Yangiliklar
329

Ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Joriy yilning 30 oktyabr kuni “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida hanafiy mazhabidagi qo‘lyozma va toshbosma asarlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur ko‘rgazmadan bilim yurtining Axborot-resurs markazida saqlanayotgan fiqhiy, aqidaviy, tajvid, tasavvuf va arab tili grammatikasiga oid qo‘lyozma va toshbosma asarlar joy oldi.


Ko‘rgazma davomida buyuk allomalarimiz qoldirgan noyob manbalar tarixi haqida ma’ruza qilindi va fan o‘qituvchilari o‘z mutaxassisliklariga oid asarlar haqida talabalarga tushunchalar berib o‘tishdi.
Albatta, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, keng targ‘ib qilmoqlik yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirishda muhim omil bo‘ladi.



Azamat USMONOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ARM mudiri

Muallif: Админ
Sana: 30.10.2019
515
323

Yurtimizda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta bu islohotlar ham bejizga emas, binobarin, kelajak avlodning kamoloti ilm olish, bilimli bo‘lish bilan belgilanadi. Bu borada, hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 12 yanvar kuni “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan” farmoyishi e’lon qilingandi. Bu esa o‘z navbatida, yurtimizda kitobxonlik saviyasi oshishiga, yangidan-yangi sermazmun kitoblar chop etilishiga omil bo‘luvchi muhim odimdir. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yangidan-yangi nashrdan chiqayotgan sermazmun asarlarni o‘qib borish yoshlarning ongi o‘sishi, tafakkuri teranlashib, o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lishiga imkon beradi.
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalarini kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish maqsadida bilim yurtining Axborot – resurs markazi tomonidan badiiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Albatta, kitob o‘qigan insonning aqli charxlanib, ma’naviyati boyib yetuklik sari yuksalib boradi. Hayot kitob bilan sermazmun o‘tadi, yaxshi kitob to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi, mutolaa nafaqat ilmli qiladi, balki hech qachon his etmagan zavqni ham baxsh etadi. Buning uchun esa ilm o‘rganib, kitob o‘qib, bilimli bo‘lishi darkor.

Azamat Usmonov

Muallif: Админ
Sana: 19.10.2019
671
321

Alloh taolo Qur’oni Karimni ham barcha xalqlar uchun birdek dasturilamal qilib belgiladi. Qur’oni Karim er yuziga ilk nozil qilingan kezlardan boshlab boshqa tillarga tarjima qilina boshlandi. Bevosita Qur’on Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko’rsatmalari, tavsiyalari bilan da’vat yuzasidan ayrim oyatlarni arab tilidan boshqa tillarga tarjima qilish yo’lga qo’yildi. U Zot kishilarga Islom ta’limotlarini yetkazish asnosida, o’rni kelganda, ayrim Qur’on oyatlarini boshqa tillarga tarjima qildirganlar va bunga ruxsat so’raganlarga izn ham berganlar.

Jonajon yurtimizda arab tilida bitilgan tafsirlar juda ham ko’p. Ammo o’zbekcha tafsir va tarjimalar juda oz edi. O’ta murakkab, mas’uliyatli va sharafli ishga kirishishga jazm etgan O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari o’zbek tilida “Tafsiri Irfon” kitobini nihoyasiga etkazdilar va bu kitob to’liq jamlanma holida chop etildi. Albatta “Tafsiri Irfon” kitobi Muftiy hazratlarining bir necha yillik mehnat va izlanishlar mahsulidir.

Mazkur kitobning taqdimot tadbiri 16 oktyabr kuni Kitob shahridagi “Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurtida ham o’tkazildi. Unda bilim yurtining pedagog – xodimlariva talabalari ishtirok etdilar.

Tadbirda so’zga chiqqan o’qituvchi va talabalar dars berish va dars olish jarayonlarida Qur’oni karim oyatlarining ma’no-mazmuniga ko’p murojaat qilishlari, oyatlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashga harakat qilishlari va izlanishlarini aytib, bu borada “Tafsiri Irfon” kitobi juda ham qo’l kelishini alohida ta’kidlab o’tdilar.

Tadbir yakunida muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining xalqimizning Qur’oni karim tarjimasi va tafsiriga bo’lgan ehtiyojini ta’minlash yo’lida olib borayotgan xayrli ishlarida Alloh taolo madadkor bo’lishini va mukammal ajru savoblar ato etishini so’rab duolar qilindi.

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati

Muallif: Админ
Sana: 16.10.2019
533
315

Imom G‘azzoliy rahmatulloh alayh aytadilar: “Muallim insoniyat qalbini boshqaruvchidir. Yerdagi mavjudotlarni eng sharaflisi insondir. Inson a’zosini javhari qalbidir. Muallim uni poklash va uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash va bandani Allohga yaqin bo‘lishiga sababchi bo‘ladi”.
Hazrat Ali roziyallohu anhu ilm o‘rganuvchiga qarata bunday deganlar: "Olimning sendagi haqlaridan biri - sen odamlarga ommatan salom berib, muallimga xos salom berishingdir.
2019 yil 30 oktyabr kuni Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtida 1 Oktyabr – “Ustoz va murabbiylar” kuni munosabati bilan “Ustozlarga ehtirom" mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni bilim yurti mudiri G‘uzarov O‘tkir kirish so‘zi bilan ochib, ustozlarni bayram bilan muborakbod etdi. Shuningdek, talabalardan Jo‘rayev Mironshoh va Saidov Abdulmaliklar barcha talabalar nomidan ustozlarni bayram bilan tabriklab, minnatdorchilik izhor etdilar.

Muallif: Админ
Sana: 01.10.2019
506
314

O‘zbekistonda har yili 1 oktyabr sanasi O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat o‘qituvchi va murabbiylariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalo, siz, azizlarni, ta’lim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan barcha pedagog xodimlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz bizga ilm o‘rgatgan, hayot sabog‘ini bergan jonkuyar, fidoyi o‘qituvchi va domlalarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan ta’zim qilamiz.

Haqiqatan ham, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.

Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”, degan so‘zlari beixtiyor yodimizga tushadi.

Chindan ham, dunyo miqyosida raqobat yanada kuchayib boradigan, o‘ta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka tayyorlab, sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya sohasi, o‘qituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi.

Ana shu o‘tkir haqiqatni hisobga olib, biz ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tardik.

O‘tgan qisqa davrda maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, maktab ta’limida 11 yillik tizimga o‘tish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik.

Bugungi kunda sizlarning, butun el-yurtimizning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi bilan maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda.

Buyuk allomalarimiz, atoqli shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, “Temurbeklar maktablari”, Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi zamonaviy va innovatsion ta’lim maskanlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

Bu borada umumta’lim maktablari tizimini rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning tasdig‘ini so‘nggi ikki yilda 238 ta yangi maktab barpo etilganida ham ko‘rish mumkin. Holbuki, 2010-2016 yillarda bu sohaga yetarli e’tibor berilmagani tufayli 99 ta maktab yopilgan edi.

Mazkur sohani rivojlantirish uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hajmi ham ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilda maktablarga 2017 yilga nisbatan 81 foizdan ziyod mablag‘ ajratildi.

Yurtimizda bog‘cha, maktab va oliy ta’lim tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, o‘qituvchi va domlalar mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Soha rivojiga bo‘lgan ana shunday e’tibor maktablarda o‘quv-tarbiya jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartirishga, o‘qituvchilar tarkibini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Biz ta’lim-tarbiya masalasiga kompleks yondashgan holda, bog‘cha ta’limi bilan birga oliy ta’lim tizimini ham uzviy rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqdamiz.

Shu maqsadda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim hamda oliy ta’limni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi va shu asosda tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, keyingi ikki yilda mamlakatimizda 35 ta, jumladan, 13 ta xorijiy oliy o‘quv yurti tashkil etildi. Yuzdan ortiq yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda 94 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Ana shunday chora-tadbirlar natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi uch yil burungi 9 foizdan 20 foizga oshdi. Biz yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 25 foizga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli O‘zbekiston yoshlari turli sohalarda o‘z bilim va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etmoqda.

Kuni kecha Rossiyaning Yekaterinburg shahrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan mohir sportchilar ishtirok etgan boks bo‘yicha jahon chempionatida milliy jamoamiz vakillari yuksak azmu shijoat va mahorat namunasini ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egallagani barchamizni quvontirib, g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Bunday ulkan yutuqlarni biz avvalo sizlar kabi fidoyi ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati natijasi sifatida qabul qilamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugungi shiddatli zamon barcha sohalar qatorida ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham oldimizga g‘oyat muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

Albatta, yoshlarimizning bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, o‘quv binolarini qurish, ularni zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va o‘qituvchilarni tayyorlash – bu eng og‘ir vazifa bo‘lib, juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi.

Shu ma’noda, bugungi kun o‘qituvchisi universal mutaxassis, ham o‘rgatuvchi, ham o‘rganuvchi bo‘lishi, ya’ni, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak.

Eng muhimi, o‘qituvchi chinakam vatanparvar inson bo‘lishi zarur. Qalbida o‘z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo‘lgan o‘qituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi.

Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz "O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak" degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz.

Maktablarda xorijiy tillarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rgatishni takomillashtirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishimiz lozim.

Professional ta’lim sohasida bugungi mehnat bozori va xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan butunlay yangi tizimga o‘tishni jadallashtirishimiz kerak.

Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, o‘qitish sifati va pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat dasturini amalga oshirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Barchamizga ayonki, bugungi kunda yon-atrofimizda yoshlarning qalbi va ongini zaharlab, ularni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga qaratilgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda.

Bunday mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida barchamiz birgalikda kurashmog‘imiz, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlashimiz zarur.

Ayniqsa, bu vazifa barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ijodkor ziyolilarimiz, diniy ulamolar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, butun jamiyatimiz uchun vijdon ishiga aylanishi kerak.

Aziz va muhtaram ustozlar!

Bugun ta’lim-tarbiya sohasida, hurmatli o‘qituvchi va murabbiylarimiz, farzandlarimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda. Bu davrni yanada chuqur ma’no-mazmun bilan to‘ldirib, milliy yuksalishga erishish faqat va faqat o‘zimizga, shu yo‘lda hamjihatlik bilan qattiq mehnat qilishimizga bog‘liq.

Biz xalqimizning eng katta boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizning taqdirini, O‘zbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani mas’uliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Muallif: Админ
Sana: 29.09.2019
583