Maqolalar
606

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) payg‘ambarlar so‘ngisi, u zotdan keyin hech qanday payg‘ambar bo‘lmas. Bunga butun musulmon ummati va diniy zarurat ma’rifati tarafidan ham bir ovozdan ittifoq qilingan qoidadir. Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam): “Men va mendan oldingi payg‘ambarlarning misoli huddi bir binoni qurib, uni chiroyli qilib bezaganu lekin binoning bir chetidan bir g‘isht o‘rnini qoldirib ketgan kishi kabidir. Odamlar uni aylanib tomosho qilib, bu uyning go‘zalligiga qoil qoladilar va shu bir g‘ishtini qo‘ymabdida?, deydilar, men ana shu g‘ishtman men Payg‘mbarlar oxirgisiman”, deb marhamat qilganlar.
Endi bu zotning nasablari bilan tanishib chiqamiz. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning otalari Abdulloh Abdulmuttalib o‘g‘li, Abdulmuttalib Islomdan avval ham “Shaybatul hamd” deb chaqirilar edi. Abdulmuttalib Hoshim o‘g‘li, Hoshim Abdumanof o‘g‘li bo‘lib buning ismi Mug‘iyra bu esa Zayd ismli Qusoy, buning otasi Murra o‘g‘li Kilob, Murra Ka’b o‘g‘li Ka’b Luay o‘g‘li Luay G‘olib o‘g‘li G‘olib FIhr o‘g‘li Fihr Molik o‘g‘li Molik Nazr o‘g‘li Nazr Kinona o‘g‘li Kinona Xuzayma o‘g‘li Xuzayma Mudrika o‘g‘li Mudrika Ilyos o‘g‘li Ilyos Muzor o‘g‘li Muzor Nizar o‘g‘li Nizar Madd o‘g‘li Madd esa Adnon o‘g‘lidir.
Mana shu yergacha bo‘lgan nasabi sharif (sahih ekaniga) ittifoq qilingan adad hisoblanib, bundan yuqorisi aniq ma’lumot bo‘lmagan ixtloflidir. Lekin shunisi aniqki, Adnon Xalilulloh (Allohning do‘sti) Ibrohim (alayhissalom)ning o‘g‘illari Ismoil (alayhisalom)ning farzandlaridandir.
Alloh azza va jalla Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ni pok qabila va eng afal qorin hamda nasablardan qilib tanlab oldi. U zotning butun avlodlariga johiliyat kirliklariyu chirkinlaridan biror narsa to bu zotgacha aralashmagan. Imom Muslim o‘zlarining sanadlari orqali Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qiladilar: Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: “Alloh taolo Kinonani Ismoil (alayhissalom) farzandlari ichidan, Quroyshni esa Kinonadan, Hoshimni Quroyshdan va meni Hoshim avlodi ichidan tanlab oldi”.
Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning tavalludlari (mashhur) fil yilida bo‘ldi (bu voqeaga 50 kun o‘tgach). Ya’ni, Abrah Ashram Makkai Mukarramaga urush qilib, Ka’bai Muazzamani bo‘zishga harakat qilgan yili. Fil surasi shu voqeani batafsil yoritib beradi. Aniq xabarlarga ko‘ra Habibimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning tavalludlari 571-yil Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi dushanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Bu zot yetim qolda dunyoga keldilar. Otalari Abdulloh onalari qornida ikki oyliklarida vafot etib ketgandilar. Otalari ikki oylik homila vaqtlari vafot etgach, bobolari Abdulmuttalib doim ko‘z quloq bo‘lib turadi. Habibimiz (sollallohu alayhi vasallam) to‘g‘ilganlarida shu vaqtdagi arablarning urfiga ko‘ra bir necha kun onaalari bag‘riga bo‘lgach, Sa’id ibn Bakr avlodidan bo‘lgan Abu Zuayb qizi Halima ismli bir baxtli ayol emizish uchun olib ketadi.
Siyrat ulamolari ittifoq qilib aytishlaricha, Banu Sa’d yashaydigan sahro shu vaqtda qurg‘oqchilik yetgan (qo‘y-mollar) yelini sutdan, ekinlar esa o‘tdan qurigan bir vaqt edi. ozgina o‘tmay Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Halima ona uyiga kelib, uning bag‘riga o‘rnashib, ko‘krakdan sut emgach, Halima onaning uyi atrofi yam-yashil o‘tloqga aylanib, qo‘ylari uyga to‘yib yelinlari sutga to‘lib qaytadaigan bo‘ldi.
Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Banu Sa’d vodiysida ekanlarida Shaqqus sodr (Alloh taoloning O‘z hikmati tufayli ko‘ks yorish) hodisa bo‘lib o‘tdi. (Shu hodisa bo‘lgach, Halima ona xavotir olib) o‘z onalari Omina onaga qaytarib olib bordi. Shu vaqt besh yoshga to‘lgan edilar.
Olti yoshga yetganlarida esa suyukli onalari Omina vafot etdilar. Shunday qilib ota-oansiz qolgan Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) qarib qolgan bobolari Abdulmuttalib qaramog‘idga o‘tdilar. Sakkaiz yoshlarida bobolari ham vafot qilib ketdilar. So‘ngra (otalari bilan ota-ona bir) amakilari Abu Tolib o‘z qaramog‘iga (mehr-shafqat ila) oldilar.
Yuqoridagiladan quyidagilarni xulosa qilib, eslatma olishimiz mumkin:
Biz Nasabush sharif (sollallohu alayhi vasallam)dan bayon qilanimizda, Alloh taolo arablarni boshqa xalqlardan ustun qilgani, Quroysh qabilasini o‘zga qabilalardan afzal qilganiga yaqqol dalolatlar bor. Bu haqda bir necha hadislar kelgan. Imom Termiziy bobomiz rivoyat qiladilar: Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) minbarda turib: “Men kimman?, dedilar. Shunda sahobalar: “Siz Allohning Rosulisiz sizga salomlar bo‘lsin”, deb javob qilishdi. U zot: Men Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttolibman, Alloh taolo butun maxluqotni yaratdi so‘ngra ularni ikki guruhga ajratdi, meni eng yaxshi guruh ichida qildi so‘ngra ularni qabilalarga bo‘ldi, meni eng yaxshi qabila ichida qildi so‘ngra ularni uylarga bo‘ldi, meni eng yaxshi uy va eng afzal kishi qildi”, dedilar.
Arablar ayniqsa Habibimiz urug‘lari va avlodlariga muhabbat U zotga muhabbat demakdir. Arab yoki Quroysh qabilasining afzalligi Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning shular orasida dunyoga kelagnlaridandir.
Habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ni yetim bo‘lib tug‘ilishlari tasodifiy ish emas. Avvalgi hayotlaridanoq ota mehridan sal o‘tib onadan ham ayrildilar. Bularning barchasi Alloh taolo shunday qilib tanlab olganidadir. Balki, eng muhim sabablaridan biri, botil yo‘ldagilar qalbiga Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) avval boshdan chaqirayotgan da’vat va risolatini ota-bobosidan meros qilib olgani uchun qilmoqda, degan shak-shubha kirishiga yo‘l qo‘yilmaslgi uchun bo‘lsa ajab emas. Chunki, bu zotning zakkiz yoshga yetganlarida vafo etib ketgan bobolari Abdulmuttolib, o‘z qavmining boshlig‘i, Ka’baga kelganlarga oziq-ovqat va suv bilan taminlashdek buyuk ishlar shuni qo‘lida bo‘lgan bir odam edi. Tabikiy, bobo o‘z nabirasini yoki ota o‘z o‘g‘lini o‘z oldidagi ulg‘ mansabni saqlab qolish uchun tarbiya qiladi. Vaholanki, Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) otani ko‘rmagan, bobodan yosh ayrilgan bir inson edilar.
Yana shuni eslatib o‘tish lozimki, Habaibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Halima Sa’diya ona manziliga borganlarida qishloq va mahallaga baraka va to‘kinlik kirdi, ekin xosillari oldingidanda ser xosil bo‘la boshladi, albatta bularning barchasi bu zotni hatto go‘daklik chog‘larida ham qay darajad fazilat va Alloh taoloning huzurida ham oliy daraja sohibi ekanlaridan darak beradi. Bularning barchasi u zot butun olamga rahmat qilib yuborilgan zot ekanlariga dalolat qiladi.
Saidmuhammad Muhibullayev
Shayx Muhammad Sai’id Ramazon Butiyning
“Fiqhus-siyrah Nabaviya” kitoblari asosida tayyorladi.

Muallif: Админ
Sana: 25.10.2020
17
605

Har bir inson hayotda o‘z o‘rini topishga, baxtli xayot kechirish, elu- yurt orasida hurmat ehtirom qozonishga harakat qiladi va albatta buning uchun tinimsiz harakat, izlanish katta mehnat talab etiladi. Shuningdek o‘ziga berilgan eng oliy ne’mat umrini bemazmun o‘tkazib, biror bir ezgu ishga qo‘l urmay, jamiyatga foyda keltirmasdan, yurt taraqqiyoti va rivojiga hissa qo‘shmay yashayotgan insonlarning uchrab turgani afsuslanarli holdir. To‘g‘ri yo‘l qolib egri yo‘llarda tentirab yurgan odamlarni ko‘p uchratganmiz. Turli hil illatlarning qurboniga aylangan mana shunday ayrim kimsalar bugun o‘z saflarini xali borliq haqidagi tushunchalarga ega bo‘lmagan, yaxshi bilan yomon, oqu-qorani to‘la farqlay olmaydigan yoshlarni, shuningdek o‘z toifasidagi ma’naviyati sayoz bo‘lgan kimsalar evaziga kengaytirib borayotgani daxshatlidir. U qanday illat bo‘lmasin, giyoxvandlikmi, odam savdosimi yoki bo‘lmasa ekstremizm va terorizmmi bularning bariga eng avvalo bekorchilik va loqaydlik bosh omil bo‘lib xizmat qiladi. Biror bir ishning boshini tutmagan, kasb-xunar egasi bo‘lmagan qo‘shtirnoq orasidagi odamlar bekorchilikdan, mo‘may daromad topish maqsadida yuqorida keltirilgan illatlar domiga tushib, insoniyatni va butun dunyo xamjamiyatini jiddiy tashvish va xavotirga solib kelmoqda.
Qo‘lida kasb-hunari bo‘lmagan, biror ishning boshini tutmagan qanchadan-qancha insonlar bugun manfur kimsalarning tuzog‘iga tushib, o‘z huquq va erkinliklaridan judo bo‘lib “ Odam savdosi” deb nom olgan jirkanch qabixlik domiga tushib qolmoqda va ularning aksariyati yoshlar ekanligi barchada jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Shuningdek dinni niqob qilib, odamlarni zo‘rlik, qabohat va qurqinchga solib aslida niyati konstitutsion tuzumni ag‘darish, xokimiyatni egallash bo‘lgan jirkanch to‘dalar ham saflariga ana shunday ma’rifat ziyosidan bebahra omi kimsalarni qo‘shib borayotgani xech kim uchun sir emas. Bugun zamon bizni bundayin botqoqlikka botib qolmaslik uchun ogohlikka chorlab xushyor va sergak yashashga undayapti.
Ogoh va xushyor bo‘lish, vatanparvarlik tuyg‘ularnini mustahkamlash shu kunning muhim talablaridan biri ekanligini unutmagan holda atrofimizda va jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga loqayd bo‘lmasdan teran nigoh bilan boqishimiz shart. Ayniqsa halqimizni, kelajagimiz vorislarini asrash, ularni ma’naviy oziqlantirish, ongu shuurini ma’rifat ziyosi bilan boyitish har birimizning insoniy burchimizdir.
Yuksak ma’naviyatga ega bo‘lmagan odam sog‘lom e’tiqod va dunyoqarashdan ham mahrum bo‘ladi. Bunday kishilar yaxshi bilan yomonning, ezgulik bilan jaholatning farqiga bormaydi. Ular uchun xalq va Vatan manfaatlari begona. Ma’naviyatli odam o‘zini yomon ishlardan tiyadi, nohaqlik va zulmga qarshi qalbida norozi bo‘lib, o‘z nafratini bildiradi. Binobarin, yomonlikka qarshi nafrat, yaxshilikka nisbatan muhabbat va xayrixohlik yuksak ma’naviyatning asosiy belgilaridandir.
Inson va jamiyat bor ekan, ezgu g‘oyalarning qarama-qarshisi bo‘lgan zulm va zo‘ravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shakllarda namoyon bo‘lishga urinadi. Lekin ular odamzodning adolat, tinchlik va birodarlik, taraqqiyot va farovonlik g‘oyalariga tayanib, oliy maqsadlar sari intilishini aslo to‘xtata olmaydi.


Mirjalil Xudoynazarov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 23.10.2020
12
604

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, yoshlarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga yoshlarni milliy mentalitetimizga yot turli tahdidlardan himoya qilish, vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi globallashuv zamonida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Axborot xurujlaridan muayyan kuchlar, markazlar tomonidan o‘z manfaatlarini g‘oyaviy va mafkuraviy jihatdan ta’minlash va g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish bugun boshqa davlatlar xalqini, ayniqsa, yoshlarni chalg‘itish, ularning ma’naviyati va axloqiga yot, g‘ayriinsoniy g‘oyalar va axloqsiz turmush tarzini singdirishga yo‘naltirilgan usul va texnologiyalar qo‘llanilmoqda.
Ba’zi G‘arb mamlakatlarida ma’naviy buzg‘unchilik, narkomaniya, nikohsiz turmush, ommaviy behayoliklar, rok musiqa va kliplarda, filmlarda, turli axborot vositalarida keng targ‘ib qilinayotgani bizni tashvishga solmay qo‘ymaydi.
Axborot xurujlari avj olayotgan sharoitda xalqimiz, yoshlarimizni mafkuraviy xurujlardan himoya qilish uchun ularga axborot madaniyatini ya’ni: biron xabar yo voqeadan xabardor bo‘lsa, uni chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish lozimligini o‘rgatishimiz zarur.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Eshitgan gapini aytaveradigan odamdan yolg‘onchiroq kishi yo‘qdir”, - deganlar.
Asossiz uydirma gaplar tarqalaversa befarqlik vujudga kelib qoladi, ulkan gunohlar odatiy holga aylanib qoladi, odamlar ham bunday ishlarni qilishdan uyalmaydigan bo‘lib qoladi.
Kishi internet yomonligidan o‘zini saqlashi lozim bo‘lganidek, uning yaxshiliklaridan o‘zini butunlay mahrum qilmasligi ham kerak. Biz kuchli, bilimli, intellektual salohiyatli, zamonaviy axborot texnologiyalarini boshqaradigan, undan samarali foydalana oladigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishimiz lozim.
Darhaqiqat, Davlatimiz siyosatining ustivor maqsadlaridan biri yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik, diniy va milliy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, yuksak ma’naviyat, insoniy qadr-qimmatni e’zozlaydigan jismonan va ruhan sog‘lom, aqlan barkamol qilib voyaga yetkazishga, ularni kelajakning munosib vorislari etib tarbiyalashga ko‘maklashishdan iboratdir. Zero, ilmli, odobli, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan insongina yaxshi yoki yomon ma’lumotning mohiyatini anglaydi va tahdidlarga qarshi kuch topa oladi.

Sirojiddin Jahonov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 23.10.2020
13
603

Islom dini tinchlik va ezgulik dinidir. Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallam biz uchun islom dinini xuddi nurafshon yo‘l kabi bayon qilib berganlar. Undan faqatgina halokatga yo‘l olgan kishigina yuz o‘giradi. Bu dinning asosi rahmat hisoblanadi. Bu borada Rasululloh sallollohu alayhi vasallam; “Rahmdillarga Rohman rahm qiladi”, degan hadisi sharifni aytganlar.
Insonlarga rahm-shafqatsiz, kuniga yuzlab begunoh odamlarni o‘ldirayotgan, yuz minglab tinch aholini o‘z uyini tashlab sarson-sargardonlikka solib, qochoqlar safiga qo‘shilishga majbur qilayotgan terroristik tashkilotlarning oxiri voy bo‘lib, faoliyatiga chek qo‘yilishi muqarrar.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, odamlarni Islom dinidan qo‘rqitish bilan shug‘ullanuvchilar – Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan yovuz kimsalardir. Modomiki, ular har qanday qabih ishdan qaytmaydi. Musulmonlarni yomonotliq qilish, bo‘hton yog‘dirish, ko‘p¬lab xunrezlik¬lar sodir etishdan ham tap tortmaydi. Dunyoda bo‘layotgan qo‘poruvchilik¬lar bunga yaqqol misoldir. Bunday qing‘irlik¬larni qandaydir ko‘rinmas kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotgan islomni niqob qilgan to‘dalar zimmasiga qo‘yib, muborak Islom dini bilan bog‘lashga harakat qilinadi. Bu kabi hiylalarni kimlar qilishi Qur’oni karimda ochiq bayon etilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”, deyiladi. (Nahl, 105)
Islom dini va terror bir-biriga butunlay qarama-qarshidir. Islom bir insonni o‘ldirish u yoqda tursin, unga biroz ozor berishdan ham qaytaradi. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom): “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir”, deb ta’kidlaganlar.
Muqaddas dinimizning ma’ri¬fat¬parvar g‘oyalari va hayotbaxsh o‘git-larini dushmanlar o‘zlarining qo¬ra maqsadlariga yetishlarida to‘siq deb biladi va uni tanazzulga uchratish uchun jon-jahdlari bilan harakat qiladi.
Ular bu maqsad yo‘lida har qanday yomonlikni qilishga tayyordir.
Fundamentalizm va ekstremizm asosida vujudga kelib, terrorchilik usullarini qo‘llayotgan islom niqobidagi turli tashkilotlar va harakatlarga qarshi samarali mafkuraviy kurash olib borishda, ularning g‘ayriinsoniy mahiyatini anglab yetish muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqimiz ayniqsa yoshlarimiz ongiga tahdid solishiga harakat qilayotgan mazkur oqimlarning ta’siriga tushib qolmaslik uchun ma’naviy salohiyatimiz yetuk bo‘lishi, har birimiz doimo ogoh bo‘lishimiz yurt tinchligi xalq faravonligi yo‘lida o‘z xissamizni qo‘shishimiz lozim.

O‘tkir G‘uzarov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Muallif: Админ
Sana: 22.10.2020
12
602

Kimdir mayda millat bo‘ldi, kimdir katta,
Katta millat Afandisi yo‘qdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o‘tsa faqat sendan o‘tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Muhammad Yusuf..

Til — millat faxri

Til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Tilning davomiyligini, umrboqiyligini unda so‘zlovchilarning milliy g‘ururi, kuch-qudrati, adabiyoti va san’ati belgilaydi, desak xato bo‘lmaydi.
O‘tgan yilning 21 oktyabr kuni poytaxtdagi muhtasham majlislar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tili haqida yoniq so‘zlarini aytganida barcha tik oyoqqa turib, davomli qarsaklar bilan olqishlagan edi. Chunki yangilanayotgan O‘zbekistonning rivojlanish tamoyillari belgilab qo‘yilgan har bir sohasi o‘z taraqqiyotida shiddat bilan davom etar ekan, ayni til sohasi e’tiborga muhtoj bo‘lib turgan, vaqt-soati kelib bu borada ham tub islohotlar amalga oshiriladi degan umid bo‘lsa ham, ayni o‘sha kuni Prezident o‘z xalqiga bunday xushxabarni aytishini ko‘pchilik kutmagan edi. Mamlakat rahbari o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida“gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta’kidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatdi va “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon qabul qilganini, unga binoan, 21 oktyabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilanganini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng bu boradagi ishlarning ijrosi tizimli ravishda davom etdi: Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi va uning tashabbusi bilan Atamalar komissiyasi tuzildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi qarori bilan barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi.
Bundan 31 yil avval, xuddi shu kuni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan edi. O‘tgan yillar davomida bu qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib kelindi. Bugun ham davr va sharoit qonunni yanada takomillashtirib, uning talablarini qat’iylashtirishni taqozo etayotir.
Albatta, o‘zbek tilining o‘z kuni, o‘z bayramiga ega bo‘lishi juda quvonarli hodisa. Xalqaro tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, turli mamlakatlarda 20 aprel – xitoy, 23 aprel – ispan, 15 may – fors, 6 iyun – rus, 1 avgust – ozarbayjon, 26 sentyabr – turk, 9 dekabr – italyan, 18 dekabr arab tili kuni sifatida nishonlanadi.
Shu asnoda maqolamizga Alixonto‘ra Sog‘uniyning ushbu so‘zlarini iqtibos qilsak: “Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o‘zimizdan chiqargandek, yov qo‘lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo‘ladilar. U holda esa o‘zlaridan umid etilgan Vatan o‘g‘illarining qo‘llari bilan Vatan ahllarini ko‘mishga chuqur qaziladi demakdir”.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abbos roziyallohu anhuga: “Go‘zalligingiz meni ajablantiradi” dedilar. U kishi: “Insonning go‘zalligi nima, ey Allohning Rasuli?” dedilar. Payg‘ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Uning tili” dedilar.
Demak, ushbu hadisdan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsak, til insonning go‘zalligi hisoblanar ekan. Bu go‘zal ne’matdan bu dunyodagi hayotimizda chiroyli tarzda foydalanib, go‘zal amallar qilishlikka Alloh taolo o‘zi yordamchi bo‘lsin!
Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
Bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Muallif: Админ
Sana: 21.10.2020
22