Kutubxona
58

Burhonul islom Zarnujiy hijriy VI asr ulamolaridan bir bo‘lib, asosan tarbiyaviy masalalar bilan shug‘ullangan va bu borada bir qancha kitoblar ta’lif qilgan. U kishi “Burhoniddin” yoki “Burhonul islom” laqabi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan. Tarojim (tarjimai hol) kitoblarida u kishining haqiqiy ismlari borasida hech qanday ma’lumot keltirilmagan. Yirik tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra u kishi Turk diyorlariga qarashli Turkistondagi “O‘zjand” vohasi ortida joylashgan “Zarnuj” qishlog‘ida tavallud topgan. Ammo imomning tavallud topgan sanasi ma’lum emas. Hatto, tarojim kitoblarida ham, u kishining hayoti haqida xabar beruvchi zaruriy ma’lumotlar uchramaydi. Shunday bo‘lsa ham, allomaga uning bizgacha yetib kelgan yagona “Ta’lim ul-mutaallim toriq ut-ta’allum” kitobi katta shuhrat keltirgan.
Kamina allomaning ushbu asarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan edim. Ushbu ishni “xojabuxoriy.uz” sayti orqali muhtaram o‘quvchilarimiz hukmiga havola etib borish niyatidamiz. Alloh taolo bu xayrli ishni nihoyasiga yetishini muyassar qilsin. Omin!

Muqaddima
Odam bolalarini butun olamga ilm va amal bilan afzal qilib qo‘ygan Allohga hamd bo‘lsin.
Arab va ajamning sayyidi Muhammadga va u kishining ahli baytiga hamda hikmat va ilm buloqlari bo‘lmish sahobalariga salot va salomlar bo‘lsin.
Ammo ba’d:
Men zamonamizdagi ilmga harakat qilayotgan lekin unga yetisha olmayotgan va ilmning manfaatlari (unga amal qilish va tarqatish) va samaralaridan bebahra qolayotgan ko‘pgina tolibi ilmlarni ko‘rgach, ular bu yo‘lda xato qilayotganlari va ilm olish shartlarini tark qilayotganlarini anglab yetdim. Haqiqatdan ham, kim noto‘g‘ri yo‘ldan yursa albatta adashadi. Oz bo‘lsa ham, ko‘p bo‘lsa ham, maqsadiga erisha olmaydi.
Xullas, men ana shunday tolibi ilmlarga, kitoblarda ko‘rgan, ilm va hikmat darg‘alari bo‘lgan ustozlarimdan eshitgan ta’lim yo‘lini bayon qilib berishni maqsad qildim. Bu ishni Alloh taologa istixora qilganimdan so‘ng, ilmga rag‘batli muxlis kishilarning haqimizga duo qilishlari hamda jazo kunida yutuq va najotga erishish uchun qilmoqdaman.
Mazkur kitobni “Ta’limul mataallim toriqut ta’allum – ta’lim va talaba yoxud ta’lim yo‘llari” deb nomladim va uni bir necha faslga bo‘ldim.
1. Ilmning mohiyati, fiqh va uning fazli haqida.
2. Ilm olishdagi niyat haqida.
3. Ilm olishda qat’iyatli bo‘lish va ustoz bilan sherikni tanlash haqida.
4. Ilmni va uning ahlini ulug‘lash haqida.
5. Harakat davomiylik va himmat haqida.
6. Saboqni boshlash, uning miqdori va tartibi haqida.
7. Tavakkul haqida.
8. Tahsil onlari haqida.
9. Shafqat va nasihat haqida.
10. Ilmdan istifoda qilish va odob o‘rganish haqida.
11. Tahsil paytidagi parhezkorlik haqida.
12. Yodlashni kuchaytiradigan va unutishni keltirib chiqaradigan narsalar haqida.
13. Rizqni jalb qiladigan va uni man qiladigan hamda umrni ziyoda qiladigan va qisqartiradigan narsalar haqida.
Tavfiq Allohdan Unga tavakkul qildim va Unga qaytaman.

Omon QODIROV, tarjimasi

Muallif: Админ
Sana: 04.03.2018
611

Eng ko'p o'qilgan Kutubxona