Mudarris minbari
195

Harakat, davomiylik va himmat haqida

Tolibi ilm tirishqoq, darsda bardavom va mulozamatli bo’lishi kerak. Bunga Qur’on karimda ham ishora bor. Alloh taolo Maryam surasining 12 oyatida: “(Biz unga): “Ey, Yahyo! Kitobni (ya’ni Tavrotni) jiddiylik bilan qo’lga ol!” – (dedik) va unga go’daklik chog’idayoq hikmat (va ilm) ato etdik”deb, marhamat qilgan.Shuningdek, Ankabut surasining 69 oyatida “Bizning to’g’rimizda (yo’limizda) jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O’z yo’llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!”, degan.

She’r:

Baxt iqbol boisi emas sa’y harakat,

Beharakat baxtu iqbol ham bebarakat.

Qancha qulkim bo’lgay bunda hurga misol,

Qancha hurkim bo’lgay bunda qulga timsol.

Aytilishicha, qiyinchilikning miqdoriga qarab ko’zlagan maqsadlarga etilar ekan. Ta’lim olishda uch kishiga ehtiyoj seziladi.

1. Tolibi ilm. 2. Ustoz. 3. Ota (agar tirik bo’lsa).

Shayx, buyuk imom, ustoz Sadiduddin She’roziy menga Imom Shofeyning she’rlarini o’qib berdi.

She’r:

Yaqinlatar olis ishni jiddu jahd,

Ochar yopiq eshiklarni jiddu jahd.

Maxluqotning haqlirog’i g’am alamga,

Oliy himmat bir kishi mubtalo tor hayotga.

Dalil bo’lar uning hukmi ila qazosiga,

Yaxshi yashar ahmoq ila qiynalgan bir donogina.

Aql ila ne’matlangan boyliklardan mahrum bo’lar,

Bu ikki zid hamisha bir biridan ayro yurar.

She’r:

Nazari o’tkir faqihga aylanishni istaysan,

Qiyinchilik chekmasdan unda majnun bo’lib san.

Mashaqqatsiz hatto kasb qilinmaydi mol,

Endi ilm qanday bo’lar hosil.

Abu Tiyb Mutanabbiy: "Odamlarning ayblari ichida, biror narsani mukammal qilishga qodir bo’la turib, chala yarim holda qoldirishi kabi aybli ishni ko’rmadim", degan.

Tolibi ilm tunlarini bedor o’tkazishi juda ham zarur. Bu haqda shunday she’r bor.

She’r:

Beriladi oliylik mashaqqat miqdoricha,

Uni istar kishi bedor bo’lsin har kecha.

Azizlikni istaysan lek uxlaysan tunda yotib,

Sho’ng’imaysan dengizga durru gavhar axtarib.

Shonu sharaf oliy himmatga qaram,

Kim tunda bedor ul topg’usi karam.

Tunda Robbim uyquni man tark ayladim,

Rozi qilmok chun sani Robbim Mavloyim.

Har kishikim mashaqqatsiz izzat talab,

Ketgay umri zoe qilgani chun muholni talab.

Ilmu irfon tahsiliga tavfiqi ato,

Ham etkur mani istaklarima intiho.

Bir nazm keltiray, tunlarni tuyaga aylantir shu orqali maqsadingga etasan. Musannifning ushbu ma’noga yaqin bir she’ri ham bor.

She’r:

Istar kishi orzulariga etmakni butkul,

Anga etmakka tunlarin aylasin duldul.

Oz emak birla saharlarda bo’lib san bedor,

Gar istasang kamolatni ey sohibi dildor.

Kim tunlari bedor bo’lsa,kunduzi ham qalbi quvonchga to’la bo’ladi. Tolibi ilm darsda bardavom bo’lish bilan birga kechaning avvali va oxirgi qismida ko’p takror qilishi kerak. Chunki shom va xufton namozlari orasidagi vaqt va sahar pallasi barakalidir.

She’r:

Ey tolibi ilm aylagin taqvoni lozim,

Uyqu birla to’qlikdan kechgaydir olim.

Darsingdan ayrilma, bo’l u bilan doim,

Ilm dars bilan yuksalar va bo’lar qoim.

Tolibi ilm yoshlik chog’lari va yigitlik pallalarini g’animat bilishi kerak.

She’r:

Beriladi istaklar mashaqqat miqdoricha,

Maqsudiga etgay, kim qoim bo’lsa har kecha.

Yoshlik chog’laring bilgin uni g’animat,

Ogoh bo’l davomiymas yoshlik va boshqa ne’mat.

Tolibi ilm o’zini juda qiynab yubormasligi kerak. Aks holda sustlashib o’qishdan to’xtab qoladi. Shuning uchun ham, bu borada muloyim va mo’’tadil bo’lish kerak. Aslini olganda muloyimlik barcha narsalarda asos vazifasini bajaradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ogoh bo’linglar!. Bu din mustahkamdir. Shunday ekan unda muloyimlik ila yuringlar va o’zingizni Alloh taoloning ibodatiga majburlamanglar. Chunki yo’ldan kesilgan odamning na yurishga yo’li va na minishga ulovi bo’ladi" , deganlar.

Yana bir boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Nafsing sening ulovingdir. Unga yumshoqlik bilan muomala qilgin", deganlar.

Tolibi ilm himmatni baland qilishi kerak. Qush osmonga ikki qanoti yordamida ko’tarilgani kabi inson ham himmati tufayli yuksaklikka ko’tariladi. Abu Tiyb rahmatullohi alayhidan to’rtlik bor.

She’r:

Hosil bo’lar maqsadlar azimat miqdoricha,

Ezgulikka etilar, kimda karam boricha.

Ulkan bo’lib ko’rinar himmati past ko’ziga ezgulikning ozi ham,

Kichik bo’lib ko’rinar oliy himmat ko’ziga ezgulikning ko’pi ham.

Ilm tahsilida eng avvalo jiddi jahd va oliy himmatli bo’lishtalab etiladi. Kimda himmat bo’lsa, Muhammad ibn Hasanning barcha kitoblarini yod olsin. Bunda jiddi jahd va bardavomlik himmatga qo’shilib ketadi. Natijada kitoblarning aksarini, hech bo’lmasa, yarmini yod oladi. Ammo kimda himmat bo’lsayu harakat bo’lmasa yoki aksincha harakat bo’lib, himmat bo’lmasa bunday odam ilm hosil qilolmaydi.

Shayx, buyuk imom, ustoz Roziddin Naysaburiy “Makorimul axloq” kitobida quyidagi hikoyani keltiradi. Iskandar Zulqarnay mag’ribu mashriqni egallash maqsadida yo’lga otlanar ekan hukamolar bilan mashvarat o’tkazdi. U: “Bir qadar podshohlik deb, safarga chiqamanmi. Axir dunyo o’tkinchi bir matoh bo’lsa, unga egalik qilish ham arzimas ish-ku! Bu oliy himmatlik alomati emas”, dedi. Hukamolar: “Siz dunyo va oxirat mulkiga ega bo’lish uchun yo’lga otlaning”, dedi. U: “Bu yaxshi fikr”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh oliy maqom ishlarni yaxshi ko’radi. Haqir ishlarni esa yomon ko’radi”, dedilar.

She’r:

Oshiqma ishlaringda bardavom ayla uni,

To’g’ri qilmas asoying davomiy kas singari.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi Abu Yusufga: “Sen esi past eding. Seni undan (darsdagi) bardavomlik qutqardi”, degan edi.

Dangasalikdan hazir bo’l. Chunki uning turgan bitgani zarardir.

Quyidagi she’r shayx, imom Abu Nasr Saffor Ansoriydan naql qilinadi.

She’r:

Ey nafsim nafsim sustlashma amalda,

Muloyim bo’l yaxshilik adolat ham ehsonda.

Jumla axyor omiliga qilingay havas,

Balo birla ofatga qolar dangasa kimsa.

O’z o’rnida musannif ham mazkur ma’nolarga uyg’un bir she’r keltiradi.

She’r:

Yalqovlikla dangasalik tashla uni ey nafsim,

Magar xorlik ila haqoratga sobitim.

Yalqovlar chun berilajak nasibadan ko’rmadim,

Murodiga etolmas nadomatmi bilmadim.

She’r:

Qancha qancha nadomat ojizligu hayolar,

Tug’iladi insonda yalqovlikdek balolar.

Ishtibohlarni bartaraf etmoqqa yalqovlik aylama,

Ham ma’lumu ham mashkuk ashyolardan san so’ra.

Aytilishicha, dangasalik ilmning darajasi va fazilatlari haqida fikr yuritib ko’rmaslikdan paydo bo’ladi.Tolibi ilm o’zini ilmning fazilatlari borasida taammul qilaroq, ilm tahsiliga, jiddi jahd qilish va davomiylikka majburlashi kerak. Ilm ma’lumotlarning saqlanib qolishi ila boqiydir. Mol esa yo’q bo’lishga mahkumdir.

Mo’minlar amiri Ali ibn Abi Tolib karramallohu vajhahu bu haqda shunday she’r aytganlar.

She’r:

Rozimizbiz Jabbor qismatiga,

Ilmu donish bizgayu dushmanga mol.

Mana yaqinda foniy bo’lg’usidir mol,

Oriy ilm boqiydir va bezavol.

Manfaatli ilm tufayli yaxshilik ila yod etish qo’lga kiritiladi va bu o’limdan keyin ham davom etadi. Shu jihatdan olim abadiy yashaydi.

Shayx, buyuk imom, din ustuni, ummat muftisi Hasan ibn Ali Marg’inoniy aytgan she’rlar.

She’r:

Johillar o’likdir o’lmasdan burin,

Olimlarchi tirikdir o’lgandan keyin.

She’r:

Jaholat ahli o’likdir o’lmasdan burun,

Jismlari qabrda anga kirmasdan burun.

O’likdir kimki ilmsiz kechirsa hayot,

Emas uning hayoti tark etgach g’aflat.

She’r:

O’lsada boqiy, tirikdir ilmga oshno,

Suyaklar chirik bo’lsa ham, tuproq aro.

Yursa ham er yuzida johilga o’lim,

O’ylaysan tirik deb, lekin u ma’dum.

She’r:

G’animat bil ilmni udir qalblar hayoti,

Chetda bo’lgin jaholat asli qalblar mamoti.

She’r:

Eng oliy martabalar ilm chun esla,

Bo’lak azizlik bor jamoat birla.

Olim uchun azizlik qolgusi ko’proq,

Johilchi o’liboq tortilar tuproq.

Hayhot izzatu ilm g’oyasin etmagay orzu,

Askaru sohibi mulk izzatiga erishgan kishi.

Quloq tuting xabar beray man siza fazli ilmdan,

Hasr bordir bunda hama manoqibning zikridan.

U nur ustiga nurdir, jaholatdan najot bergusi,

Jaholatchi o’tarkan zamon, zulmat aro qolgusi.

Ilm o’rnashganni, tog’ singari himoya etgay,

Mashaqqatdan xotirjam omonda yurgay.

Najot topgay ilm birla, odamlarchi g’aflatda,

Umid qilgay najotni ham ekan joni yurakda.

Kimki osiy erur, shofe bo’lur anga ilmli inson,

Ketar bo’lsa, yomon oqibat jahannam tomon.

Kimki ilm talab, jumla orzuga etmak maqsadi,

Endi kim jamlasa ani, paydo barcha istagi.

Ilm o’zi oliy mansab ey oqil inson,

Etishsangu ilmga ketsa mansab kuydirma jon.

Ketsa dunyo bermay go’zal in’omlarin ham,

Ko’zni yumgil, yaxshi in’om ilm ham.

She’r:

Bo’lsa olim o’z ilmi ila aziz,

Loyiq emas fiqh ilmi e’zozga bejiz.

Bor qancha xushbo’y atir aslo mushkka o’xshamas,

Uchib yurgan qancha qushlar kabboziga etolmas.

She’r:

Fiqh ey uni to’plovchi eng nafis narsa,

Ilm muvaffaqiyatlaridan mahrum bo’lmagay ilm o’qigan kimsa.

Hozirla o’zing uchun bilmagan narsangni har tong,

Ilmning avvali ham, oxiri ham, baxtu iqbol.

Oqil kishiga ilm olishi uchun ilm, fiqh va fahmning lazzati kifoyadir.

Balg’am va rutubatning ko’pligidan dangasalik paydo bo’ladi. Oz eyish balg’amni kamaytiradi. Etmishta tabib unitishga balg’amning ko’pligi sabab ekaniga ittifoq bo’lishgan. Balg’am ko’p suv ichishdan, ko’p suv ichish esa ko’p eyishdan yuzaga keladi. Qotgan non va och qoringa mayiz eyish ham balg’amni yo’qotadi. Mayiz iste’molini chanqashga sabab bo’ladigan darajada ko’paytirib yubormaslik lozim. Aks holda yana balg’am ko’payadi.

Misvok ishlatish ham balg’amni kamaytiruvchi vositalar sirasiga kiradi. Shuningdek, u xotira va fasohatni kuchaytirish bilan birgasunnat hamdir. Qolaversa, unamoz va qur’on qiro’ati savobini ko’paytiruvchi omillardan biridir. Qayd qilish ham, balg’am va rutubatni kamaytiradi. Oz eyishni yo’lga qo’yish uchun uning manfaatlari haqida tafakkur qilish kerak. Salomatlik, iffat va ehson uning manfaatlaridandir.

She’r:

Ordir, so’ngra ordir, so’ngra or,

Taom uchun bo’lsa erkak badkirdor.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uch toifa odamga gunoh qilmasa ham, g’azab bilan qaraydi. Ochofat, baxil va mutakabbir”, dedilar.

Ko’p ovqat eyishda bir qancha zararlar bo’lib, turli kasalliklar va kalta fahmlik shular jumlasidandir. Shuningdek, meshkaylik ham inson zakovatini so’ndiradi.

Jolinus: “Anor (xotirani o’stirishda) juda foydalidir. Baliqning ko’pi zarar. Biroq ko’p anor eyishdan ko’ra bir oz baliq iste’mol qilish foydaliroq”,degan edi.

Molni isrof qilish va to’q qoringa eyish kabi o’ta zararli amallar kishining oxiratda azobga duchor bo’lishiga sabab bo’ladi. Haqiqatda ham ochofat odam o’ta yoqimsiz bo’ladi.

Kam eyishni yo’lga qo’yish uchun taomning yog’lisini va tez hazm bo’ladigani hamda eng shirinini eyish kerak. Qorin to’ygandan so’ng yana taom eyish mumkin emas. Lekin ro’za tutish, namoz o’qish va boshqa mashaqqatli ishlarni amalga oshirish niyati ila ko’p taom eyish bundan mustasno. Xulosa qilib aytganda, niyat to’g’ri bo’lsa, ko’p eyish ham durust bo’ladi.

Arab tilidan Omon Qodirov tarjimasi
Xoja Buxoriy islom bilim yurti o’qituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 27.11.2018
505
132

Mazhab haqida tushuncha

Mazhab so’zi arab tilidan olingan bo’lib lug’atda yo’nalish, oqim, yo’l, ta’limotdemakdir. Muqaddas dinimiz istilohida esa fiqhiy yo’nalishlarga nisbatan aytiladi.

Fiqh so’zi ham arab tilidan olingan bo’lib lug’atda bir narsani nozik joylarigacha tushunishga aytiladi. Shariat istilohida esa “shar’iy dalillardan far’iy hukmlarni chiqarishga fiqh deb ataladi”. Fiqh fani tarixiga nazar soladigan bo’lsak Islomning avvalgi davrida tafsir , hadis usulul fiqh, va boshqa ilmlar kabi fiqh ilmi ham alohida ilm shaklida ajralib chiqmagan edi.

Hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi asrda Islom dini dunyo bo’ylab keng tarqaldi . Arab bo’lmagan turli xalqlar ham musulmon bo’ldilar. Tabiiyki ular o’zlariga Qur’oni Karim va Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emas edilar. Shunday qilib, asta - sekin, kishilarga diniy hukmlarni o’rgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajrab chiqa boshladi. Asta- sekin Islom olamining turli joylarida faqih ulamolar yetishib chiqa boshladilar. Ushbu ulamolar o’z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to’rtta narsani asosiy manba’ qilib olganlar .

Birinchisi: Qur’oni Karim.

Ikkinchisi: Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari.

Uchinchisi: Ijmo’ - bir davrning ijtihod ahli bo’lgan ulamolarning bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir.

To’rtinchisi: Qiyos. Ya’ni, avvalgi manba’larda hukmi kelamagan masalani, shunga o’xshash mazkur manba’larda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.

Faqihlarimiz suyanadigan masdarlardan yana urf, masolihul mursala, shar’u man qablana shar’un lana kabi ba’zi maba’lar ham bor. Ular mazkur to’rtta asosiy va qolgan yordamchi manba’larga suyangan holda ko’p masalalarni hal qilganlar. O’shadavrda ko’plab faqihlar yetishib chiqqanlar. Ularning ko’pchiligi o’zlari dunyodan o’tishlari bilan, fiqhiy ishlari ham qolib ketgan.

Ammo musulmonlar orasiga keng tarqalgan shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko’p bo’lgan ulamolar “fiqhiy mazhab sohiblari” deb tan olingan. Shulardan to’rttalari butun dunyoga mashhur bo’lganlar va ularning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan “rasmiy fiqhiy mazhablar” deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar: Hanafiy mazhabi. Shofe’iy mazhabi. Molikiy mazhabi. Hanbaliy mazhabi.

Aminov Rustam, o’qituvchi.

“Fiqhiy yo’nalishlar va kitoblar” asari asosida tayyorladi.

Muallif: Админ
Sana: 13.05.2018
5006
128

Insonlar orasida do‘stlik hamda mehr hissini alangalatib turuvchi, o‘zaro salomlashish islom ahamiyat qaratgan eng muhim ishlardan hisoblanadi. Bu borada Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda ko‘rsatmalar kelgan.
Alloh taolo O‘zining Kalomi sharifida:
«Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchi Zotdir», degan (Niso, 86).
Har bir qavm, har bir xalq, har bir millatning o‘ziga xos salomlashish uslubi bor. Salomlashish uslubi va iboralari hamda odatlari o‘sha xalqning qanday xalq ekanligidan darak berib turadi. Islomdagi salomlashish eng go‘zal va eng ma’noli salomlashishdir. Islomda tanigan va tanimaganga salom berish sunnatdir. Salomga alik olish esa, vojibdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal eng yaxshi amaldir?» deb so‘ralganda, u zot: «Tanigan va tanimagan odamingga taom va salom bermog‘ing», deb javob berganlar.
Yuqoridagi oyati karimada salomlashishning ahamiyatli narsa ekani ta’kidlanib, berilgan salomga undan ko‘ra yaxshiroq yoki o‘ziga barobar javob berishga amr etilmoqda. Bu amrga qanday amal qilishni Payg‘ambarimizning sunnatlaridan o‘rganamiz.
Ibn Jarir qilgan rivoyatda Salmon Forsiy roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar:
«Bir odam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib:
«Assalomu alayka, ya Rasululloh», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u odamga:
«Va alaykassalomu va rohmatullohi», dedilar.
Keyin boshqa bir odam kelib:
«Assalomu alayka, ya Rasulallohi va rohmatullohi», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Va alaykassalomu va rohmatullohi va barokatuhu», dedilar.
So‘ngra yana boshqa bir odam kelib:
«Assalomu alayka, ya Rasulallohi va rohmatullohi va barokatuhu», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Va alaykassalomu va rohmatullohi va barokatuhu», dedilar.
Shunda u odam:
«Ey Allohning Rasuli, otam ham, onam ham sizga qurbon bo‘lsin, huzuringizga falonchi-falonchilar kelib salom berdilar. Siz ularga mendan ko‘ra yaxshiroq javob berdingiz?» deb so‘radi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Sen menga hech narsani qo‘ymading. Alloh: «Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki o‘zidek javob bering», degan. Senga o‘zidek javob berdiq dedilar».
Alloh taolo boshqa oyati karimada:
«Batahqiq, elchilarimiz Ibrohimga xushxabar keltirdilar. Ular: «Salom», dedilar. U: «Salom», dedi. Va ko‘p o‘tmay qovurilgan buzoq keltirdi», degan (Hud, 69).
Bu oyati karimada Ibrohim alayhissalomga Allohning elchilari — farishtalari keltirgan xushxabar ularning u zotga salom berishlari bilan boshlanganiga e’tibor bermoq kerak.
O‘sha paytda Ibrohim alayhissalom o‘zlari tug‘ilgan Iroqning Kaldoniylar yeridan hijrat qilib, sahroda Kan’oniylar zaminida yashab turgan edilar.
«Batahqiq, elchilarimiz Ibrohimga xushxabar keltirdilar».
Farishtalar Ibrohim alayhissalomga farzand xushxabarini keltirgan edilar. Chunki Ibrohim alayhissalomning va u zotning ayollarining yoshi farzand ko‘radigan yoshda emas edi. Shuning uchun u zotga xushxabar bo‘lgan. Farishtalar kelib Ibrohim alayhissalomga:
«Salom», dedilar».
Yosh, xushro‘y yigitlar suvratida, mehmonga o‘xshab kelgan shaxslarning farishtalar ekanligidan bexabar Ibrohim alayhissalom ularning salomiga alik oldilar.
«U: «Salom», dedi».
Salomlashib bo‘lgach, mehmonlar o‘tirdilar. Ibrohim alayhissalom esa:
«ko‘p o‘tmay, qovurilgan buzoq keltirdi».
Ya’ni, qizdirilgan toshda pishgan semiz buzoq go‘shtini olib kelib, dasturxonga qo‘ydilar.
Demak, ko‘rishganda salom bermoq va alik olmoq farishtalar hamda payg‘ambarlarning odatidir. Bu odatga mo‘min-musulmonlar ham amal qiladilar.
Alloh taolo jannatni vasfida:
«Ular uchun u yerda mevalar bordir. Ular uchun u yerda istagan narsalari bordir. Rahiym bo‘lgan Zot Robbdan «Salom» so‘zi bordir», degan (57-58).
Jannat ahli uchun jannatda turli xil mevalar bordir. Ulardan xohlaganlaricha yeb, maza qiladilar. Ahli jannatlar nimani istasalar, jannatda o‘sha narsa bordir. Ko‘ngillari istashi bilan oldilarida muhayyo bo‘ladi. Yana ularga:
«Rahiym bo‘lgan Zot Robbdan «Salom» so‘zi bordir».
Shuncha nozu ne’mat, rohat-farog‘at, shavqu zavqning ustiga o‘zlari uchun nihoyatda rahmli bo‘lgan Zot Robbilari Alloh taolo tomonidan «Salom» ham keladi. Bu esa, eng yuqori darajadagi taqdirlashdir.
Alloh taolo Yunus surasida ahli jannat haqida:
«U yerdagi duolari: «Ey bor Xudoyo, Seni poklab yod etamiz»dir. U yerdagi salomlashishlari «assalom»dir. Oxirgi duolari esa: «Olamlarning Robbi Allohga hamd bo‘lsin»dir», degan (10-oyat).
Iymon o‘z sohibini yaxshiliklarga boshlashi zarur. Sohibini yaxshiliklarga boshlagan iymongina iymon hisoblanadi. Boshqasi iymon emas. Iymonga kelib, yaxshi amallar qilganlarni esa, Alloh taoloning O‘zi doimo hidoyatga yo‘llab turadi.
«Albatta, iymon keltirganlar va yaxshi amallar qilganlarni Robbilari iymonlari sababli hidoyatga boshlaydir».
Ular ana o‘sha hidoyat, iymon va yaxshiliklari tufayli jannatga kiradilar.
«Na’im jannatlaridalar, ostlaridan anhorlar oqib turadir».
Hol-ahvollari yaxshi bo‘lganidan, og‘izlaridan ham doimo yaxshi duolar chiqadi. Ularning duosi - chaqirig‘i o‘zlarini shu darajaga yetkazgan Robbilarini poklab yod etishdir:
«U yerdagi duolari: «Ey bor Xudoyo, Seni poklab yod etamiz»dir».
Undoq saodatmand bandalarning jannatdagi bir-birlari bilan so‘rashishlari ham o‘ziga xosdir:
«U yerdagi salomlashishlari «assalom»dir».
Iymon keltirganlari va amali solih qilganlari uchun Robbilarining hidoyatiga va jannati na’imga sazovor bo‘lgan saodatmand bandalarning, «Oxirgi duolari esa: «Olamlarning Robbi Allohga hamd bo‘lsin»dir».
Demak, ahli jannatning jannatdagi salomlashishlari ham «assalom»dir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmassiz. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘lmassiz. Sizni qachon (amal) qilsangiz o‘zaro muhabbatga (do‘stlikka, mehr-oqibatga) chorlaydigan amalga dalolat (yo‘llab qo‘yaymi) qilaymi? Orangizda salomni keng tarating», dedilar».
(Abu Dovud, Termiziy va Muslim rivoyat qilishgan).
Bu hadisi sharifda «salomlashish»ning ulkan ahamiyati bayon etilmoqda. Salom berish bilan boshlanadigan xayrli ishning oxiri jannatga kirish bilan nihoyalanishi aytilmoqda. O‘zaro bir-birlari bilan salomlashib yurgan kishilar bir-birlariga muhabbat hosil qiladilar. O‘zaro salomlashib, o‘zaro muhabbatda yurgan kishilar esa, mo‘min bo‘ladilar. O‘zaro salomlashib, o‘zaro muhabbatda yurgan mo‘minlar esa, jannatga kiradilar. Shuning o‘zidan ham salomning qanchalar ahamiyatli narsa ekanini bilib olsa bo‘ladi.
Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib:
«Assalomu alaykum», dedi.
U zot alik oldilar. Haligi odam o‘tirdi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O‘nta», dedilar.
Keyin boshqa biri kelib:
«Assalomu alaykum va rohmatullohi», dedi.
U zot alik oldilar. Haligi odam o‘tirdi.
So‘ngra u zot:
«Iigirmata», dedilar.
Keyin boshqa biri kelib:
«Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu», dedi.
U zot alik oldilar. Haligi odam o‘tirdi.
So‘ngra u zot:
«Uttizta», dedilar».
Bundan salomni to‘liq aytgan va alikning to‘liq qaytargan kishilar savobni to‘liq olishi kelib chiqadi. Kim salom berishdan to‘liq savob olishni istasa, «Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu» deb to‘liq salom bersin.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarning Allohga eng yaqini ularga eng avval salom berganidir», dedilar».
(Ikkisini Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).
Ushbu hadisi sharifga amal qilaroq kishilarga avval salom berishga odatlanmoq lozim. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham hammadan oldin salom berar edilar. Sahobai kiromlar poylab turib ham u zotdan avval salom berishga ulgurmay qolar edilar. Bugungi kunda bizlardek o‘zimizdan mansabdami yoshdami kichikroq bo‘lgan kishiga yo‘liqib qolsa, salom berishini kutib turmaganlar, balki yosh bollarga ham avval salom berganlar. Mana bu axloqning eng yuqori cho‘qqisidan va o‘ta kamtarlikdan dalolat beradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Rohmanga ibodat qilinglar! Salomni tarqatinglar! Jannatga salom ila kirursizlar», dedilar».
(Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifda zikr qilingan ikki ishga odatlangan kishilar o‘zlari jannatga kirishlari uchun lozim bo‘lgan ikki omilni kasb qilgan bo‘lar ekanlar.
Demak salomlashish shunchaki yosh qariga hurmatini bildiradigan omilning o‘zi emas yoki boshqa nars emas, balki mo‘min bandani jannatga olib boruvchi amallarda biri hisoblanar ekan. Agar mo‘min banda salomlashishni ha yoshi kattalarga salom berish kerak emas, aksincha oyat va hadisga amal qilay deb bajarsagina maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yana salomlashishning bir ko‘rinishi qo‘l olib salomlashishdir.
Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Anasga:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalarida qo‘l olib ko‘rishish bormidi?» dedim.
«Ha», dedi».
(Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ikki musulmon uchrashganlarida qo‘l olib so‘rashsalar, albatta, ularni bir-birlaridan ajrashlaridan oldin mag‘firat qilinadi», dedilar».
(Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon ikki musulmon uchrashib, qo‘l olib so‘rashsalar, Allohga hamd aytsalar va U zotga istig‘for aytsalar, ikkovlari mag‘firat qilinadi», dedilar».
(Abu Dovud va Ibn Sunniy rivoyat qilishgan).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi:
«Ey Rasululloh, bizdan bir kishi o‘z birodarini yoki do‘stini uchratsa, unga egilib ta’zim qiladimi?» dedi.
«Yo‘q», dedilar.
«Uni quchoqlab, o‘padimi?» dedi.
«Yo‘q», dedilar.
«Qo‘lidan olib, qo‘l berib so‘rashadimi?» dedi.
«Ha», dedilar».
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kishi u zotga yo‘liqib qo‘l olib ko‘rishsa, o‘sha odam o‘zi qo‘lini tortmaguncha u zot qo‘llarini tortib olmas edilar. Uning o‘zi yuzini o‘girmaguncha u zot yuzlarini o‘girmas edilar. U zotni o‘zlari bilan o‘tirgan odam oldida tizzalarini cho‘zganlari ko‘rilmagan».
Ana odobning oli darajasi men nabiyman men rahbarman deb o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymadilar, balki haqiqiy islomiy odob-axloqni butun ummatga xossatan rahbar kishiga qanday bo‘lishiga namuna bo‘ldilar. Islomiy tarbiya islomiy axloq islomiy madaniyat shunday bo‘ladi.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«So‘rashishning batamom bo‘lishi qo‘l olish iladir», dedilar».
(Uchovini Termiziy rivoyat qilgan).
Yaqin kishisi bo‘lsa kalla qo‘yib yoki o‘pishib emas, quchoqlashib ko‘rishish mumkin.
Abu Zarr roziyallohu anhuga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizlar u zotga uchrashganingizda qo‘l olib so‘rasharmidilar?» deyildi.
«Men u zot bilan qachon uchrashsam, albatta, men bilan qo‘l olib so‘rashganlar. Bir kuni u zot menga odam yubordilar. Men o‘z ahlimda (ya’ni uyimda) emas edim. Men kelganimda u zot menga odam yuborganlari haqida xabar berildi. Bas, men u zotning huzurlariga bordim. U zot so‘ri ustida ekanlar. Bas, meni quchoqladilar. Ana o‘sha yaxshi edi, juda ham yaxshi edi», dedi».
(Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan).
Bu olamlar sarvari buyuk zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tarafidan sodir bo‘lgani uchun sahobiy hursandlikdan o‘zlarini tuta olmay “Ana o‘sha yaxshi edi, juda ham yaxshi edi”, deb takrorlamoqdalar.
Albatta do‘st do‘st bilan yoki bir ulug‘ inson oddiy inson bilan qo‘choqlashib ko‘rishsa, oddiy insonda o‘zgacha bir mehr paydo bo‘ladi va bir-biriga bo‘lgan do‘stlik hamda mehr yana ham ziyodalashadi. Bu yerda islomiy quchoqlashish haqida gap ketmoqda ayollar ayollar bilan erkaklar erkaklar bilan kalla urib yoki o‘pishib ko‘rishishdek noislomiy ko‘rishish haqida emas.
Ayollar erkaklar bilan aksincha, erkaklar ayollar bilan quchoqlashib o‘pishib ko‘rishishlari mutlaqo mumkin bo‘lmaganidek qo‘l berib so‘rashishlari ham mumkin emas. Yoshi ulug‘ ayollar yosh bolalarni yoki ona bolasini peshonasidan o‘pib qo‘yishlari joiz. Erkaklar ayollarga salom berishi esa, yosh yigit-qizlar bir-birlariga salom berishlari yaxshi emas. Agar bu hirs o‘yg‘otadigan bo‘lsa umuman mumkin emas. Yosh yigit-qizlar o‘zidan yoshi ulug‘ ayol yoki erkaklarga salom berishlari fitnadan xoli bo‘lsalar joiz aks holda joiz emas.
DOVUDXON O‘G‘LI SAIDMUHAMMADXON,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Manbalar asosida.

Muallif: Админ
Sana: 10.05.2018
834
102

Alloma shayx Muhammad Ali Sobuniy Qur’oni Karim va Rasululloh sunnatlarini o‘rganuvchi zamonamiz ulamolaridan sanaladi. Olim islom ilmlariga oid bir necha asarlar ta’lif qilgan bo‘lib, ulardan “Sofvat at-tafosiyr”, “Ravoiul-bayon fiy tafsiril Qur’on” hamda “Muxtasar tafsiri Ibn Kasiyr” kabi kitoblari Islom olamida mashhurdir. Shayx Sobuniy hayotlarini Qur’oni Karim va sunnati nabaviyya xizmatiga sarfladi. Tafsir, hadis va boshqa ilm sohalariga bag‘ishlangan, islomning musaffoligi va bag‘rikengligini yorituvchi asarlari bilan ilmiy-ma’rifiy kutubxonalarni boyitdi va haqli ravishda “Kitob va sunnat xodimi” unvoniga ega bo‘ldi.

Shayx Muhammad Ali Sobuniy 1930-yil, Suriyaning Halab shahrida, buyuk olim Shayx Jamil Sobuniy xonadonida tavallud topgan. O‘g‘lini yetuk olim bo‘lishida asosiy sababchi bo‘lgan padari buzrukvori Halabdagi “Umaviy jome” masjidida dars berar edi. Yosh Muhammad Ali Qur’on darslariga qo‘shilib, Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Otasidan ham ko‘plab diniy bilimlar va arab tili ilmni o‘rgandi. Boshlang‘ich va “Xusroviya” nomli usmoniylar qurgan o‘rta maktabni imtiyozli tamomlab, iqtidorli talabalar qatorida Qohiradagi “Al-Azhar” universitetiga yuborildi. 1952-yilda universitetning Shari’at fakulteti diplomiga ega bo‘ldi. 1954 yil mutaxassislik o‘qishini tamomlab, Azhari sharifning “Shar’iy sud mutaxassisligi” diplomini a’lo baholar bilan qo‘lga kiritdi. Bu diplom o‘sha vaqtlarda eng oliy diplom hisoblanib, hozirgi kundagi doktorlik diplomi bilan barobardir. So‘ng, ona yurti Suriyaga qaytib, sakkiz yil davomida Halabdagi sanaviy maktabida “Islom madaniyati” fanidan dars bergach, Azhari sharif ulamolari huzurida ilmini yana ham mukammal qilish maqsadida Misrga bordi, lekin o‘sha paytdagi siyosiy vaziyat bunga imkon bermadi.

Ustozlari:

Qorilar shayxi Najib Xayyota.
Shayx Muhammad Najib Siroj.
Muhaddis shayx Abdulloh Sirojiddin.
Shayx Rog‘ib Tabbox.
Shayx Muhammad Idlibiy.
Shayx Ahmad Shammo‘ va boshqa ko‘plab fazilatli ulamolar.
Shayx Sobuniy Suriya ta’lim vazirligi tomonidan Saudiya Arabistoniga shartnoma asosida Makkai mukarramadagi Islomiy fanlar, tarbiya, va shari’at fakultetiga dars berish uchun jo‘natildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavallud topgan muborak zaminda 28-yilga yaqin dars berdilar. Bu vaqt davomida qo‘llaridan ko‘plab ulamolar, jumladan Masjidil haram imomlari yetishib chiqdi.

Sobuniy hazratlari dars berish bilan cheklanmay, shayx Sayyid Alaviy, shayx Hasan Mashshot kabi o‘sha paytdagi Hijoz olimlarining darslarida ham qatnashar edi.

Keyinchalik, ilmiy tadqiqot ishlari davomida Abu Ja’far Nuhas rahmatullohi alayhining “Maonil Qur’on” nomli noyob asarlarini besh yil davomida tadqiq qilib, olti juzda nashr qildirgan. 1998-yildan Makkadagi xalqaro tashkilot Islom olami uyushmasiga qarashli muassasada bir necha yil faoliyat yuritdi. Shayx Muhammad Ali Sobuniy Masjidil haramda imomlik ham qilgan. Makkada bo‘lgan onlari har kuni Ka’bai mauzzamaning yaqini, “Hajarul-asvad” bilan “Ruknil-yamaniy”ning orasida o‘tirib, Qur’oni Karim tilovat qilardilar. Qur’ondan kunlik vazifalari 2 pora edi. Huddi o‘sha joyda fatvo uchun ham o‘tirib, savol so‘raganlarga javob berar edilar.

Asarlari:

Shayx Muhammad Ali Sobuniyning ko‘p asarlari ingliz, fransuz, rus, fors, urdu va boshqa tillarga tarjima qilingan. Qur’oni Karim tafsiri sohasiga bag‘ishlangan tasniflari chuqur ilm, keng ma’no va go‘zal ifoda hamda oson iborasi bilan ajralib turadi. Hadis, Qur’on ilmlari, fiqh va boshqa fanlarda ham salmoqli xizmat qildi: “At-tibyon fi ulumil-Qur’on”, “Sihohi sitta” (olti sahih to‘plam) kitoblarining sharhi hisoblangan “Min kunuzis sunnatin nabaviyyatil mutohharoh” (Pok nabaviy sunnat xazinalari), fiqhga oid “Al-fiqhush shar’iy al-muyassar” kitoblari buning yaqqol misolidir.

Mujtahid mazhabboshilarimizning Qur’oni Karimdan qanday hukm olishlari yoritilgan “Ravoiul-bayon” nomli asarlari bizda ham – O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida o‘qitib kelinmoqda. Budan tashqari “Sofvatut tafosiyr” (Tafsirlar sarasi ), “Al-mavaris fish shari’atil-islamiyyah” (Islom shari’atida meroslar), “As-sunnatun nabaviyya qismun minal vahyil-munazzal” (Sunnati nabaviyya ‒ Ilohiy vahiyning bir qismi), “Harokatul arzi va davronuha – haqiqotun ilmiyyatun asbatahal Qur’on” ( Yer harakati va aylanishi – Qur’on isbot qilgan ilmiy haqiqatdir) va boshqa ko‘plab kitob va maqolalar muallifidir.

Shayx Muhammad Ali Sobuniy hozirga qadar din xizmatida kamarbasta bo‘lmoqdalar. Alloh u zotni hifzu-himoyasida saqlasin.


Muhammad Yahyoxon Muhammadxon o‘g‘li, o‘qituvchi

Muallif: Админ
Sana: 20.04.2018
1152
71

Bilginki, tolibi ilmning ilmga etishi va undan manfaat olishi faqatgina ilm ahli va ilmni ulug’lashi va ustozlarni e’zozlab, ularni hurmat qilishi bilan bo’ladi.

Shunday hikmatli gap bor. "Kim (ilmga) etishgan bo’lsa, faqatgina hurmat bilan etishgan. Kim (darajasidan) qulagan bo’lsa, tarki adabi uchun qulagan".

Bejizga hurmat toatdan yaxshidir deyilmagan. Zero, inson qilgan gunohi tufayli kofir bo’lmasa ham, behurmatligi sabab kofir bo’lib qolishi mumkin. Ustozni e’zozlash ham ilmni ulug’lash hisoblanadi.

Ali karramallohu vajhahu: "Men menga bir harf (masala) o’rgatgan kishining quliman. Agar u istasa meni sotsin, istasa ozod qilsin, istasa qul qilib ishlatsin" - deganlar.

She’r:

Haqdorlikka eng haqli ustozlarning haqqidir,

Jumla muslim zimmasig’a uni saqlash vojibdir.

Bir harf ta’limi chun hadya etmoq alfi dirham,

Bu ham ta’zim, ham ustozga bo’lar ikrom.

Darhaqiqat, kimdir sizga dinda ehtiyojingiz tushadigan bir masalani o’rgatib qo’ysa, u sizning dindosh otangizdir.

Shayx, imom, ustozimiz Sadiduddin She’roziy doim aytar edilar.

Mashoyixlarimiz: "Kim farzandi olim bo’lishini istasa g’arib faqihlarning rioyasini qilib yursin. Ularni e’zozlab, biror narsalar ikrom qilib ham tursin. Bordiyu o’g’li bo’lmasa ham, nabirasi olim bo’lib etishadi" - deganlar.

Shuningdek, ustozning oldiga tushib yurmaslik, uning o’rniga o’tirmaslik va uning iznisiz so’z boshlamaslik ham ilmning hurmatidandir. Ustozning oldida ko’p gapirish va malollanib turgan paytda savol berish ham yaxshi emas. Balki, tayin qilingan vaqtni kutib o’tiriladi. Ustoz o’zi chiqmaguncha eshikni qoqmasdan sabr bilan kutiladi. Xullas, ustozning roziligini topish payidan bo’lib uning ko’ziga yomon ko’rinib qolishdan ehtiyot bo’linadi. Modomiki, ustoz gunohga buyurmas ekan unga bo’ysuniladi. Chunki Xoliqqa osiy bo’linadigan o’rinlarda maxluqqa itoat qilinmaydi. Ushbu ma’no quyidagi hadis sharifda ham ta’kidlangan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

"Albatta, odamlarning eng yomoni Xoliqqa osiy o’laroq, o’zganing dunyosi uchun o’z dinini yo’qotgan odamdir" - deganlar.

Ustozning farzandlari va unga taalluqli kishilarning hurmatini joyiga qo’yish ham ustozga hurmatning bir ko’rinishidir. Shayxul islom Burhoniddin Marg’inoniy bir hikoya aytib bergan edilar.

Buxoroning yirik olimlaridan biri dars berib o’tirar ekan, ora-sira o’rnidan bir turib qo’yar edi. Buning sababini so’raganlarga: "Ustozimning o’g’li ko’chada bolalar bilan o’ynab yuribdi. Ba’zan masjidning eshigi oldiga kelib qolmoqda. Qachon unga ko’zim tushsa ustozimning hurmati uchun o’rnimdan bir turib qo’yaman", - deb javob bergan ekan.

Marv imomlari peshvosi, qozi Faxriddin Arsabandiyni Sulton bag’oyatda hurmat qilar edi. U kishi: "Men bu mansabni ustozimga qilgan xizmatim tufayli topganman. Men ustozim, qozi, imom Abu Zayd Dabbusiyning xizmatlarida edim. U kishining taomlarini pishirib tayyorlab qo’yar, lekin undan biror marta tanovul qilmas edim. Shu tariqa o’ttiz yil xizmat qildim", deganlar.

Shayx, buyuk imom, shamsul aimma Halvoniy rahmatullohi alayhi ma’lum bir sabablarga ko’ra, Buxorodan chiqib uning atrofidagi qishloqlardan birida bir necha kun turib qoldi. U kishining shayx, imom, shamsul aimma Bakr ibn Muhammad Zaranjariydan boshqa barcha shogirdlari ziyoratga kelishdi. Bir kuni Imom Halvoniy mazkur shogrdlarini uchratib qolib: "Nima uchun ziyoratimga kelmading? - deb so’radi. U: "Onamning xizmatlarida mashg’ul edim", - dedi. Imom Halvoniy: "Umring ziyoda bo’libdi lekin ilming ziyoda bo’lmas", dedilar.

Haqiqatda ham shunday bo’ldi. U kishi aksar vaqtini qishloqda o’tkazar natijada darslari muntazam bo’lmas edi. Xullas, kim ustozining dilini og’ritsa, ilmida baraka bo’lmas, faqat bir oz manfaat olishi mumkin xalos.

She’r:

Tabib ila muallim ko’rmasalar ehtirom,

Bemor ila tolibga qaramaslar batamom.

Xastalikka qil sabr gar topsang tabibini,

Jaholatga qarshi tur gar topsang ustozini.

Hikoya qilinishicha, xalifa Horun ar Rashid o’g’lini ilm va odob o’rgansin deb, Asmu’iyning huzuriga jo’natadi. U bir kuni Asmu’iyning tahorat qilayotib oyoqlarini yuvayotganini, xalifaning o’g’li esa suv quyib turganini ko’rib qoladi. Shunda Asmu’iyning bu qilmishiga e’tiroz bildirib:

"Men o’g’limni sizdan ilm va adab o’rgansin deb jo’natganman. Nima uchun bir qo’lida suv quyib boshqasida oyoqlaringizni yuvib qo’yishini buyurmaysiz", degan ekan.

Kitobga nisbatan qilingan ehtirom ilmga qilingan ehtiromdir. Shunday ekan tolibi ilm kitobni faqatgina tahorat bilan ushlashi kerak.

Shayx, shamsul aimma Halvoniy rahmatullohi alayhining:

"Men bu ilmga ta’zim sababli etishganman. Chunki men oddiy qog’ozni ham betahorat ushlamaganman" - deganlari hikoya qilingan.

Bir kuni kechasi shayx, imom, shamsul aimma Saraxsiy ilm takrori bilan mashg’ul ekan qorni og’rib qoladi. Shu kecha o’n etti marta tahorat qiladi. Chunki u tahoratsiz dars takror qilmas edi. Zero, ilm ham, tahorat ham nurdir. Demak u bilan ilmning nuri ziyoda bo’ladi.

Olimning oyoqlarini kitobga uzatmasligi (ilmga) hurmatning vojib ko’rinishlaridandir. Xuddi shuningdek, tafsir kitoblarini boshqa kitoblarning ustiga qo’yishi, kitobning ustiga esa boshqa narsalarni qo’ymasligi ham zarur.

Ustozimiz shayx, imom Burhoniddin rahmatullohi alayhi mashoyixlaridan hikoya qilib aytadi. Bir faqih siyohdonni kitobning ustiga qo’ydi. Shayxi unga fors tilida "Barnaya ey" ya’ni, "ziyon ko’rding, ilmingdan manfaat topmaysan" - dedi.

Ustozimiz buyuk imom Faxriddin Qozixon rahmatullohi alayhi:

"Agar bu qilmishi bilan istixfof (past sanash)ni iroda qilmagan bo’lsa zarari yo’q. Eng yaxshisi bu kabi ishlardan ehtiyot bo’lgan avlo", - degan.

Shuningdek, kitobning yozuvini guzal qilishi va xatini juda kichik qilib yubormasligi hamda zarurat bo’lmasa hoshiyalarni tark qilishi ham ilmga bo’lgan vojib ta’zim turkumidandir.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi yozuvlari juda kichik bir kitobni ko’rib:

"Bunchalar kichik yozma. Agar ko’p yashasang bu ishinga nadomat qilasan. Agar vafot etib ketsang yozuvingni o’qiganlar seni so’kadi", degan. Ya’ni, sen keksayib ko’zlaring nuri sustlashib qolganida bu qilmishinga pushaymon bo’lasan.

Shayx imom Majdiddin Saraxsiy:

"Nimani kichik yozgan va nimani muxtasar qilgan bo’lsak va kitobni boshqa sahihiga qiyoslamagan bo’lsak bunga nadomat qilganmiz", deganlar.

Kitob to’rtburchak shaklda kesilgan bo’lishi kerak. Abu Hanifa rahmatullohi alayhi ham shunday qilganlar. Chunki kitobni bunday shaklda ko’tarish, erga qo’yish va o’qish qulaydir.

Kitob yozishda qizil rangdan foydalanmagan ma’qul. Chunki bu falsafachilarning ishi bo’lib, salaf ulamolar bunday qilmaganlar. Ular qizil rang ishlatishni yomon ko’rganlar.

Ilm o’rganish va dars qilishdagi sheriklarni hamda ta’lim berayotgan kishini hurmat qilish ilmga bo’lgan ta’zim hisoblanadi. Sertakalluflik yomon odat. Lekin ilm yo’lida bo’lsa bundan mustasno. Ya’ni ustoz va sherikdan istifoda olish uchun ularga takalluf ko’rsatish joiz.

Tolibi ilm hikmat va ilmga hurmat bilan ta’zim bajo aylab quloq tutsin. Garchi bir masala yoki hikmatni ming marta eshitgan bo’lsa ham. Hatto, ming marta eshitgandan keyin ham xuddi birinchi marta eshitayotgandek ta’zimda turmas ekan bunday odam ahli ilm emas.

Tolibi ilm o’zicha ilmning qaysidir bir navini o’qishni tanlab olmasin. Balki bu tanlovni ustozga havola qilsin. Chunki bu borada ustozning tajribasi bor. Qolaversa, u kimga nima kerak va kimning tabiatiga nima mos kelishi borasida ham axborotga ega.

Shayx, buyuk imom, ustoz, burhonul haq vaddin rahmatullohi alayhi:

"Burungi tolibi ilmlar ta’lim borasida ustozlariga suyanar va natijada murodu maqsadlariga ham etar edilar. Hozir esa (ustozning fikrini so’ramasdan) o’zlaricha hal qiladilar. Natijada esa ilm va fiqhdan ko’zlagan maqsadlariga etolmay yuraveradilar", - deganlar.

Hikoya qilinishicha, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayhi Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhida “Namoz kitobi” dan boshlab dars o’qishni boshladi. Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhi unga: "Sen borib hadis ilmini o’rgan", - dedi. Buni undagi hadis ilmiga bo’lgan moyillikni ko’rgani uchun qildi. Shundan so’ng u hadis ilmini o’rganib hadis ilmi imomlarining peshvosiga aylandi.

Tolibi ilm dars paytida zarurat bo’lmasa ustozga juda yaqin o’tirmasligi kerak. Ustoz va shogrd o’rtasidagi masofa bir kamon miqdoricha bo’lishi kerak. Mana shu ta’zimga yaqinroqdir. Xuddi shuningdek, yomon axloqlardan ham saqlanishi lozim. Chunki yomon xulq ma’naviy it kabidir. Bejizga Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: "Farishtalar it yoki surat bor uyga kirmaydi", demaganlar. Chunki inson bilvosita farishta orqali ilm hosil qiladi.

Yomon axloqlar haqida "Kitobul axloq"da bir qancha ma’lumotlar bor. Biz bu kitobda ularni bayon qilib o’tirmaymiz. Xossatan tolibi ilmlar kibrdan saqlansinlarki, bu bilan ilm hosil qilib bo’lmaydi.

Ilm mutakabbir kimsaga (qarshi) dushman. Xuddi yomg’ir suvi baland joyga dushman (zid) bo’lgani kabi.

OMON QODIROV, tarjimas

Muallif: Админ
Sana: 20.03.2018
986