XOJA BUXORIY O'RTA MAXSUS BILIM YURTI

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurtiga 1992 yil asos solindi. Bilim yurtiga Said Ahmad Vali Kulohdo‘z Xoja Buxoriyning nomi berilgan. U zot Bahouddin Naqshbandning zamondoshi va yaqin qarindoshi bo‘lib, Kitob shahrida yashab ijod etgan ulug‘ allomalardandir.
Bilim yurti binosi ikki qavatli bo‘lib, 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Bundan tashqari, ikki qavatli yotoqxona ham talabalar xizmatida.
Yoshlarning islom dinini chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan talabini qondirishda mazkur bilim yurti alohida o‘rin tutadi. Talabalar har tomonlama bilim olishlari, zamon talabiga javob bera oladigan, o‘z kasbiy yo‘nalishlarini puxta egallagan mutaxassis bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yetarli.
Talabalarga informatika, fizika, matematika, biologiya, ona tili kabi umumta’lim fanlari hamda tajvid, tafsir, hadis, fiqh, muxovara (so‘zlashish), nahv kabi mutaxassislik fanlari bo‘yicha oliy ma’lumotli yetuk mutaxassis saboq beradi. O‘quvchilar arab tilida so‘zlashuv uslubi, ingliz tili fanlari uchun alohida jihozlangan zamonaviy fan kabinetlarida bilimlarini mustahkamlaydilar.
Talabalarning kundalik yangiliklardan xabardor bo‘lib borishlari uchun axborot-resurs markazi va o‘quv zali mavjud. Markazda jami o‘n mingdan ortiq kitob va o‘quv qo‘llanmalar bor.
Bilim yurti jamoasi mustaqil O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladigan, ma’nan yetuk, sof islom ilmlarini mukammal o‘zlashtirgan, Vataniga sodiq, xalqiga mehr-muruvvatli imom-xatib, boshlang‘ich arab tili murabbiyi, mahalla raisining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi kabi mutaxassislarni tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Pedagog xodimlar uchun bilim yurtida uslubiyat xonasi mavjud bo‘lib, unda uslubiy sho‘’balar tashkil etilgan. Mudarris va o‘qituvchilar darslar yanada samarali bo‘lishi uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ko‘rgazmali qurollardan unumli foydalanib kelishmoqda. Bilim yurtida Qur’oni karim va tajvid, informatika, xattotlik va arab tili fanlaridan to‘garaklar tashkil etilgan.
Madrasa bitiruvchilari respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarida bilimlarini yanada mustahkamlash bilan birga, joylarda imom-xatib, imom noibi va mutavalli vazifalarida xizmat qilib, xalqimizga Islom dini ta’limotlarini o‘rgatishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shishmoqda.
Bilim yurtimiz talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Qorilar musobaqasi”, “Yagona olimpiada” ko‘rik-tanlovlari, “Biz yoshlar – yot g‘oyalarga qarshimiz” shuningdek, “Barkamol avlod” sport musobaqalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar.
Bundan tashqari, bilim yurtida ma’naviyat targ‘ibot markazi va “Talabalar ilmiy jamiyati” faoliyat olib boradi. Haftaning har dushanba kuni “Ma’naviyat soati” o‘tkazilib, bugungi kundagi eng dolzarb mavzular muhokama qilinadi. O‘qituvchi va talabalar yurtimizning davriy nashrlarida bugungi kunning dolzarb mavzulari – ekstremizm, missionerlikning salbiy oqibatlari haqida, yoshlar tarbiyasi, Vatanga sadoqat, fidoyilik kabi mavzularda ketma-ket chiqishlar qilishmoqda.

Bilim yurti faoliyatidan fotolavhalar
Bilim yurti ustoz-murabbiylari
Bilim yurti bilan bog'lanish
(375) 5427225 (qabulxona)
(375) 5427425 (fax)
x.buxoriy@rambler.ru
Qashqadaryo viloyati, Kitob shahri Zargarlik ko'chasi 4 - uy
Pochta indeksi 1000000
Xabar yuborish