Yangiliklar
573

Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zosi, ko‘p yillar diniy sohada mehnat qilgan, fazilatli ulamo Hoji Mustafoqul domla Melikov vafot etganlari haqida xabar bergan edik.
Bugun, 3 sentyabr kuni muhtaram Prezidentimizning marhum ulamo farzandlari va yaqinlariga chuqur hamdardliklarini yetkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi bir guruh mutasaddilar, ulamolar va imom-domlalar hoji Mustafoqul domla xonadoniga tashrif buyurdilar. Dastlab, Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, marhum ulamoning ruhi pokiga baxshida etildi.
Tashrif asnosida mahzun ko‘ngillarni juda ham keng yorishtirgan eng asosiy ish shu bo‘ldiki, Davlatimiz Rahbari tomonlaridan hoji Mustafoqul domlaning eng og‘ir va sinovli damlardagi fidokorona mehnatlarini yuksak qadrlab, rahmatli ulamo 35 yil mehnat qilgan Samarqand viloyatidagi jome masjidni eng zamonaviy shakl va milliy me’morchiligimiz an’analariga mos holda bunyod etish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yangidan barpo etiladigan muhtasham jome masjidga Hoji Mustafoqul domla nomini qo‘yilishi alohida ma’lum qilindi.
Ushbu qalblarga yorug‘lik baxsh etuvchi xabarlarni eshitgan hoji Mustafoqul domlaning ahli ayoli Fotima hoji ona, farzandlari Abdulloh, Ubaydulloh, yoru do‘stlari va shogirdlari ko‘zlarida yosh ila muhtaram Prezidentimizdan juda ham cheksiz-cheksiz minnatdor ekanlarini izhor etib, qalblaridagi eng ezgu duolarini qildilar.
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan bir imom domlaning sharafiga katta bir masjid barpo etilishi Samarqand viloyati tarixida ilk marta yuz bermoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu fazilatli ulamoni qadrlash Yangi O‘zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir bor yaqqol namunasi bo‘ldi. Tan olish kerakki, yurtimizning yaqin o‘tmishida bir imom-domlaga bu darajada e’tibor qilinmagan edi.
Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma’rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo‘lida juda ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi tarixiy o‘zgarishlar va voqealarni hammamiz ko‘rib, eshitib, bevosita guvohi bo‘lib turibmiz. Bularning zamirida Yaratgan Parvardigorning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa’y-harakatlarimiz mujassamdir.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta’limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda O‘z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (“Muhammad” surasi, 7-oyat).
Oyati karimada ta’kidlanganidek, rahmatli Hoji Mustafaqul domla ana shunday yaxshi va ezgu xislatlar egasi edilar.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan bu fazilatli olimni mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarlarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni nomiga bunyod etiladigan ulkan jome masjid Qiyomatga qadar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bo‘lib, Qur’oni karim tilovatlari va duoyu iltijolar bardavom bo‘lsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Muallif: Админ
Sana: 04.09.2020
235
572

Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qaroriga asosan 4 sentyabr, juma kunidan boshlab diniy tashkilotlarda jamoaviy ibodatlarni (juma va shanba-yakshanbalik diniy xizmatlar) amalga oshirishga ruxsat berildi.
Ushbu qarorga muvofiq, yurtimizdagi jome masjidlarda juma namozlari 4 sentyabr, juma kunidan boshlab ado etilishiga ruxsat etildi.
Respublikamizdagi jome masjidlarda 4 sentyabr kuniga qadar juma namozini o‘qishga tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Juma namozlari vaqtida qat’iy karantin talablariga hamda ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya etilishi talab etiladi. Jumladan:
– juma namozini o‘tkazish uchun tashrif buyuruvchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani ta’minlash;

– masjidlar xodimlari va tashrif buyuruvchilarning tibbiy niqobda bo‘lishi;

– sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish, bino xonalarini doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar,–

– antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash;
– juma namozidan keyin bino (xona) va undagi jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
– bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish;
– tana harorati 37 S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritmaslik;
– masjidlarga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik kabi karantin talablari joriy etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Muallif: Админ
Sana: 03.09.2020
162
562

O‘zbekiston – qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Ana shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi amaldagi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri – vijdon va din erkinligini ta’minlash hisoblanadi. Shunga ko‘ra, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining qabul qilinishi – ushbu sohadagi huquqiy asoslarni yaratish va doimiy takomillashtirish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining http://parliament.gov.uz veb-saytida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi. Qonun loyihasini takomillashtirishda jamoatchilik fikrini olish maqsadida loyiha saytning “Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari” rukniga joylashtirilgan.

Shuningdek, ushbu Qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza va takliflarni demokratkom@parliament.gov.uz manziliga yo‘llash mumkin ekani ham ma’lum qilingan.

Ushbu qonun loyihasi haqida gap ketganda, avvalo, uni ishlab chiqishda qo‘shni davlatlar, shuningdek yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyat, shuningdek, O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik o‘ziga xos tarixi, madaniy-tarixiy an’ana va qadriyatlari inobatga olinganini alohida qayd etish lozim.

Qolaversa, ushbu Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro me’yorlar va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingani diqqatga sazovor.

Mazkur qonun loyihasi mutaxassislar tomonidan barcha hamkorlar, shu jumladan, Brigam Yang universitetning Huquqshunoslik va dinshunoslik bo‘yicha xalqaro markazidagi amerikalik ekspertlar tavsiyalarini o‘rgangan holda yanada takomillashtirildi va qo‘shimchalar kiritildi.

Endi, bevosita yangi tahrirdagi Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan quyidagi asosiy yangilik va o‘zgarishlarga to‘xtalsak:

– diniy sohadagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berildi;

– vijdon erkinligini ta’minlashning va diniy tashkilotlar faoliyatining asosiy prinsiplari belgilandi;

– vijdon erkinligini ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi;

– har bir shaxsning diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olishi, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida diniy ta’lim berish) o‘rgatish huquqi belgilandi;

– diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni ta’minlanishining kafolatlari, shu jumladan yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi mustahkamlab qo‘yildi;

– diniy tashkilot rahbarligiga ko‘rilayotgan chet ellik fuqaro nomzodini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishish talabi chiqarib tashlandi;

– diniy tashkilot rahbarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi;

– davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron tizimiga o‘tish orqali diniy tashkilotni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘rnatildi, unga ko‘ra quyidagilar belgilandi:

· ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtiroki bekor qilindi;

· diniy tashkilotlarning hujjatlarini notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi;

· diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi;

· mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar soni 100 tadan 50 tagacha qisqartirildi;

· ro‘yxatga olish organi tomonidan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun bir oylik muddat belgilandi;

– diniy tashkilotni ro‘yxatga olishni rad etilishi mumkin bo‘lgan asoslarning to‘liq ro‘yxati aniqlandi;

– ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish bo‘yicha huquqi chiqarib tashlandi;

– qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan taqdirda, diniy tashkilot faoliyatini olti oygacha sud orqali to‘xtatib qo‘yish instituti joriy etildi.

Bundan tashqari, mazkur Qonun loyihasida jamoat tartibini saqlash, boshqa fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, axloqi, huquqlari va erkinligini ta’minlash maqsadida diniy sohani davlat idoralari tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan sabablar tushuntirilgan quyidagi qoidalar o‘z aksini topgan:



· vakolatli davlat organlari va diniy tashkilotlar o‘rtasida jamiyatda dinlararo va millatlararo totuvlikni saqlash bo‘yicha munosabatlarni tartibga solish;

· din davlatdan ajratilganligi prinsipi davlat organlari va diniy tashkilotlar tomonidan bir-birlarining ishlariga o‘zaro aralashmaslik shaklida belgilandi, shuning uchun davlat diniy tashkilotlarga biron-bir davlat vazifalarini bajarishni yuklamaydi. Shu bilan birga, davlat konfessiyalarning tinch-totuvlikda yashashiga kafil bo‘ladi;

· diniy sohani tartibga soluvchi davlat idoralarining vakolatlari aniqlab berildi;

· jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni buzishga ko‘maklashuvchi missionerlik va prozelitizmning har qanday ko‘rinishlarini cheklash belgilandi;

· diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizadan o‘tkazishdan asosiy maqsad qilib jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlovchi g‘oyalarning oldini olish belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun loyihasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir. Shu o‘rinda, ushbu omillarni inobatga olmagan holda mamlakatimizda yashovchi millat va elatlar hamda konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turlicha diniy e’tiqodlari va his-tuyg‘ularini hurmat qilishni ta’minlash mutlaqo imkonsiz ekanini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.



Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Matbuot xizmati

Muallif: Админ
Sana: 20.08.2020
203
545

O‘zbekistonda Qurbon hayiti 31 iyul kuni nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, 2020 yil muborak Qurbon hayitining birinchi kuni shu yil 31 iyul kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilingan.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan dunyo ulamolari va yirik fatvo markazlarining hijriy 1441 yil Zulhijja oyining birinchi kuni 2020 yilning 22 iyul kuniga to‘g‘ri kelgani hamda 31 iyul zulhijja oyining 10-kuni bo‘lib, Qurbon hayitining birinchi kuni bo‘lishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tayangan holda 2020 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni shu yil 31 iyul, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilingan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Muallif: Админ
Sana: 25.07.2020
204
542

Hurmatli abituriyentlar!

2020-2021 o‘quv yili uchun qabul imtihonlarining o‘tkazilish vaqti, joyi va tartibi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan karantin sharoitidan kelib chiqib belgilanadi.

Qabul imtihonlarining o‘tkazilish vaqti, joyi va tartibi belgilangandan so‘ng bilim yurti qabul hay’ati tomonidan har bir abituriyentga SMS xabar yuboriladi. Shuningdek, bilim yurtining xojabuxoriy.uz sayti, @xojabuxoriy telegram kanali orqali e’lon beriladi.

Eslatma: imtihonlar quyidagi fanlardan o‘tkaziladi.

- 1-blok “Chet tili” 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.2 ball beriladi, jami 96 ball;

- 2-blok “Tarix” 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.1 ball beriladi, jami 93 ball.

Qabul imtihonlari test sinovi shaklida o‘tkaziladi.

«Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati

Muallif: Админ
Sana: 23.07.2020
332