi kishilar “Qurbonlik so‘yish kunlari karantin kuchaytirilgan kunlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Men qurbonlik qilishga qiynalaman. Go‘shtini qanday tarqataman, bir qancha faqirlar meni qurbonlik go‘shtimga qarab turmoqda”, degan so‘zlar bilan chiqib, mutasaddilarga turli malomatlar, haqoratlar va noloyiq so‘zlar qilmoqdalar. Aslida ulug‘ ibodat qilishga hozirlangan mo‘min kishi mazkur ibodatni yuksak odob bilan vazminlik ila ado etishi talab etiladi. Bunday xatti-harakatlar ibodat savobining kamayishiga olib keladi.

Azizlar, ibodatning asosiy sharti bo‘lmagan masalalar bilan odamlar fikri hayolini chalg‘itish, ushbu ibodatning chiroyli ado etilishiga mone’lik qiladigan, nuqsonli bo‘lishiga sabab bo‘ladigan turli gap-so‘zlarni tarqatishdan saqlanaylik. Ayniqsa, la’nat aytish mo‘min kishiga yarashmaydigan odat bo‘lishi bilan birga, xatarli tomoni shundaki, la’nat noo‘rin aytilgan bo‘lsa, aytgan kishiga qaytadi. Shunga ko‘ra, ularga aytilgan la’natlar katta ehtimol bilan aytuvchining o‘ziga qaytadi.

Eng muhimi jonliq so‘yilishi bilan qurbonlik ado bo‘ladi, uni qilgan kishi vojibning uddasidan chiqqan bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtini tarqatish esa mustahab amal bo‘lib, uning masalasi biz o‘ylagandan ham ko‘ra kengroqdir. Ya’ni, go‘shtni hammasini tarqatish ham, keyinroq ulashish ham, hammasini olib qolish ham joiz, tarqatgan kishi savob oladi, tarqatmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi.

Buning ustiga qurbonlik go‘shtlarini bir ikki kun saqlab turib yoki uchinchi kuni, ya’ni yakshanba kuni so‘yib, dushanba ertalabdan tarqatish ham mumkin. Shuningdek, qurbonlik qilish bo‘yicha onlayn xizmat ko‘rsatuvlarga buyurtma qilish yoki vakil orqali ham so‘ydirish joizdir. Xullas, qurbonlik qilaman, degan kishi uchun jiddiy mushkullik yo‘q.

To‘g‘ri tushunish kerakki, hozir dunyoni barcha burchaklarida ahvol shunday. Bunday paytda barchamizdan ozgina sabr-toqat, murosa va aql bilan ish tutish talab qilinadi, xolos. Hech qanday malomat qilishga o‘rin yo‘q. Bu qiyinchilik kunlar Alloh taoloning barchamizga sinovi, shunday kunlarda bir yoqadan bosh chiqarib, bir-birimizni qo‘llab turishimiz kerak.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda karantin cheklovlarining o‘rtacha yo‘li tanlangan. Barcha oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar uzluksiz ishlamoqda. Kundalik ehtiyoj tovarlari taqchilligi va narx-navoning asossiz o‘sishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamizki, odamlar ehtiyojmand do‘st-birodarlari yoki kamxarj qarindosh-urug‘lariga hayit kunlari xursandchilik ulashishni istasalar, arafa kunlarda o‘z xayriyalarini ulashishlari va qurbonlik go‘shtlarini agar bunday kishilar sal uzoqroqda bo‘lishsa, hayitning to‘rtinchi kuni yetkazishni tavsiya etamiz.

Hozir, zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligida turibmiz. Bu kunlarda qilingan xayru ehsonlarning savobi ham ulkan bo‘lishidan xabarimiz bor. Har kim o‘z atrofidagi muhtojlarga yordam bersa, ularning ham ko‘ngliga surur kiradi, hayit xursandchiligini his qilishadi. Bu haqda Abu Zarr G‘iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eng afzal sadaqa haqida so‘rashdi. Shunda Ul zot: “Muhtojga maxfiy qilinganidir”, – dedilar va quyidagi oyatni o‘qidilar: “Sadaqalaringizni oshkora bersangiz, qandoq ham yaxshi. Agar kambag‘allarga pinhona bersangiz, o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”(Baqara surasi, 271 - oyat) (Imom Ahmad rivoyatlari).

Shunday ekan, bunday sinovli kunlarda har birimiz bor imkoniyatimizni ishga solib harakat qilsak, barcha savobli ishlarni mukammal va chiroyli holatda bajarish nasib etadi, insha Alloh.

Alloh taolo har birimizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

Muallif: Админ
Sana: 29.07.2020
129
551

Alloh taolo insonni O‘zi yaratgan barcha jonzotlardan afzal qilgan. Odamzodga butun borliqni bo‘ysundirib qo‘ygan, hatto farishtalarini ham Odamga ta’zimga buyurgan.

Alloh taolo bunday deydi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” .
Rasululloh (sav) o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:
“Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir” – degan ekanlar.
Har bir insonga salomatlikdan ko‘ra muhim, sog‘liqdan ko‘ra ko‘proq e’tibor beriladigan narsaning o‘zi yo‘q. Shuning uchun kishilar xastaliklardan saqlanish, salomatliklarini asrash va mustahkamlash uchun kuch-g‘ayrat, mablag‘ va vaqtni ayashmaydi. Bunda turli muolaja usullari, sport va badantarbiya mashqlaridan ham, Alloh yaratib qo‘ygan turli shifobaxsh ne’matlarni iste’mol qilishdan ham, tez-tez shifokor va tabiblar qabulida bo‘lib, ulardan maslahat va tavsiya olib turishdan ham erinishmaydi.
Bular bejizga emas. Hayot shirin, salomat umrguzaronlik qilish undan ham shirin. Baxtli-saodatli turmush kechirish uchun esa insonga avvalo sog‘lik kerak. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimizning amakilari Abbos (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan duo o‘rgatishni so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz: “Allohdan afv va ofiyat tilagin. Zero, U hech kimga qat’iy imon-ishonchdan keyin ofiyatdan ko‘ra afzalroq ne’mat ato etmagan”, degan ekanlar. Ofiyat bu – tanimiz sog‘ligi, rizqimiz mo‘lligi va turli xavf-xatarlardan omonlikdir.
Zero, tananing sog‘lom bo‘lishi va uni turli kasalliklardan saqlash har bir insonning burchi hisoblanadi. Hozirgi kunda qanchalik dori-darmonlar ko‘paymasin, tibbiy muassasa sifati, shifokorlar saviyasi, tibbiy texnika yaxshilanmasin, agar insonning o‘zi o‘z salomatligi haqida qayg‘urmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.
Barchamizga ma’lumki, hozirda dunyoning barcha joyida bo‘lgani kabi yurtimizda ham COVID-19 kasalligi hukm surmoqda. Mazkur kasallikning tarqalishini oldini olish va bartaraf etish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatimizda karantin joriy etildi. Ming afsuski, islom shiorlaridan biri bo‘lgan muborak Qurbon hayiti bayrami koronavirus pandemiyasi davriga to‘g‘ri keldi.
Mazkur sinovli kunlarda insoniyat boshiga kelgan ushbu kasallikka qarshi sabr-matonat, hamjihatlik bilan kurashish maqsadida Qurbon hayiti bayramini oila davrasida, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi ulamolar kengashining “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi bayonoti e’lon qilindi.
Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha bir qancha tavsiyalarini e’lon qildi.
Jumladan,
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Islom dini manbalari, Respublika maxsus komissiyasi xulosalari va tibbiyot mutaxassislari tavsiyalariga tayangan holda 2020 yilgi pandemiya sharoitida Qurbon hayiti – Iydul adha namozini o‘qish mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘lishini ma’lum qiladi.
2. Qurbon hayiti kuni mo‘min-musulmonlarga o‘z xonadonlarida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.
3. Qurbon hayiti kuni imkoni bor yurtdoshlarimiz bomdod namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilishlari tavsiya etiladi. Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambag‘al va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi.
4. Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo‘ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma - uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma’raka-marosimlarni o‘tkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanishni so‘raymiz. Xonadonda, oila-a’zolari bilan birga Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlarimiz ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz.
5. Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari amalga oshirilsin.
Shuningdek, Qurbon hayiti bayramini munosib qarshilash uchun milliy, diniy qadriyatlarimizga amal qilsak, ko‘cha-ko‘ylarimizni, xonadon tashqarisi va ichkarilarini pokizalab, obodonlashtirish ishlarini boshlab yuborsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Albatta, Islom dinimiz insonlarning asosiy haq-huquqlari – hayot kechirish, obro‘ va hurmatini saqlash, e’tiqod va din tanlash, tafakkur va izlanish, ilm olish, mulkchilik va mulkni saqlash, xavfdan omonda bo‘lish, halol mehnat qilish, barcha bashar bilan tenglik, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish huquqlarini kafolatlaydi.

O‘. G‘uzarov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri

Muallif: Админ
Sana: 28.07.2020
160
550

Bismillahir rohmanir rohiym
Alhamdulillahi robbil ’alamiyn, vossalatu vassalamu ’ala Rasulina Muhammadin va ’ala alihi va ashabihi ajma’iyn. Ammo ba’d:
Hammamizga ma’lumki, 2020 yil 25-Iyul kuni O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi ulamolar kengashining Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonoti e’lon qilindi. Bayonot bilan tanishgan har bir oqil musulmon kishi bu bayonotda hozirdagi karantin vaziyatini hisobga olgan holda Islom shariati mohiyatidan kelib chiqib, Qurbon hayiti namozini jome’ masjidlarda o‘qimaslik masalasida to‘g‘ri yondashilganiga guvohi bo‘ladi. Chunki, dinimizning asosiy maqsadlaridan biri inson hayotini asrab qolish bo‘lsa bu 14 asrdan beri o‘z isbotini topib keldi. Karantin choralarini birinchi bo‘lib dinimiz joriy qilgani bois bugungi kunda dunyo afkor ommasi oldida alhamdulillah Islomning nufuzi yanada oshdi.
Bugungi pandemiya davrida turidan qat’iy nazar turli ijtimoiy maskanlarda odamlarning bir joyda to‘planishi o‘ta xavfli va yuqumli bo‘lgan koronavirus xastaligini tarqalishiga sabab bo‘lishini albatta voqe’likning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Koronavirus pandemiyasining boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi bizning yurtimizda ikkinchi to‘lqinini keng yoyilayotgani bois vojib bo‘lgan nafaqat Iydu Qurbon namozi balki, farzligi mutlaq bo‘lgan juma namozini ham ado etish uzrli bo‘lgani uchun o‘rniga xonadonlarimizda peshin namozi ado etib turilibdi. Albatta vabo tarqalgan bugungi kunda juma va iyd namozlarini vaqtinchalik tark etib turilishiga bayonotda asosli shar’iy dalillar keltirilib o‘tilgan.
Barchamiz, bayonotda keltirilgan fatvo va nasihatlarga to‘liq amal qilishimiz dunyo va oxiratimiz uchun albatta manfa’atli bo‘lajak.
Bu vaboni xalqimiz boshidan tez kunlarda ko‘tarilishini hamda qalbimiz ularga muallaq bo‘lgan masjidlarda yana avvalgidek ibodatlarni ado etishimizni Alloh taolodan so‘rab qolamiz.


Rustam Qilichev

O‘MI Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi

Muallif: Админ
Sana: 28.07.2020
123
549

Alloh taoloning bandalariga ato etgan ne’matlari cheksiz va behisobdir. Mazkur beadad ne’matlardan biri esa o‘z bandalariga savob zaxiralarini boyitib olishlari uchun taqdim etgan o‘ziga xos ezgulik va yaxshilik mavsumlaridir. Haq taolo O‘zining ilmi azaliysida inson zotining zaifligi, gunohlar changaliga tushib qolishga moyilligini bilgan, ularga gunohlari o‘chirilib, ajru savoblarining qat-qat orttirib berilishiga sabab bo‘ladigan maxsus mavsumlar in’om etdi. Ana shunday ezgulik mavsumlaridan biri zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligi hamda unda amalga oshiriladigan qurbonlik amalidir. Qurbon hayiti ma’nosini beruvchi “iydu-l-azho” so‘zi bejizga bunday nomlanmagan. Zero, haj amallarining asosi bajariladigan bu kunlardagi eng asosiy ish Alloh taolo uchun shukrona tarzida jonliq so‘ymoqdir. Shuning uchun ham bu bayram bizning tilda “qurbon hayiti” deb ataladi.
Qurbonlikning ma’nosi va kimlar qilishi kerak
“Qurbonlik” arabcha “uzhiyya” so‘zining o‘zbekcha varianti hisoblanadi. “Uzhiyya”ning lug‘aviy ma’nosi haqida “u – qurbonlik qilinadigan hayvonning nomi”, deya ta’rif berganlar. Qurbonlikning shar’iy mohiyati haqida esa ulamolar bir-biriga yaqin ma’noda ko‘plab ta’riflar berganlar. Jumladan, fiqhiy kitoblarda “(Qurbonlik) maxsus jonivorni maxsus vaqtda so‘ymoq, u vaqt esa azho kunidir”, “(qurbonlik) shar’an: maxsus hayvonni maxsus vaqtda qurbat niyati bilan so‘ymoqdir”, degan ta’riflar keladi.
Qurbonlik ikkinchi hijriy sanada joriy bo‘lgan.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra hojati asliyadan tashqari moli nisob (85 gramm tilloning yoki ikki yuz dirham kumush miqdori (595 gramm)ga yetgan, muqim (ya’ni safarda bo‘lmagan), musulmon odam uchun qurbonlik qilish vojib hisoblanadi. Shu o‘rinda ma’lumot uchun nisob turlari haqida ham ma’lumot berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Nisob uch xil bo‘ladi:
1. O‘sish shart qilingan nisob va u zakotga tegishli bo‘ladi;
2. O‘sish shart qilinmagan nisob. Bu nisob egalari zakot ololmaydi. Shu bilan bir qatorda zakot berish vojib emasbunga to‘rtta hukm taalluqli bo‘ladi.
Birinchisi, qurbonlikni vojib bo‘lishi;
Ikkinchisi, sadaqotlarni harom bo‘lishi (berilishi farz va vojib bo‘lgan ya’ni zakot va sadaqai fitrlar kabi nafl va ixtiyoriy sadaqotlar bo‘lsa olish mumkin);
Uchinchisi, sadaqai fitrni vojib bo‘lishi;
To‘rtinchisi, yaqin qarindoshlarining nafaqasini vojib bo‘lishi (bunda qarindoshlarning kambag‘al, muhtoj bo‘lib, kasb qilishdan ojizliklari yoki ayol ekanliklari e’tiborga olinadi).
3. Bu nisobga tilanchilik qilish haromligi tegishli bo‘ladi. Buning miqdori esa, bir kunlik oziq ovqat bilan belgilanadi. Ba’zi ulamolar ellik dirham bilan belgilanadi deganlar.
Nisobdagi o‘sish va o‘smaslikning farqi
Birinchi, o‘suvchi nisob bunda nakd pul birliklari, tillo va kumushlar (taqinchoqlar bo‘lsa ham), tijorat mollari, hattoki, qarzga berilgan mollar (qaytarilishi umid qilinsa), bir yilni aylanishi (agar yil asnosida nisobdan kamayib ketgan bo‘lsa ham). Bunda yilning boshi va oxiri e’tiborga olinadi.
O‘smaydigan nisob – hojati asliydan tashqari, ortiqcha mablag‘ va ashyolardir. Bunda o‘suvchi nisobda keltirilgan shartlarnig birortasi bo‘lishi shart emas. Buni bilish uchun hojati asliyani nimalardan iborat ekanini aniqlashtirib olaylik. “Jomi’ur rumuz” kitobida hojati asliya: “Kishining ustidagi bir sidra libosi, uydagi doimiy iste’moldagi jihozlari va yashab turgan maskani, minib turgan markabi va qarzlari va uning qaramog‘ida bo‘lganlarnig ehtiyoji e’tiborga olinadi”. deyiladi. “Hidoya”, “Raddul Muxtor ala Durril Muxtor” va boshqa kitoblarda ham xuddi shunday keltirilgan. Yanada tushunarli bo‘lishi uchun quyidagicha izohlaydilar: Masalan, kishinig bir sidra libosidan tashkari ortiqcha kiyimlari, doimiy iste’moldagidan tashqari ba’zi bir munosabatlar bilan ishlatiladigan uy jihozlari va o‘zi, bola-chaqasi va mehmonlar uchun mo‘ljallangan xonalardan tashqari boshqa xonalarining qiymatlari chiqariladi. Agar ushbu qiymat nisob mikdori (85 gramm tilloning nisobi)ga yetsa yuqoridagi to‘rt ahkom shunga taalluqli bo‘ladi.
Shar’an hur va musulmon bo‘lgan kishi yuqorida aytilingan nisobga ega bo‘lsa, uning erkak va ayolligi, katta yoki kichik bola ekanligi e’tiborga olinmaydi. Balki mazkur kishilarning har biri o‘zining shaxsiy mulkiga ega bo‘lish huquqiga egadirlar. Ushbudan kelib chiqib bugungi kunda erining mulkidan tashqari o‘zining shaxsiy mulki yuqoridagi miqdorga yetadigan ayol kishilarning ham o‘zlarining nomidan alohida qurbonlik qilishlari shart bo‘ladi.
Qurbonlik qanday hayvonlardan qilinadi?
Qurbonlik uchun chorva hayvonlari so‘yiladi. Ular: tuya, sigir va qo‘y va echkidir. Bunda ularning erkak va urg‘ochi jinslari tushuniladi. Qo‘y deganda echkilar ham nazarda tutiladi. Demak, tuya, sigir, qo‘y va echkilar qurbonlikka yaroqli hayvonlar hisoblanadi. Qurbonlik qilinuvchi hayvonning shar’an e’tiborli bo‘lgan yoshga kirgan bo‘lishi shartdir. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Faqat musinnani so‘yinglar. Illo, agar bu ish sizlarga qiyin kelsa, qo‘ydan jaza’ bo‘lganini so‘ysangiz ham bo‘laveradi”. “Musinna” deb tuya, mol, qo‘y va echkilardan “saniy” yoshiga to‘lganlariga aytiladi.
Yuqoridagi hadisga binoan, tuya, sigir va echkidan faqat “saniy” va undan yuqori yoshda bo‘lganlarigina qurbonlikka yaroqli hisoblanadi. Qo‘ydan esa “jaza’” va undan yuqorisi qurbonlikka o‘tadi. Demak, tuyaning “saniy”si deb tug‘ilganiga besh yil to‘lgani aytiladi. Sigir va buqaning “saniy”si esa tug‘ilganiga ikki yil to‘lgani bo‘ladi. Qo‘y va echki esa bir yilda “saniy” bo‘ladi. Qo‘ydan “jaza’” bo‘lgani tug‘ilganiga olti oy to‘lib, yettinchi oy ketganidir. Shunga ko‘ra, tuya (qamariy yil bo‘yicha) besh yoshga kirgan bo‘lishi, sigir va buqalar ikki yoshga to‘lgan bo‘lishi, echki bir yoshga kirgan bo‘lishi, qo‘y esa kamida olti oylik bo‘lib, jussada bir yoshlik qo‘yga mos kelishi talab etiladi.
Jonliq qurbonlikning durust bo‘lishiga mone’lik qiluvchi ayblardan salomat bo‘lishi kerak. Modomiki, qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish maqsadida amalga oshiriladigan ish deb e’tibor qilinar ekan, bu ish uchun eng yaxshi, eng sara, semiz, sog‘lom va aybu nuqsonlardan xoli bo‘lgan jonivorni tanlab olish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, qurbonlik uchun so‘yiladigan jonivor albatta halolu pokiza moldan bo‘lishi kerak. Zero, Alloh taolo xush va pokizadir, faqat xush va pokiza narsalarnigina qabul qilgay.
Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “To‘rt xil jonivor qurbonlikka yaramaydi:
1. Shapko‘rligi bilinib turgan darajadagi shapko‘r jonivor.
2. Kasalligi bilinib turadigan darajadagi kasal jonivor.
3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajadagi oqsoq jonivor.
4. Oyoqda turolmaydigan, oyoq suyaklarida iligi bo‘lmagan darajada ozib ketgan” jonivorni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Bunday jonivor nihoyatda madorsiz bo‘ladi.
Yuqoridagi hadisga binoan va qiyosan ulamolar quyidagi sifatga ega bo‘lgan jonivorlarning ham qurbonlikka yaramasligini aytadilar.
1 Bir oyog‘i kesilgan jonivor.
2. Qulog‘ining hammasi yoki uchdan biridan ko‘prog‘i kesilgan jonivor.
3. Shoxi kesib yoki sug‘urib olingan jonivor. Ammo o‘zi shoxsiz tug‘ilgan bo‘lsa, qurbonlikka yaraydi.
4. Burni kesib olingan jonivor.
5. Dumi kesib tashlangan jonivor. Ammo o‘zi dumsiz yaratilgan bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz, garchi ayrim ulamolar buni nojoiz sanagan bo‘lsalar ham.
6. Dumbasi kesib olingan jonivor.
Qurbonlikka aylanabosh, shoxsiz, bichilgan va qo‘tir hayvonlarni so‘ysa bo‘ladi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qurbonlikka so‘yiladigan jonivor o‘ziga ozor yetkazadigan, semirib yog‘ boylashiga mone’lik qiladigan va bahosini tushiradigan barcha ayb-nuqson va kasalliklardan xoli bo‘lishi kerak. Salafi solihlardan naql qilinganki, ular qurbonlikka so‘yiladigan jonivorning har qanday kattayu-kichik ayblardan xoli bo‘lganini tanlar edilar. Agar jonivorda bironta arzimas ayb topilsa ham, uni qurbonlik qilishni karih ko‘rardilar.
Tuya va sigirni qurbonlik qilishda bir kishidan yetti kishigacha ishtirok etishi joiz. Ya’ni, masalan, bir kishidan yetti kishigacha bo‘lganlar teng pul tashlab tuya yoki sigir sotib olishadi va uni o‘z nomlaridan so‘yishadi. Shunda hammalari qurbonlik qilgan bo‘ladilar. Sheriklikda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan narsa shuki, sheriklarning barchasi qurbonlik niyatida qo‘shilgan bo‘lishlari kerak, birortasi shunchaki go‘shtli bo‘lish maqsadida sherik bo‘lsa qolganlarning ham qurbonligi o‘tmaydi.
Qurbonlikning so‘yilish vaqti
Qurbonlik so‘yishning birinchi vaqti hayit namozi bilan xutba o‘qilgandan so‘ng boshlanadi va hayitning uchinchi kuni quyosh botganda tugaydi. Imom Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) nazdida qurbonlik vaqti hayit namozi o‘qilmaydigan chekka va qishloq joylar aholisi uchun quyosh chiqqandan keyin kiradi. (Ya’ni, ular bomdoddan so‘ng bir muddat o‘tib, quyosh chiqqandan keyin so‘yaversalar bo‘ladi). Ammo, hayit namozi o‘qiladigan shahar joylarda esa hayit namozi va xutbasi o‘qilgandan keyingina qurbonlik vaqti kiradi. Ungacha so‘yilgan jonliq qurbonlikka o‘tmaydi. Bugungi kunda qurbon hayiti bayrami kuchaytirilgan karantin sharoitiga to‘g‘ri kelayotganligi bois yurtimizning biror joyida Qurbon hayiti namozi o‘qilmaydi va barcha joylarda qurbon hayiti kuni quyosh chiqqandan keyin qurbonliklarni so‘yish joiz bo‘ladi.
Qurbon hayiti kuni quyosh chiqqandan so‘ng qurbonlikni so‘yishdan oldin yoki keyin to‘rt rakaat nafl - Zuho namozini alohida alohida bo‘lib o‘qib olinsa Qurbon hayiti namoziga o‘rinbosar bo‘ladi. O‘qilmay qolsa ham zarari bo‘lmaydi.
Qurbonlik go‘shtining taqsimoti
Inson o‘zi amalga oshirgan qurbonligidan yeyishi joiz. Hanafiy (shuningdek hanbaliy) mazhabi ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlikning go‘shti uch qismga bo‘linadi. Uchdan biridan uning sohibi xonadon ahli bilan yeydi, yana uchdan birini faqir-miskinlarga sadaqa sifatida ulashadi, qolgan uchdan birini esa qarindosh-urug‘, yor-birodarlarga hadya qiladi. Biroq, agar qurbonlik egasi qurbonlikning uchdan biridan ko‘proq miqdorda iste’mol qilsa, bu ham joizdir. Agar qurbonlik qiluvchi odamning bolachaqasi ko‘p, o‘zi esa qo‘li kaltaroq bo‘lsa, oila a’zolariga kengchilik yuzasidan uni sadaqa qilmaslik, balki uyida qoldirishi ham mumkin bo‘ladi.
Qurbonlik toat bo‘lganligi uchun uni insonning o‘zi so‘ymog‘i afzal hisoblanadi. Lekin, bu ish qo‘lidan kelmasa, birovni o‘zidan vakil qilib, so‘ydirishi mumkin. Bu holatda hech bo‘lmaganda o‘sha qurbonligi so‘yilayotgan mahalda uning tepasida turib, guvoh bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bugungi karantin sharoitida xavfsizlik nuqtai nazaridan vakili orqali so‘ydirishi ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Alloh taolo qilayotgan qurbonliklarimizni dargohida beriyo, benuqson maqbul aylasin!


M. Qorayev

O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili o‘rinbosari

Muallif: Админ
Sana: 28.07.2020
198