Maqolalar
396

Odob-axloq masalasi hayotimizda juda muhim va ahamiyatli masalalardan hisoblanadi. Shuning uchun u islomda oʼta muhim oʼrin tutadi. Chunki Аlloh taologa qurbat hosil qilishda odobning oʼrni katta. Аksincha, beodoblik barcha narsani, jumladan amalni ham, qalbni ham, tilni ham va jamiyatni ham buzadi.

Xalqimizda “Odob oltindan qimmat” degan naql bor. Haqiqatan ham shunday. Zero, oltin-boylikni qoʼlga kiritish oson. Lekin odobga erishish mushkil.

Saʼid ibn Os r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Paygʼambar s.a.v. shunday deganlar: “(Hech bir) ota-ona oʼz bolasiga goʼzal odobdan afzal ato bera olmaydi”.

Ota-ona farzandi uchun har narsaga hamisha tayyor turadi. Har bir ota-ona farzandining oʼzidan ham iqtidorli, salohiyatli va oliy martabali boʼlishini xohlaydi. Oʼzi yemagan taomlarni yediradi. Kiymagan kiyimini kiydiradi. Umuman olganda bor butini berishni istaydi.

Аmmo ushbu hadisda ota-ona farzandiga mazkur narsalarni emas, farzandiga odobdan koʼra afzalroq va odobdan koʼra qimmatroq hadya qila olmasligi taʼkidlanmoqda. Bundan odob farzand uchun dunyoning barcha mol-mulkidan afzalligi kelib chiqadi. Chunki ota-ona farzandiga dunyoning barcha mol-mulkini bersa-yu, unga odob bermagan boʼlsa, bu narsalar tatimaydi. Bu faqatgina ularga gʼam-tashvishdan boshqa narsa keltirmaydi.

Аlloh taolo Paygʼambarimiz Muhammad alayhis salomni butun insoniyatga taʼlim beruvchi, tarbiya beruvchi qilib yubordi. U zot hadislarining birida

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- :« إِنَّمَا بُعِثْتُ لأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الأَخْلاَقِ ».

“Men goʼzal xulqlarni mukammal qilish uchun yuborildim”, deganlar Yaʼni mening paygʼambar etib yuborilishimdan maqsad odob-axloqlarni batamom qilish, insonlarning ruhi-yu jismini tarbiyalash, poklash, deganidir.

Аlloh taolo ham U Paygʼambar alayhis salomni maqtab:

وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ

“Аlbatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).

Ushbu oyati karimaga eʼtibor qaratadigan boʼlsak, Аlloh taolo Paygʼambar alayhis salomni “Siz buyuk nasab sohibisiz yoki boysiz yoki juda sabrlisiz” vahokazo sifatlar bilan sifatlamadi. Balki “Аlbatta, Siz buyuk xulq sohibisiz, chiroyli xulq egasisiz” dedi. Mana shundan insonga odob-axloq naqadar muhim ekanligini bilsak boʼladi. Shuningdek, maqtash kerak boʼlsa insonni faqat odob axloqi va chiroyli tarbiyasi bilan maqtash mumkinligini olsak boʼladi.

Haqiqatdan Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga Аlloh taoloning oʼzi odobni taʼlim berdi. U zot sahobalarni goʼzal odob-axloqli qilib tarbiyaladilar. Ularga islomiy odoblarni oʼrgatdilar. Natijada ular mehribon, goʼzal xulqli va muloyim insonlarga aylandilar. Xulqi Qurʼon boʼlgan Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hulqlaridan namuna oldilar. Sahobai kiromlar ham islomni tarqatishda oʼz vazifalarini ado etdilar. Ular oʼz shogirdlari boʼlgan tobeinlarga ilmdan oldin odobni oʼrgatishga harakat qilar edilar. Sahobalardan keyin bu vazifa tobeinlarga oʼtdi. Ular ham oʼz shogirdlariga odob va ilmda ustoz boʼldilar. Shuning uchun ular barcha ishda namuna va oʼrnak hamda yoʼlchi yulduz boʼldilar.

Bugungi rivojlanib borayotgan bir davrda ham ota-onalar, ustoz va murabbiylar farzandlarimizni va yoshlarimizni odob-axloqiga, ularning tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim boʼladi. Zero, yurt kelajagi va xalqimizning ertangi kuni qanday boʼlishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday taʼlim va tarbiya olishiga bogʼliqdir.

Molik ibn Аnasdan rivoyat qilinadi. Onalari ularga bunday der ekanlar: «Robiʼaning oldiga bor. Uning ilmidan oldin odobini oʼrgan».

Ulugʼlarimiz mana shunday boʼlganlar. Ular odob-axloqni birinchi oʼringa qoʼyishgan va uni barcha narsadan afzal bilishgan.

Аlloh taolodan barchalarimizni odob-axloq masalasiga jiddiy eʼtibor qaratishimizni nasib etsin. Farzanlarimiz va yoshlarimizni goʼzal odobli qilib tarbiyalashimizga muvaffaq qilsin.

Аbbos Qosimov

Xoja Buxoriy oʼrta maxsus

islom bilim yurti oʼqituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 25.02.2020
12
394

Dinimizda hamjihatlik, bagʼrikenglik, oʼzaro hurmat va oilaviy totuvlikka katta eʼtibor berilgan. Аhillik avvalo bir-birini tushunishdan boshlanadi. Parokandalik esa oʼzini ustun qoʼyish, boshqalarni mensimaslik oqibatida kelib chiqadi. Zero, dono xalqimiz “Birlashgan oʼzar, birlashmagan toʼzar”, “Boʼlinganni boʼri yer” deb bejiz aytmagan!

Chindan ham, bizning zaminda istiqomat qiladigan odamlarning tarqoq boʼlib yashashga imkoni yoʼq, tabiatning oʼzi, hayotning oʼzi ularni shu ruhda tarbiyalagan. Turmush va tafakkur tarzimizning ajralmas qismiga aylanib ketgan mana shunday azaliy tushunchalar mintaqamizda yashab oʼtgan ulugʼ allomalar, mutafakkir zotlarning qoldirgan bebaho merosida ham oʼzining yorqin ifodasini topgan. Misol uchun, Аlisher Navoiy bobomiz boʼladimi, Rudakiy, Аbay, Maxtumquli yoki Toʼqtagʼul kabi ulugʼ zotlar boʼladimi, ularning barchasi oʼz ijodi bilan nafaqat ikki daryo oraligʼidagi xalqlarni, balki butun bashariyat farzandlarini doimo mehr-oqibatli, doʼst-birodar boʼlib yashashga daʼvat etgani bejiz emas, albatta.

Ming afsuski, mana shunday tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan chet eldagi baʼzi siyosatchi va arboblar nafaqat siyosat yoki iqtisodiyot, balki maʼnaviyat bobida ham bizga aql oʼrgatishga, azaliy hayot tarzimiz, ruhiy dunyomizga yot boʼlgan qarashlarni majburan joriy etishga urinmoqda. Bunday kuchlarning gʼarazli munosabati avvalo boy va qadimiy maʼnaviyatimizga qarshi qaratilgani, ular xalqimizni ana shu bebaho boylikdan judo qilish uchun har xil usul va vositalar bilan zoʼr berib urinayotgani barchamizni tashvishlantirmasdan qolmaydi, albatta.

Mamlakatni taraqqiy ettirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish va jamiyatimiz sohalarini har tomonlama rivojlantirishda nodavlat, notijorat tashkilotlari va jamiyatdagi boshqa institutlarining hamkorlikda ish olib borishi muhim ahamiyat kasb etadi. Аgar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi boʼlsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qoʼshilmoqchi boʼlsak, Islom taʼlimotlari asosida birdamlikka eʼtibor qaratishimiz lozim.

Аbu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim jamoatdan bir qarich ajrasa, u islom bogʼichini boʼynidan yechgan boʼladi”. Imom Аhmad va Аbu Dovud rivoyati.

Barchamiz yosh avlod taʼlim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda oʼzaro hamjihatlik ruhida saʼiy-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan oʼzgartirsak, koʼzlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Takror aytishga toʼgʼri keladi - ota-onalar, ustoz-murabbiylar bu masalada hushyorlikni yoʼqotmasligimiz, yoshlar tarbiyasida aslo beparvo boʼlmasligimiz va bu borada bir yoqadan bosh chiqarib birdamlikda harakat qilishimz zarur.

Xulosa qilib aytganda, bugungi shiddatli davrda biz chinakam milliy qadriyatlarmizni tiklash, erkin va ozod jamiyat qurish, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida oʼziga munosib oʼrinini egallashdek ezgu maqsadlar yoʼlida fidoiylik va birdamlik bilan kurash olib borishimiz taraqqiyotimiz garovidir.

Qodirov Omon,

“Xoja Buxoriy” oʼrta maxsus

islom bilim yurti oʼqituvchisi

Muallif: Админ
Sana: 19.02.2020
31
392

Hozirgi globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik masalasi rivojlangan va rivojlanib borayotgan mamlakatlarning tinchligi va taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri bo‘lib xizmat qiluvchidir. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qadim-qadimdan Yurtimizda turli madaniyat, til, urf-odatlar, o‘z turmush tarziga ega bo‘lgan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan turli xalqlar, millatlar yashab kelayotgan zamindir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar qaysi dinga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar birgalikda, tinch va osoyishta sharoitda, Yurtimiz ravnaqi uchun faoliyat yuritib, butun jahonga namuna bo‘layotganligi insonni zavqlantiradi. Alloh taolo buni bardavom qilsin. Respublikamizning bosh qomusida yurtimizda yashayotgan barcha millat vakillari millati, tili, e’tiqodi, ijtimoiy holatidan qat’iy nazar O‘zbekiston xalqini tashkil qilishi va ularning huquq va manfaatlari, shuningdek e’tiqod erkinligi ta’minlanganligi qayd etilgan. Jumladan; O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar” deb qayd qilingan. Bu xususida Yurtimizda vijdon erkinligiga doir qonun asoslari yanada takomillashtirilgan, bugungi kunda Vatanimizda turli din vakillarining hech qanday to‘siqlarsiz o‘z dinlariga e’tiqod qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik tarixiy ildiz va mustahkam qonuniy asoslarga ega bo‘lib, dunyoviy davlat va dinlar orasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Buni jahon tan olmoqda va e’tirof etmoqda.
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida mehnat qilib kelishmoqda. Ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishlari, qiziqish va layoqatlari bo‘yicha kasb-hunar egallashlari, madaniyatlari, an’ana hamda qadriyatlarini saqlash, rivojlantirishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bunday e’tibor natijasida ko‘p millatli xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi qayta tiklandi, qadr topdi.
Insoniyat tarixida kishilar orasidagi teng huquqlikning buzilishiga, o‘zaro ziddiyatlarga, kuchli to‘qnashuvlarga va shunga oid insonni ranjitadigan holatlarga sabab bo‘lgan omillardan biri bu turli din vakillarining boshqa dinga e’tiqod va amal qiluvchilarga diniy ayirmachilik asosida qarashi, o‘z diniga bo‘lgan tarafkashlik tuyg‘usi, mutaassibligi, o‘zga dindagi kishilarga boshqacha nazar bilan qarashlari oqibatida bugun dunyoda turli xil inson dilini ranjituvchi voqealar, hodisalar bo‘lmoqda. Aynan manashu hodisalar va razolatlarni oldini olish uchun ham diniy bag‘rikenglik dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Bugungi kunimizda sodir bo‘layotgan turli tafovutlardan qat’iy nazar turli din vakillari, teng huquqli ekanlinlari shiori oldinga surilmoqda.
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, islom dini – birinchilardan bo‘lib turli dinlarga e’tiqod qiluvchilarni bir jamiyatda diniy bag‘rikenglik, dinlararo o‘zaro hamkorlik tamoyillari asosida, tinch-totuv va emin-erkin, teng huquqli tarzda hayot kechirishlari mumkinligi g‘oyasini ilgari surdi va uni hayotga tadbiq etib, insonlarni unga targ‘ib etdi.
Muqaddas dinimizning mo‘’tabar manbasi bo‘lgan Qur’oni Karimda barcha samoviy dinlar bir o‘zakdan ekanini e’lon qilgan. Jumladan: Ya’ni: “Sizlar uchun dindan Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani shariat qilib: “Dinni barpo qilingiz va unda tafriqaga tushmanglar!”, – dedik. Mazkur oyati karimaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Nuh, Ibrohim, Muso va Iso a.s.larga din yuborgani kabi Payg‘ambarlar sayyidi, ko‘zimizni nuri, qalbimizni sururi bo‘lgan zot Muhammad s.a.v.ga ham haq din yuborgan barcha payg‘ambarlar Alloh taoloning elchilari, tanlab olgan bandalari ekanligiga ishora bo‘lmoqda. Mufassir olimlar Alloh taolo tomonidan yuborilgan payg‘ambarlarga bir xil farmon qilganligini aytib o‘tganlar. U farmon: “Dinni barpo qilinglar, unda tafriqaga tushmanglar”,-degan buyruqdan iborat bo‘lgan.
Mana shu ma’nodagi oyatlar dunyo dinlari tarixini mukamal o‘rganish, o‘zaro hamkorlik qilish, bag‘rikenglik tamoyillariga asoslanib faoliyat olib borishga zamin yaratdi. Musulmonlarda boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik va g‘araz, adovat, nafrat emas, hurmat va bag‘rikenglik, o‘zaro hamkorlik, inoqlik va boshqa ezgu amallar qaror topdi.
Mantiqan olib qaraganda, turli din vakillarining bir jamiyat, bir hudud, bir muassasa, hatto bir oila a’zolari bo‘lib jamlanishlari tabiiy holdir. Agar ilohiy ko‘rsatmalarni inobatga olmasdan hamda dinning mohiyatini to‘g‘ri tushunmasdan bu borada turli tafriqachilikka yo‘l qo‘yilsa, jamiyat fuqarolari orasida, shuningdek, bir oilada yashayotgan qondosh-qarindoshlar o‘rtasida ham parokandalik yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.
Xulosa qilib aytganda, jamiyat taraqqiyotining istiqboli, insonlarning baxt-saodati, farovon hayot kechirishi millatlararo va dinlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bilan uzviy bog‘liqdir.
Davlatimiz rahbari e’tirof etganlaridek “O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamkorlikdir”.


Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Muallif: Админ
Sana: 17.02.2020
27
391

Rivojlanishning qaysi bosqichida bo’lishidan qat’iy nazar, qanday jamiyatda, u eng rivojlangan, farovon iqtisodiy rivojlangan mamlakatbo’ladimi, yoki rivojlanayotgan jamiyatmi,insoniyat jamiyati doimo murakkablashib va takomillashib borgan. Vaqt o’tishi bilan yanada mustahkamroq huquqiy, ahloqiy me’yorlar vujudga kelib, insonlar xulq-atvoriga bo’lgan munosabatda u yoki bu jamiyatda qabul qilingan ahloq va hulqli me’yordan og’ish holatlari shakllanishiga qarshi me’yorlash yuzaga keldi.

Ijtimoiy me’yorlar ikki katta guruhga bo’linadi:

1.Universal me’yorlar, jamiyatdan har bir insonga taalluqli me’yorlar.

2.Xususiy me’yorlar, insonlarni alohida belgilangan kasbiy faoliyatlari sohalari yoki insonlar hayotiy faoliyatlari (masalan, shifokor, pedagog, aka, do’st va boshqa) ga taalluqli me’yorlar.

Ijtimoiy me’yorlarga rioya qilish insonning ehtiyoji va odatlariga aylanishi zarur. Agar bola ijtimoiy me’yorlarni va jamiyat qadriyatlarini o’zlashtirmagan bo’lsa, uni xulqiy og’ishgan bola deb ataydilar.

Xulqi og’ishgan bolalar muammosi sotsiologiya, psixologiya va pedagogikaga oid adabiyotlarda asosan ishlab chiqilgan.[1]

O’quvchi o’smirlarning maktabdagi tartib qoidalarni tushunib yetmaslik yoki o’zlarining xulq atvorini boshqara olmaslik, agressivlik ya’ni jismoniy kuch ishlatish, qo’rqitish, serzardalik. Bu ikki faktor asosida vujudga keladi. Birinchidan temperament xususiyati, ikkinchidan o’qituvchi va tengdoshlari bilan noto’g’ri munosabatda bo’lish.

Tarbiya xususida taniqli o’zbek pedagogi Abdulla Avloniy shunday deydi: «Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo falokat, yo saodat – yo falokat masalasidur»[2]. degan gaplari qariyb bir asrki o’zining zalvorini yo’qotgani yo’q, fikrimizcha yo’qotmaydi ham. Ushbu fikrlardan anglaniladiki, shaxs tarbiyasi xussiy ish emas, balki ijtimoiy, milliy ishdir. Zero, har bir xalqning taraqqiy etishi, davlatlarning qudratli bo’lishi avlodlar tarbiyasiga ko’p jihatdan bog’liq. Chunki, o’smirlik yoshiga kelib shaxs shakllanayotgan bir davrda xulqdagi og’ishlarning asosiy sabablaridan biri bu tarbiyadagi xatolar va noto’g’ri tarbiya bo’lib qolmoqda. Albatta, xulq og’ishiga yana bir qator sabablar ham yo’q emas, shunday bo’lsada oilaviy yoki pedagogik tarbiyada jiddiy e’tibor berish kerak bo’lgan, xulq og’ishlikni oldini olish va bartaraf etishning asosi bo’lgan muhim jihatlar bor.

Tarbiyasi qiyin o’smirlar shakllanishining yana bir asosiy omili bu o’smirlarning shaxsiy psixologik xususiyatlaridan biri bu ularning temperamentidir E.G’oziev o’quvchi temperamentining o’ziga xos xususiyatlarining o’zgaruvchanligini biologik, jismoniy hamda psixologik jixatdan, ob’ektiv va sub’ektiv tomonlariga e’tibor qaratishni o’zining e’tirof qilgan[3].masalan:

Xolerik temperamentdagi o’smirlar chaqqon, xarakatchan, qo’zg’aluvchan bo’ladilar. Ularda barcha jarayonlar tez sodir bo’ladi. Bu tipdagi o’smirlar hissiyotlari kuchli, yorqin ifodalanib tez paydo bo’ladi, ba’zan kayfiyati keskin o’zgaradi.

Xolerik tipdagi o’smirlardan doimo muloyimlik bilan, ammo qat’iyatli, shoshilmay, o’ylab javob qaytarishlarini talab qilish, ular xatti-xarakatlarida o’rtoqlari va kattalar bilan bo’lgan munosabatlarida o’zini tutishlikni tarbiyalab borish lozim. Bunday o’smirlardan mexnat faoliyatida izchillikni va ishda tartibli bo’lishni tarbiyalash xamma topshiriqlarni ish mobaynida yaxshi bajarishlarini talab qilish lozim.

Sangvinik temperamentdagi o’smirlarda his-tuyg’ular tashqi ko’rinishda yorqin ifodalangan bo’ladi. Ularni boshqa ishlarga berilib ketmasligi uchun doimo nazorat qilish va kuchi yetadigan ish bilan band qilish kerak.

Flegmatik temperamentdagi o’smir og’ir, vazmin, xarakatlari salmoqli bo’ladi. Shuning uchun ulardagi sovuqqonlik, beparvolik, bo’shanglik, faoliyatsizlikning nomoyon bo’lishga yo’l qo’ymaslik zarur.

Melanxolik temperamentdagi o’smirlarda psixik jarayonlarning sust o’tishi qayd qilinadi. Ular kuchli qo’zg’ovchilarga qiyinchilik bilan javob qaytaradilar, diqqatlarini bir narsaga uzoq vaqt va kuchli jalb eta olmaydilar.

Shuning uchun bunday o’smirlarda odamga el bo’lishlikni o’stirish, jamoada do’stlik va o’rtoqlik hislarini tarbiyalash zarur, chunki ular osonlikcha yakkalanib, o’z kechinmalariga berilib ketishi yoki jamoadan chetga chiqib, salbiy ta’sirlarga tushib qolishi mumkin.

Tarbiyada mukammal formula yo’qki, jamiyatda hamma bola bir hil darajada tarbiyalansa. Har bir bola o’ziga xos ijtimoiy muhitda o’sadi, tabiiyki unga ijobiy hamda salbiy ta’sirlar turlicha bo’ladi. Shuning uchun o’smir yoshdagi o’quvchilar bilan ishlaganda, ularni ko’proq bilim olishga, ilm o’rganishga undashimiz lozim. Abdulla Avloniy bilim insonni jaholatdan qutqarishning eng samarali vositasi ekanligiga ham urg’u beradi: «Ilm bizni jaholat qorong’usidan qutqarur, madaniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzuq ishlardan qaytarur, yaxshi xulq, odob sohibi qilur. Bugun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, g’ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga bog’liqdur»[4].

Bolani voyaga yetgunicha oq choyshabga o’rab katta qilishning iloji yo’q va doim ham bolaga yetarlicha e’tibor qila olmaymiz. Qaysidir vaziyatda kimningdir e’tiborsizligi, kimningdir aybi bilan bola “yomon bola”ga aylanib qoladi. Psixologik jihatdan uni “xulqi og’ishgan” deviant xulq atvorli bola deb atash mumkin. Shunday bolalar haqida eshitsak, ko’zimiz tushganda “guruch kurmaksiz bo’lmaydi-da” deb qo’yamiz. Lekin bola qanchalik yomon bo’lmasin uni kurmakka chiqarish noto’g’ri. Bizning fikrimizcha har qanday bola bu nihol. Lekin ayrim nihollar shamol ta’sirida yo boshqa biror tabiiy ta’sir natijasida qiyshayishi, sinishi mumkin. Juda ham yomon hollarda esa tanasiga zararkunanda o’simlik va hashoratlar yopishib olishi yoki kasallanishi kuzatiladi. Lekin, oqil tajribali dehqon bunday vaziyada qiyshaygan daraxtga tirgak qo’yadi, zararkunandalar va kasalliklardan tozalash uchun niholni dorilaydi, singan shoxlarga shakl berib kesadi. Hozirgi zamon ota-onalari, tarbiyachi va pedagoglari shunday “oqil dehqon” bo’lishlari kerak

O’tkazilgan psixologik tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha bugungi kun yosh avlodini har tomonlama rivojlangan komil inson qilib tarbiyalashda psixologik bilimlarning o’rni oshganda oshib boradi. Har bir o’smirga aloxida individual ravishda yondashib, ulardagi muammolarni korreksiya qilish ayni vaqtda dolzarb maslalardan hisoblanadi. Hozirgi paytda internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlardan kelayotgan buzg’unchi g’oyalardan yoshlar ongini himoya qilish kechiktirib bo’lmaydigan vazifalardan biri hisoblanadi, shuning uchun ham oila-mahalla-ta’lim muassasasi hamkorligida ish olib borishni taqozo qiladi. Ana shundagina biz o’z oldimizga qo’ygan yuksak maqsadlarimizni amalga oshirishimiz mumkin.

Fayzullayev Furkat Gadoyev- Kashkadaryo viloyati Kitob tuman 92-son umum ta’lim maktabi amaliyotchi psixolog


Foydalanilgan manbaalar:

1.Bolalar va yoshlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash – farovon va taraqqiy etib boruvchi jamiyat asosi – RBIMM Xalqaro forumining materiallari. Toshkent, 2013. – 130-131, 185-186b.

2.Avloniy, Abdulla. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent, O’qituvchi, 1992. –B.45.

3.E.G’. G’oziev Boshlang’ich sinf o’quvchilari psixologiyasi. Buxoro. 2001.B.24.

4.Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent, O’qituvchi, 1992. – B.22-23.

Muallif: Админ
Sana: 11.02.2020
36
390

Kishilik jamiyatida o‘zlarining o‘chmas izini qoldirgan ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish va hayotimizga tatbiq qilish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yurtimizda va xorijiy davlatlarda Movarounnahr diyorlaridan yetishib chiqqan olimlarning tarjimai hollari va ularning ilmiy asarlarini o‘rganishga doir ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. Lekin hali o‘rganilmagan qanchadan-qancha qo‘lyozma asarlar, bizga hatto nomlari ham ma’lum bo‘lmagan qator olimlar bor. Biz ushbu maqolada Movarounnahr diyorida yashab ijod qilgan yetuk olim Imom Bag‘aviy haqida atroflicha ma’lumot berishni maqsad qildik.
Abu Muhammad Husayin ibn Mas’ud ibn Muhammad ibn Firo al-Bag‘aviy “dinning tayanchi” va “sunnatni tiriltiruvchi” unvoni hamda “mo‘ynado‘z yoki mo‘ynachining o‘g‘li” kabi laqablarga ega bo‘lib, hijriy 433 yilda Xurosonning “Bag‘” shahrida tavallud topgan. Ibn Xallikonning aytishicha, u kishi mo‘yna tijorati bilan shug‘ullangani uchun ham “mo‘ynado‘z yoki mo‘ynachining o‘g‘li” laqabini olgan.
Imom Bag‘aviy yigirma yetti yoshga to‘lganda kindik qoni to‘kilgan ona shaharini tashlab “Marvro‘z” shahriga ko‘chib o‘tadi va u yerni ikkinchi vatan tutib, mahalliy shayxlardan ilm olishni boshlaydi. Ushbu shaharda hech joyga chiqmasdan vafot etguniga qadar yashaydi.
Imom Bag‘aviy yoshligidan zuhd va taqvo asosida hayot kechiradi. U quruq non yeb yurar edi. Odamlar u kishi haqida “falonchi juda zohid kishi...” deb aytaverganidan quruq nonga yog‘ qo‘shib yeydigan bo‘ladi.
U kishi haqida Imom Zahabiy: “u faqat tahoratli holda dars aytar, egniga oddiy ko‘ylak kiyib, boshiga kichik salla o‘rab yurar edi” – deydi.
Imom Bag‘aviy ilm-ma’rifatning tafsir, qiro’at, hadis va fiqh kabi turli navlari bo‘yicha bir qancha sohalarni puxta o‘zlashtirdi va bu borada ko‘pgina asarlar yozib qoldirdi. Imom Bag‘aviy ilm-ma’rifatda qanchalar yetuk bo‘lsa, masalani tahqiq va tadqiq qilishda ham shu darajada yetuk edi.
Imom Zahabiy u kishi haqida: “uning yozgan asarlariga baraka berilgan bo‘lib, xolis niyati va ezgu maqsadi tufayli odamlar tomonidan sevib qabul qilinar va ulamolar uning asarlarini tahsil qilishda bir-birlari bilan musobaqa qilar edilar” – deydi.
Tojiddin Subkiy o‘zining “tabaqot shofi’yyatul kubro” nomli kitobida Imom Bag‘aviy haqida shunday deydi. “U taqvodor zohid, faqih, muhaddis, mufassir, o‘zida ilm va amalni jamlagan, salafi solihlar yo‘liga ergashgan, buyuk imom edi”.
Imom Bag‘aviy erishgan ilmiy maqomga qaralsa, uning shayxlari va egallagan ilmlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiydir. Imom Bag‘aviyga bir qancha shayxlar jumladan, Abu Bakr Ahmad ibn Abu Nasr Kufoniy, Abu Solih Ahmad ibn Abdulmalik ibn Ali ibn Ahmad Naysaburiy, Abu Ali Husayin ibn Muhammad ibn Ahmad Marvaziy, Abul Hasan Abdurrohman ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muzaffar va boshqalar ustozlik qilgan.
Imom Bag‘aviyning shogirdlari nihoyatda ko‘p. Ukasi Hasan ibn Mas’ud Bag‘aviy, Abdurrohman ibn Ali ibn Abu Abbos Naimiy, “Tafsirul kabir” kitobi muallifi Umar ibn Hasan ibn Husayin Roziy (Imom Roziyning otasi), Muhammad ibn As’ad ibn Muhammad ibn Husayin ibn Qosim va boshqalar shular jumlasidandir.
Imom Bag‘aviy ilmning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bir qancha asarlar yozib qoldirgan. Uning yozgan asarlari ulamolar tomonidan qabul qilingan. Ba’zi ulamolar uning asarlariga sharh yozgan bo‘lsa, yana boshqalari muxtasar qilgan. Xullas, u mingdan ortiq asar ta’lif qilgan bo‘lib, quyida ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz.
1- Arbauna hadisan.
2- Al-anvor fi shamoili Nabiy muxtor (s.a.v).
3- Tarjimatul ahkom fil furu’.
4- At-tahzib fil fiqh.
5- Al-jam’u bayn sahihayin.
6- Sharhul jome’ li Termiziy.
7- Sharhus sunna.
8- Fatavo Bag‘aviy.
9- Al-kifoya fil furu’.
Imom Bag‘aviyning vafot etgan yili haqida ikki xil ma’lumot bor. Birinchi ma’lumotga ko‘ra, u hijriy 510 yil, ikkinchi ma’lumotga ko‘ra, 516 yilda “Marvro‘z” shahrida vafot etgan va Toliqon qabristonida, shayxi Qozi Husayin qabri yonida dafn etilgan. Hofiz Munziriy, Yoqut Hamaviy va boshqalar Imom Bag‘aviyning 516 yilda vafot etganini ta’kidlaganlar.


Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi Qodirov Omon.

Muallif: Админ
Sana: 11.02.2020
49