Yangiliklar
447

Маълумки, яқин кунларда мусулмонлар интиқиб кутадиган, муборак Рамазони шариф ойи кириб келмоқда. Ҳар йили юртдошларимиз Рамазон ойини алоҳида тайёргарлик ва хурсандчилик билан кутиб оладилар ва кўтаринки руҳда, ўзгача шукуҳ билан ўтказадилар. Чунки, Рамазон ойида мўмин-мусулмонларнинг ризқига барака, амалларига улкан ажру савоблар ато этилади. Зеро, Аллоҳ таоло Рамазон ойида мўминларга кундуз кунлари рўза тутмоқликни фарз, тунлари таровиҳ намозини ўқимоқликни нафл қилиб берган. Рамазон ойида Қуръони каримни хеч бўлмаса бир марта бошидан охиригача ўқиб хатм қилиш Пайғамбаримиз алайҳиссаломнинг суннатларидандир. Рўзадорларга ифторлик қилиб бериш, муҳтожларга хайру садақалар улашиш ушбу ойга хос бўлган амаллардан саналади.

Лекин, минг афсуски, бугунги кунда бутун дунё бўйлаб, жумладан, юртимизда ҳам Коронавирус пандимеяси тарқалди. Бу касаллик кенг тарқалишини олдини олиш мақсадида юртимизда карантин эълон қилинди.

Маълумки, ушбу ҳолат вужудга келгани муносабати билан Ўзбекистон мусулмонлари идораси Уламолар кенгашининг “Коронавирус (COVID-19) инфекциясининг тарқалишини олдини олиш бўйича ФАТВОСИ” эълон қилинди. Фатвода юртимизда эпидемиологик вазият барқарорлашгунгача жамоавий намозлар вақтинча тўхтатилиб, мусулмонларимизга намозларни уйларида адо этишлари лозим эканлиги етказилди.

Ўзбекистон мусулмонлари идораси томонидан Рамазон ойини ўтказиш бўйича қўшни ва хорижий мамлакатлардаги ҳолат ўрганилди. Жумладан, Миср Араб Республикаси, Саудия Арабистони, Туркия, Россия Федерациясининг Татаристон Республикаси мусулмонлари диний идоралари томонидан Рамазон ойида масжидларда таровиҳ намозлари адо этилмаслиги ва оммавий ифторликлар уюштирилмаслиги ҳақида баёнотлар эъло қилинди.

Шунингдек, қўшни Қозоғистон ва Қирғизистон мусулмонлари диний идоралари билан мазкур масала муҳокама қилинди ва ягона тўхтамга келиш ҳақида қарор қилинди.

Юқоридагилардан келиб чиқан ҳолда, шунингдек, фуқароларимиз орасида Рамазон ойида кўзда тутилган диний маросимлар сабабли карантин талаблари бузилишини олдини олиш мақсадида Ўзбекистон мусулмонлари идораси Уламолар кенгаши барча мусулмонларни қуйидаги кўрсатмаларга қатъий риоя қилишга чақиради:

  1. Рамазон ойида мўмин-мусулмонларимиз таровиҳ намозларини, хатми Қуръонларни ўз оила аъзолари билан хонадонларида ўтказсинлар.
  2. Муборак Рамазон ойида мўмин мусулмонларимизнинг руҳини кўтариш мақсадида Ўзбекистон мусулмонлари идораси тизимида фаолият юритаётган қориларнинг хатми Қуръонлари онлайн тарзда амалга оширилиши йўлга қўйилсин.
  3. Ифторлик савобидан умидвор бўлган саҳоватпеша мусулмонларимиз ифторлик маросимлари учун мўлжаллаган маблағларини “Ҳомийлик хайрияларини мувофиқлаштириш марказлари” орқали моддий кўмакка муҳтож оилаларга етказсинлар.
  4. Барча мусулмонларимиз қўни-қўшни ва яқин қариндошларни тўплаган ҳолда ифторлик уюштиришлари карантин талабларига зид келиши баробарида Аллоҳ таолонинг ишбошиларга итоат қилиш ҳақидаги Нисо сураси : “Эй, имон келтирганлар! Аллоҳга итоат этингиз, Пайғамбарга ва ўзларингиздан (бўлмиш) бошлиқларга итоат этингиз!...” 59-оятига ҳилоф эканини англашлари лозим.
  5. Закот маблағларини ҳамда фитр ва фидя садақаларини “Вақф” ҳайрия жамоат Фонди ва унинг ҳудудий бўлинмалари ҳисоб рақамларига ёки “Ҳомийлик хайрияларини мувофиқлаштириш марказлари”га топширишлари тавсия этилади.
  6. Рамазон ойи давомида барча телеканаллар орқали эфирга узатилиши режалаштирилган кўрсатувлар Медиа-режаси асосида Қорақалпоғистон Республикаси қозиёти қозиси, Тошкент шаҳар ва вилоятлар бош имом-хатиблари ҳамда халқимиз орасида обрўли диний уламоларимизнинг ушбу Баёнотда белгиланган вазифаларни халқимизга етказиш мақсадида оммавий ахборот воситаларида чиқишлар ташкил қилинсин ва кенг ёритилсин.
  7. Қорақалпоғистон Республикаси қозиёти қозиси, Тошкент шаҳар ва вилоятлар бош имом-хатиблари томонидан ижтимоий тармоқлар орқали, “Рамазон – раҳмат ва сабр ойи” мавзусидаги маърузаларни мунтазам он-лайн тарзда бериб боришни йўлга қўйсинлар.
  8. Мусулмонларимиз хонадонларида Аллоҳ таолодан коронавирус балосини тез кунларда бартараф этишини сўраб, ихлос билан дуо қилсинлар.

Аллоҳ таоло тез кунларда беморларимизга шифои комил бериб, дунё халқлари, жумладан юртимиздан бу касалликни кўтарсин! Ҳамда фазилатли жамоатлар билан ибодатларни комил суратда адо қилишни барчамизга насиб қилсин!

Ўзбекистон мусулмонлари идораси

Уламолар кенгаши

Muallif: Админ
Sana: 14.04.2020
268
436

Hurmatli ustozlar va aziz talabalar!

Bugun insoniyat boshiga Alloh taoloning bandalariga bergan ulkan sinovi – Koronavirus COVID- 19 kasalligi xavf solmoqda. Bu kasallik yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mazkur kasallikni tezroq bartaraf etish uchun barcha zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mana shunday sinovli damlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tizimli ishlar va amaliy sa’y-harakatlar uzluksiz olib borilishi yo‘lga qo‘yilib, Ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va karantin talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha murojaati doirasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu borada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali yaxshi tanishsiz. Shunday ekan siz azizlarga yana bir bor eslatib o‘tamiz, hukumatimiz tomonidan belgilangan karantin qoidalariga amal qilish VOJIBLIGI to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvosi chiqdi. Shu sababli yurtimizda bo‘lib turgan karantin davrida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishda siz aziz ustoz va talabalar xalqimizga namuna bo‘lishingizni so‘raymiz.
Dinimiz ko‘rsatmasiga muvofiq ibodatlarda ushbu kasallikni yurtimizdan, butun dunyodan ko‘tarilishini Alloh taoladan so‘rab, duo qilishingizni so‘raymiz.
Xudo xohlasa ushbu dardni birgalikda, chiroyli sabr bilan, Yaratganning o‘zidan madad so‘ragan holda sabru-matonat, birdamlik bilan yengib o‘tamiz. Zero, Alloh taolo O‘z kalomida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”degan.
Uyda qoling! Alohida zarurat bo‘lmagan taqdirda uyda bo‘lishga, o‘zimiz va oila a’zolarimizni sog‘lig‘ini asrashga chaqiramiz.

Hurmat va ehtirom ila

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri G‘uzarov O‘tkir

Muallif: Админ
Sana: 30.03.2020
336
430

Koronavirus infeksiyasini tezroq bartaraf qilish, karantin davrida xavfsizlikni hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida bilim yurtining asosiy kirish joylari qo‘llarni mikrob va viruslardan zararsizlantiruvchi antiseptik gel, quruq va nam salfetkalar bilan ta’minlanib, bilim yurti xodimlari mazkur vositalardan foydalangan holda kirishi yo‘lga qo‘yildi.
Bilim yurti hududidan o‘tuvchilarga Koronavirus infeksiyasidan saqlanish yo‘llari, shaxsiy himoya vositalarisiz yurmaslik, tozalikka doimiy e’tibor qaratish haqidagi targ‘ibot materiallari hamda tibbiy niqoblar tarqatildi.


Shuningdek, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Kitob tuman Kengashi bilan hamkorlikda Koronavirus infeksiyasidan saqlanish va uni oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Bilim yurti matbuot xizmati
Muallif: Админ
Sana: 25.03.2020
275
426

Hurmatli yurtdoshlar!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi karantin davrida osoyishtalikni saqlash va inson sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadidagi o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.

Mamlakatimiz hududida koronavirus xastaligiga chalingan bemorlar yoki kasallikka shubha qilingan kishilarni o‘z vaqtida aniqlash va infeksiya tarqalishining oldini olish yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan bir qator cheklovlar va muayyan choralar ko‘rilmoqda. Jumladan:

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» beriladi.

25 mart kunidan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming so‘m) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblarning tanqisligini sun’iy vujudga keltirib, narxini oshirgan «tadbirkor»larga qat’iy choralar ko‘riladi.

23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga (mulkchilik shaklidan qat’i nazar) asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.

Barcha savdo va dexqon bozorlarida savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada bo‘lishlarining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilishi kabilar qarorda ma’lum qilindi.



Tartib-intizom va ishboshilarga itoat – vojib (shart)!

Azizlar, bunday holatlarda tartib-qoidalarga bepisand bo‘lish, nafaqat qonunni buzish, balki shar’iy tomondan ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki ishlarda ko‘pchilik tomonidan saylangan rahbarlarga, hukumatga bo‘ysunishning lozimligi Islom manbalarida bayon qilingan. Qur’oni karimda bunday bayon qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) ishboshilarga itoat etingiz!» (“Niso” surasi, 59-oyat).

Imom Tabariy “ishboshilar” so‘zining tafsirida mashhur sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhuning “Ular sizlardan bo‘lgan amirlar”, deb izoh berganini rivoyat qilganlar.

Ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi, avvalo, Alloh taolo va Uning rasuliga to‘la taslim bo‘lib, din va dunyo ishlaridagi ishboshilarga, agar ular gunohga buyurmasalar, itoat etishi vojib bo‘ladi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga itoat etsa, Allohga itoat etibdi. Kim menga osiy bo‘lsa, Allohga osiy bo‘libdi. Kim amirga itoat etsa, menga itoat etibdi. Kim amirga osiy bo‘lsa, menga osiy bo‘libdi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).

Islom ulamolari “Musulmon, mohir, taqvodor tabibning xabari ila qilinadigan muolaja farz ayn darajasigacha ko‘tariladi”, deydilar. Demak, Islom dinida itoat qilish ibodat darajasiga ko‘tarilgan va mo‘min-musulmonlar ayni hozirgi holatda tabiblar ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etishlari juda ham zarur.



Karantinni buzish joiz emas!

Hozirgi murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan tushuntirish ishlari va ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, karantin tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzishga yo‘l qo‘yayotganlar ham uchramoqda.

Inson karantin va cheklovni buzishi yoki kasallik o‘chog‘iga borganlik, bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlikni yashirishi nafaqat o‘zi, balki jamiyat uchun ham katta xavfdir. Masalan, joriy yilning 15 martidan 23 mart kuniga qadar yurtimizda ushbu kasallik 46 nafar shaxslarda aniqlangan bo‘lsa, kasallarning 16 nafari 1 bemor bilan muloqotda bo‘lganlar. Demak, bunday vaziyatda eng asosiysi, o‘zaro muloqotni kamaytirish, kasallik yuqishining oldini olish borasidagi tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishdir.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, Italiya davlatida koronavirus keng tarqalishining asosiy sabablari – karantin choralarini tatbiq etmaslik, jamoat transportlari va joylardagi harakatlarni cheklamaslik hamda soha mutaxassislari fikrlariga quloq solmaslikdir.

Demak, karantin davrida shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalari, ayniqsa, virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, pandemiya davrida fuqarolarning turli joylarda to‘planishi, har xil yig‘inlar qilishlari, shu jumladan, masjidlar oldida jamoat hosil qilishlari ham karantin talablariga xilofdir. Bunday harakatlarni sodir etayotgan fuqarolar respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan choralarni qo‘pol ravishda buzishlari barobarida, avvalo o‘zlari va yaqinlarini xatarga qo‘yayotganliklari, yurtdoshlarimiz orasida virus tarqalishiga sababchi bo‘lib qolishlari mumkinligini teran anglab yetishlari hamda bu kabi ishlarga qo‘l urmasliklari zarur.

Islom dini ta’limotlarida har bir inson o‘zi va boshqalar hayotini muhofaza qilishga mas’uldir! Alloh taolo Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga tashlamang!” deb xitob qilgan (“Baqara” surasi, 195-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kasal tuyalari bor kishi ularni sog‘lom tuyalari bor kishining tuyalari oldiga keltirmasin”, deb ta’kidlaganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar bir yerda vabo (tarqalgani)ni eshitsangiz, u yerga kirmanglar. Agar sizlar turgan yerda shu narsa (vabo) bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bugun karantin choralariga qat’iy rioya qilish zarurligini tushunib yetdik. Garchi yurtimizda sanoqli kishilar virusni yuqtirgan bo‘lsa-da, lekin hammamiz – yurtimizning 34 milliondan ziyod fuqarosi bir tanu bir jon bo‘lib hamkorlikda harakat qilishimiz darkor. Zero, Qur’oni karimda:

«Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmang!» (“Moida” surasi, 2-oyat), deyilgan.

Demak, jamiyat sog‘ligini saqlash yo‘lida o‘zaro hamkorlik qilish – Islom dini tavsiya etilgan amallardandir.



Kasallik manbalaridan saqlanish hayotiy muhim talabdir

Kasallik tarqashiga zamin bo‘ladigan vositalardan biri bu – jamoat transportlari. Toshkent shahrida transport turlari hamda qatnov ko‘lamining kengligi, yo‘lovchilar oqimi yuqoriligi kasallik tarqalishida muhim omil bo‘lishini inobatga olib, Toshkent shahrida avtobus, metro hamda yo‘nalishsiz taksi qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi.

Poytaxtimiz aholisi bunday choralarning barchasi birinchi galda ularning salomatligini asrash maqsadida amalga oshirilayotganini tushunadilar.

Yana bir muhim masala: barcha savdo va dehqon bozorlarida, savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada bo‘lishlarining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislari fikriga ko‘ra, ijtimoiy masofalanish – koronavirus tarqalishining oldini olishda eng muhim chora ekan. Jamoat joylarida aholining o‘zaro yaqin masofada bo‘lishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu chora «ijtimoiy masofalanish» deb nomlanadi. Ijtimoiy masofalanish, oddiy qilib aytganda, bu – odamlar o‘rtasidagi masofani 2 metr atrofida saqlashdir.



Pandemiya – tafriqa emas, birlashish vaqti

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz ma’lumotlarni tarqatayotganlarga nisbatan aytar so‘zimiz shuki, bugungi sinovli paytlarda barchamiz birlashib, xalqimizga to‘g‘ri va asosli ma’lumotlarni tarqatish orqali ushbu og‘ir xastalikni yengib o‘taylik.

Hozirgi mas’uliyatli onlarda zinhor shayton vasvasasiga berilmasligimiz kerak. Har qanday qiyinchilikni birdamlik, hamfikrlik bilan yengishimiz mumkin. Tarixda ham xalqimiz bunday mashaqqatlarni boshidan o‘tkazgan, sabr-qanoatlari va kuchli imonlari bilan ularni yengib o‘tgan. Bu safar ham, bu kasallikni Alloh taoloning madadi ila birgalikda yengamiz.

Bunday vaziyatlarda biz, ahli ilm, olim ulamolarimizning ko‘rsatmalari o‘laroq dinimizning ahkomlariga asosan mo‘min-musulmonlarni, ayniqsa bunday paytlarda vahima tarqatib ommani sarosimaga soluvchi ayrim insonlarga ta’lim o‘laroq, Islom dinimiz ta’limotlariga amal qilishlariga undab qolamiz.

Har qanday mashaqqatga sabr qilish eng afzal ish ekaniga xushxabarlar bor. Alloh taolo aytadi: «Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz, to‘la-to‘kis qilib berilur» (“Zumar” surasi 10-oyat). Shunday ekan biz ham sanoqlik kunlarda imtihon o‘laroq yurtimizdan Yaratganning O‘zi bu kasallikni ko‘tarib yana tinchlik va salomatligimizni barqaror qilsin.



Xulosa

Aytib o‘tilgan choralarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infeksiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qat’iy muhofaza qilishga qaratilgandir.

Shunday sinov davrida fuqarolarimizdan osoyishtalikni saqlab qolishni, vahimaga berilmaslikni, asossiz ma’lumotlar ta’siriga tushmaslikni yana bir bor so‘rab qolamiz. Unutmang, hukumatimiz, mutasaddilar va shifokorlar sizning sog‘ligingiz uchun har qachongidan ham ko‘proq qayg‘urmoqdalar.

Koronavirusga qarshi birgalikda kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish o‘zimiz, oila a’zolarimiz va yurtdoshlarimiz salomatligini asrash borasidagi eng to‘g‘ri yo‘l ekanini unutmaylik.



Duoyu tazarruda bo‘lish ayni muddao

Azizlar, bugun hijriy yil hisobi bo‘yicha Rajab oyining 27-kunidir. Shu kunda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Haq taoloning huzuriga ko‘tarilganlar. Bu kun “Isro” va “Me’roj” voqeasi bilan tarixda mashhurdir. Jaloluddin Suyutiy rahmatullohi alayh «Al-Jome al Kabir» kitobida quyidagi hadisi sharifni zikr qiladi: “Rajab oyida shunday kecha borki, bu kechada amal qilgan kishi uchun yuz yillik hasanot yozilur”. Kimki shu kunda tavsiya etilgan ibodatlarni ado etib, shundan keyin dunyo va oxirat ishlarida xohlagan narsani so‘rab duo qilsa, Alloh taolo barcha duolarini ijobat qiladi, degan mazmundagi rivoyatlar kelgan (Mulla Ali Qoriy, “Al-adab fi Rajab»).

Duolar mustajob bo‘ladigan shunday vaqtlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bunday sinovli vaziyatlarda Alloh taologa yuzlanib, gunohlarimizga istig‘for so‘rab, tavba-tazarru etib, bir-birimizning haqimizga xayrli duolar qilishni tavsiya etadi.

Aziz yurtdoshlar, ajdodlarimiz bunday sinovlarni donishmandlikka xos vazminlik bilan yengib, ertangi kunga katta ishonch va umid bog‘lab, duo va iltijo ila intilib yashashgan. Yanada hamjihat bo‘lsak, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, albatta, bu balo Haq taoloning izni ila yurtimizdan chekinadi.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolari Kengashi



Milodiy 2020 yil 22 mart

Hijriy 1441 yil 27 Rajab

Muallif: Админ
Sana: 23.03.2020
306
425

Mamlakatimiz bo‘ylab e’lon qilingan karantin bilan bog‘liq ayrim cheklovlarni to‘g‘ri tushunish hamda ularni buzmaslik barchamizning eng muhim vazifamiz sanaladi,
Shu bois, ushbu kasallik tufayli mamlakatimizda e’lon qilingan karantin holati aslida sizu-bizning, farzandlarimizning salomatligini muhofaza qilish uchun joriy etilganini teran his etgan holda, yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni yengib o‘tishimiz lozim.
Shundan kelib chiqib, “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov boshchiligida Kitob dehqon bozorida aholiga tibbiy niqoblar tarqatmoqdalar. Shuningdek, Prezidentimizning koronovirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqimizga qilgan murojaati haqida kengroq tushunchalar berib bormoqdalar.

Bilim yurti matbuot xizmati

Muallif: Админ
Sana: 23.03.2020
308